16:44 / 21.11.2021
6465
Karyerani o‘zgartirish yo‘lida muhim bo‘lgan 6 jihat

Qiziquvchan bo‘lish, shaxsiy ishni ochish, ustoz topish va boshqa g‘oyalar ijobiy o‘zgarishlar boshlanishiga sabab bo‘ladi.

Foto: hh.ru

Ko‘pchilik hayoti davomida bir marta bo‘lsa-da ish joyini o‘zgartirish haqida o‘ylagan, biroq hamma ham buni oxiriga yetkaza olmagan. O‘xshamasa-chi, yaxshi ish joyimdan ayrilsam-chi, bundan yaxshiroq ish joyi topolmasam-chi, pulsiz qolsam-chi – shu va boshqa qo‘rquvlar oldinga harakatlanish hamda ko‘proq narsaga erishishda xalaqit qiladi.

Ana shu kabi xavotirlarga qaramay, sevimli bo‘lmagan ishni yangisiga almashtirish kerak. Biroq avvalgi xatolarni takrorlamaslik uchun bir necha omilni yodda tutish lozim.

1. Ish sizga zavq berishi kerak

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ish maqsadga erishish hissini bergandagina biz haqiqatan ham orzu sari harakatlanamiz. Ehtimol, shuning uchun ham ko‘pincha odamlar ish joyida boshqa narsalarga chalg‘iydi, rahbariyat topshirig‘ini istamaygina bajaradi. Ish faoliyatini maosh va lavozimdan kelib chiqib tanlashga odatlanganmiz. Aslida esa bari oddiy – ish cheksiz qiziqish va rag‘bat hissini bera olishi kerak. Ana shunda haqiqiy muvaffaqiyatli kishilarga aylanamiz.

2. Shaxsiy ishni ochish uchun hech qachon kech emas

Amerikalik olimlarning aniqlashicha, o‘z-o‘ziga ishlagan yoki tadbirkor bo‘lgan odamda ishdan qoniqish va muvaffaqiyat hissi yosh ulg‘aygan sari ortib boradi. Keyingi ishingiz qanday bo‘lishini istashingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Shaxsiy ishingizni ochishni istasangiz, ehtimol aynan hozir buni amalga oshirish uchun eng qulay paytdir.

3. Moslashuvchan va qiziquvchanlikni saqlab qolish muhim

Muvaffaqiyat va aql bovar qilmas karera ko‘pincha moslashishga bog‘liq bo‘ladi. Qiziquvchanlikni saqlash, o‘ziga ishonish, tobora yaxshi bo‘lib borish, vaziyatni nazorat qila olish ham muhim jihatlardan. Aytgancha, ko‘pincha aynan shu sifatlarga ega kishilar karerani o‘zgartirish haqida o‘ylashadi. Agar sizga ham shu fikrlar kelayotgan bo‘lsa, ehtimol, siz ham ulardan biridirsiz.

Qiziquvchanlik ayniqsa muhim. Aynan u moslashuvchan bo‘lishda yordam beradi. Shuning uchun o‘zimizdagi mana shu xislatni asrashimiz kerak. U ideal ishni izlab topishda qo‘l keladi. Agar boshqa karera imkoniyatlari siz uchun qiziq bo‘lmasa, barini boricha qoldirgan ma'quldir.

4. Muvaffaqiyat yo‘lida qo‘llab-quvvatlanish muhim

Foydali tanishuvlar foydali ko‘nikmalarga qaraganda ko‘pincha muhimroq. Shuning uchun ustoz topish yordam beradi. Ideal ko‘rinishda u siz uchun qiziq bo‘lgan yangi sohada katta tajribaga ega inson bo‘lishi kerak.

Buning uchun nafaqat odamlarni bilish, balki siz ularning vaqt va maslahatlariga arzishingizga ishontira olish ham kerak. Bu kabi suhbatlar va tanishuvlarning ahamiyati katta. Ular siz tanlagan karyerada nafaqat ko‘proq ma'lumot bilishda yordam beradi, balki rag‘bat va ishtiyoq ham uyg‘otadi.

5. Qulay zonadan chiqishga qo‘rqmaslik kerak

Ish joyini o‘zgartirish borasida tashvishlanayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizga oddiy savol bilan murojaat qiling. Nima haqida ko‘proq achinasiz: eski ish joyida qolganingizgami yoki u yerdan ketganingizgami? Ko‘pchilik har kuni biror nimani o‘zgartirish orzusida bo‘lsa-da, bitta ish joyida yillab ishlashda davom etadi. Kasbni o‘zgartirish fikri o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Demak, karyera siz istagandek ketmayapti.

Ko‘pincha tanishlar va yaqinlarga ishda tishni tishga qo‘yib chidash, sabr qilish haqida maslahat beramiz. Aslida yoqimli va istiqboli ko‘proq mashg‘ulotni topish muammoning yechimi bo‘lishi mumkin.

6. Innovatsiyalar yangi starsiz imkonsiz

O‘tmishdan voz kechish, jasur g‘oyalar, o‘zgarish va shaxsiyatni qaytadan shakllantirish qobiliyati eski strategiya va usullarga qaraganda ko‘proq yordam beradi. Bu o‘rinda «barchasi yoki hech narsa» tamoyili amal qiladi.

Karyerani o‘zgartirish bu – yangi start, noaniqlikka sho‘ng‘ish va keskin burilish qilish imkoniyati. O‘zingizga jasur bo‘lish va tajriba qilib ko‘rish uchun ruxsat bering. Hech kim bunday qilmagan bo‘lsa, nima qilibdi? Bu borada birinchi bo‘ling.

Karyerani o‘zgartirish siz uchun foydali bo‘lish bo‘lmasligini hech kim, hatto o‘zingiz ham oldindan ayta olmaysiz. Javobni bilishning yagona usuli – sinab ko‘rish. Noaniq davrga tayyor bo‘ling. U balki bir necha kun, bir necha oy davom etar. Biroq ertami, kechmi tugaydi. Siz esa sizni baxtiyor odamga aylantiradigan ishni topishga muvaffaq bo‘lasiz.

Layfxaker saytidan olindi.

Top