20:50 / 20.11.2021
73519
Vazirga arznomalar: Sobiq inspektorlar dalillari borligini aytmoqda

Kun.uz ichki ishlar vaziriga ochiq murojaat bilan chiqqan farg‘onalik sobiq “uchastkavoy” bilan suhbatlashdi. Shunga o‘xshash murojaat yo‘llashi ortidan qamoqqa olingan namanganlik sobiq inspektorning advokati ham voqeaga izoh berdi.

So‘nggi kunlarda ketma-ket ikki nafar sobiq profilaktika inspektori internet orqali ichki ishlar vaziriga videomurojaat yo‘lladi.

Jumladan, Namangan shahridagi 2-sonli IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori, katta leytenant Sardorbek Otaboyev videomurojaatida o‘zi ishlayotgan idorada sodir bo‘layotgan adolatsizliklar, tizimdagi korrupsiya haqida arz qilgandi.

Ayni paytda Sardorbek Otaboyev firibgarlik jinoyati sodir etganlikda gumonlanib, prokuratura tomonidan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Otaboyevning advokati: “Mijozim aybi yo‘qligini, videomurojaatdagi gaplariga isboti borligini aytdi”

Sardorbek Otaboyevning advokati Ahmadjon Normirzayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda mijoziga nisbatan ochilgan jinoyat ishi haqida quyidagilarni ma'lum qildi.

 “Himoyamdagi fuqaro Jinoyat kodeksining 168-, 209-moddalari bilan ayblanib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Viloyat sudiga shikoyat bilan murojaat qilib, ehtiyot chorasini almashtirmoqchi bo‘ldik, afsuski, o‘z kuchida qoldi.

Uning aybi tergovda tasdig‘ini topsa, so‘ng sudga oshiriladi va oxirgi nuqtani sud qo‘yadi. Aybsizlik prizumsiyasiga asosan, Otaboyev hali jinoyatchi emas. Ish hozir Namangan shahar prokuraturasida ko‘rilyapti.

Sardorbek Otaboyev militsiya xodimi bo‘la turib, YouTube orqali ichki ishlar vazirligiga murojaat qilgan. Men uning aynan shu gumon qilinayotgan 168- va 209-modda bo‘yicha himoyachisiman. Murojaat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi ish olib boradi. Men advokatman va bu sohaga ichiga kirib aralashishim mumkin emas, deb hisoblayman. Biroq Otaboyevning videomurojaat qilganidan so‘ng qamalishi qiziq holat. Chunki u murojaat qilgan kunning ertasigayoq qamoqqa olindi”, – deydi Ahmadjon Normirzayev.

Advokatga ko‘ra, Sardorbek Otaboyev o‘zining aybi yo‘qligini va buni isbotlovchi barcha dalil, fakt va guvohlar borligini aytgan. Advokat himoyasidagi shaxs bilan Namangan shahar IIBning vaqtincha saqlab turish hibsxonasida ko‘rishgani, u sharoit va sog‘ligidan shikoyat qilmaganini aytdi.

Nishonov: “Noqonuniy buyruqlar, rahbarning adovati ishdan bo‘shash va videomurojaat yo‘llashga majbur qildi”

Sobiq profilaktika inspektori Nozimjon Nishonov esa Quva tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosarining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan Po‘lat Bobojonovga shikoyat qilgandi.

Facebook'da tarqalgan videomurojaatda Nishonov tuman IIB rahbariyati profilaktika inspektorlaridan har kuni 55 ming so‘mdan pul yig‘ib olishi, IIB boshlig‘i o‘rinbosari o‘zi qurayotgan molxonasi uchun qurilish materiallarini xodimlar bo‘yniga yuklagani, profilaktika inspektorlariga “majburiy plan” belgilangani haqida so‘z boradi.

Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev Kun.uz'ga bergan intervyusida mazkur videomurojaatda keltirilgan vajlar xizmat tekshiruvida o‘z tasdig‘ini topmagani, to‘plangan hujjatlar prokuraturaga topshirilganini aytdi.

Shu bilan birga, IIV mulozimi Nozimjon Nishonov nima uchun ishdan olinganini ochiqlab, u haqda hamkasblari salbiy fikrda ekanini ta'kidlagandi.

Nozimjon Nishonov Kun.uz'ga bergan intervyusida IIV bosh boshqarma boshlig‘ining so‘zlariga munosabat bildirdi.

“Videomurojaat qilishga meni adolatsizlik majbur qildi. Qonunga zid buyruqlari... [Quva tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari] mayor Ahmadjonovning kuniga 5 tadan, keyinchalik 4ta, 3tadan ma'muriy bayonnoma tuzishimiz kerakligini aytgani... Aslida xalq bilan IIB xodimi birga bo‘lishi kerak. Bu “paxta plani” emas-ku?

1 yil-u, 9 oylik faoliyatim davomida to‘rt marta intizomiy jazoga tortilganman. Lekin ularning har biri bo‘yicha o‘zimni oqlay olaman. Birinchi bor olgan “tanbeh” intizomiy jazosini mahkumni maxsus transportda olib kelish, ya'ni “konvoy” jarayonida mashinada uxlab qolganimga berishgan. Transport vositasiga biriktirilib, Farg‘ona shahriga ketayotganimizda mashina ichida mahkum yo‘q edi. Kamera orqali qilingan yozuvni ko‘rib bu holatga e'tibor berishmadi. Mahkumni olib qaytayotganda sergak holatda bo‘lganman. Bu holatda o‘zimni oqlash uchun yana bir asos shuki, tegishli qoidaga ko‘ra, “konvoy” xizmatiga ichki ishlar tizimida 3 yil xizmat qilgan xodim chiqishi lozim. Meni xizmatimga uch yil to‘lmagan edi. Bundan tashqari, “konvoy” xizmatiga chiqarilgan kundan bir kun avval men tungi navbatchilikda bo‘lgan edim. Shuning uchun transportda mahkum yo‘q bo‘lgan paytda uxlab qolganman.

Menga qo‘llangan ikkinchi intizomiy chora – hayfsan, “arizalarni ko‘rib chiqish muddatini o‘tkazib yuborish va shikoyatlarni sifatsiz tarzda o‘rganganlik” bo‘yicha berildi. Buning uchun menga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Qarangki, 2020-21 yillar davomida bir marta, faqat menga nisbatan “muddati o‘tib ketgan arizalar” bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Mayor A. Ahmadjonov menga nisbatan adovati tufayli, Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘iga bosim o‘tkazib, mening ustimdan bildirgi yozishga majbur qilgan.

Bildirgiga asosan xizmat tekshiruvi o‘tkazishdi. Vaholanki, muddati o‘tgan arizalar faqat menda emas, balki deyarli barcha xodimlarda bor edi.

Mayor Ahmadjonovning adovatining sababi – u meni shaxsiy tarkib oldida uyatli so‘zlar bilan haqorat qilganda gap qaytarganim. Tortishuvdan so‘ng, mayor Ahmadjonov: “Menga guvohnomangni topshir”, dedi. Uning bu talabi noqonuniy edi. Chunki IIB xodimining guvohonomasini olib, ishdan haydashga faqat ichki ishlar vaziri va viloyat IIB boshlig‘ining haqqi bor. Shundan so‘ng men “Ahmadjonov meni shaxsiy tarkib oldida behurmat qildi” degan mazmunda bildirgi yozdim. Ahmadjonov: “Bu bildirgi uchun menga intizomiy chora qo‘llanilmaydi. Lekin men seni bu yerda ishlatmayman”, dedi. Shuning uchun kechikkan arizalar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazdi”, – deydi Nozimjon Nishonov.

U o‘ziga biriktirilgan murabbiyning unga nisbatan bergan xulosasiga ham izoh berib, pora olmagani va tamagirlik qilmaganini aytdi.

Sobiq inspektorning so‘ziga ko‘ra, tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosarlari unga nisbatan pora olishda ushlash uchun noqonuniy tarzda xizmat tekshiruvi o‘tkazishgan. Ya'ni hech qanday maxsus pul kupyuralarisiz va boshqa texnika vositalarisiz Nishonovga fuqaro orqali pora berib ushlamoqchi bo‘lishgan, lekin u pora pulini olmagan. “Ishni prokuraturaga oshirishgandi, tasdig‘ini topmadi. Agar men pora olgan bo‘lganimda, jinoyat alomatlari topilganida qamalgan bo‘lar edim-ku?” deydi N. Nishonov.

Sobiq xodim videomurojaatdagi so‘zlari – mayor Ahmadjonov joriy etgan majburiy tarzda ma'muriy bayonnomalar tuzish va kunlik yig‘im bo‘yicha dalillari borligiga to‘xtalib, kerak bo‘lsa o‘sha dalillarni taqdim etishi mumkinligini aytdi.

Nozimjonga: “IIVdan kelgan komissiya Quvaga borib, profilaktika inspektorlari bilan suhbatlashganida hech qaysi xodim sizning so‘zlaringizni tasdiqlamagan. Buni qanday izohlaysiz?” degan savolni berib, videomurojaatdagi so‘zlari tekshiruvda tasdiqlanmasa, buning uchun javobgarlikka tortilishi mumkinligini eslatdik.

U bu savollarimizga javoban profilaktika inspektorlari nima deb gapirgan bo‘lsa, ularning vijdoniga havola ekanini aytib, videomurojaatdagi so‘zlariga javobgar ekanidan xabardorligini bildirdi.

Nishonovga nisbatan yana bir intizomiy chora, xizmat uyidagi tartibsizlik bo‘yicha berilgan. U ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov bayonotida yangragan: “Muntazam ravishda, surunkali xizmat intizomini buzish va ichki ishlar organlari sha'nini obro‘sizlantirgani uchun ichki ishlar organlari safidan chetlashtirildi” degan ayblov noto‘g‘ri ekani, o‘zini navbatdan tashqari attestatsiyada komissiya a'zolari savollarga javob berolmagani uchun viloyat IIB boshlig‘ining 98-sonli buyrug‘iga asosan “Malakasi yetarli emasligi bois lavozimiga noloyiq deb topilsin” aybi bilan bo‘shatilganini aytib, o‘sha buyruqdan ko‘chirmani taqdim qildi.

Xulosa o‘rnida

Sardorbek Otaboyevning oldinroq emas, balki ichki ishlar vaziriga videomurojaat yo‘llaganidan so‘ng qamoqqa olingani so‘nggi vaqtlarda ko‘payib borayotgan “ovozni o‘chirish” usullaridan biridek ko‘rinmoqda.

Rasmiy bayonotlarga ishonilsa, Otaboyevning kredit bilan bog‘liq firibgarlik holati tergov organiga ancha oldin ma'lum bo‘lib ulgurgan. Bundan tashqari, sobiq xodimning o‘zi advokatiga bu holatga aloqasi yo‘qligi, buni isbotlaydigan dalillari borligini bildirgan. Shu bois ham inspektorning hibsga olinganiga uning tizimdagi muammolarni tashqariga olib chiqqani sabab bo‘lgan, degan mulohazalarni urchitmoqda.

Quvalik sobiq xodim Nozimjon Nishonov ham shuncha gapni ichidan to‘qib chiqarmagan bo‘lsa kerak. Zero, yaqin o‘tmishda ko‘rgan, kuzatganlarimiz uning gaplarini to‘la yolg‘on, deb atashga yo‘l bermaydi.

Tizimda ma'muriy bayonnoma uchun “plan” qo‘yilgani rasman tan olinmasa-da, soha xizmatchilari bilan bo‘ladigan suhbatlarda buning bor gap ekaniga ko‘p guvoh bo‘lamiz.

Yana bir gap, mansabdorning qo‘l ostidagilar yoki quyiroq tashkilotda ishlaydiganlar hisobidan qurilish qilishi ham to‘la inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqatdir.

Kun.uz muhokamaga sabab bo‘lgan videomurojaatlar bo‘yicha har ikki tomonga minbar berdi. Ko‘rib turganimizdek, taraflarning fikrlari bir-birini inkor etadi. Shu bois ham xulosa qilishni har kimning o‘ziga havola qilib, tegishli idoralardan adolatli qarorni kutib qolamiz.

Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top