11:28 / 20.11.2021
2078

Samarqandda viloyat SEO va JS boshqarmasi shifokori soxta PZR-test sotayotganda ushlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda soxta PZR-test ma'lumotnomasi sotish bilan shug‘ullangan shifokor qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati hodisa bo‘yicha munosabat bildirdi.

Foto: RIA Novosti

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 11 noyabr kuni DXX Samarqand viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda viloyat SEO va JSB boshqarmasi shifokori Sh.B. pul evaziga 6 nafar fuqarodan SOVID-19 kasalligi aniqlanmagani haqidagi soxta ma'lumotnomalarni tayyorlab berish evaziga 840 ming pullarni pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Holat bo‘yicha viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mas'ul xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish davomida aniqlanishicha, shifokor Sh.B. o‘sha kuni boshqarmada emas, balki ishdan tashqari holatda bo‘lgan. Moddiy ehtiyoji tufayli o‘zining shaxsiy qo‘l telefonida soxta PZR-test ma'lumotnomasini tayyorlab sotgan. 

Qayd etilishicha, hozirgi kunda yuqoridagi holat yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top