21:50 / 22.11.2021
2221
O‘zbekistonda yil yakunigacha 375 ming gektar o‘rmonzor barpo etish belgilangan - Aziz Abduhakimov

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda «yashil qoplamalar» barpo etishga doir ishlar ketayotgani, xususan joriy yilda 375 ming gektar o‘rmonzor tashkil etilayotganini ma'lum qildi.

22 noyabr kuni Toshkent shahrida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalasiga oid xalqaro anjuman o‘tkazildi. Tadbirda ishtirok etgan bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ayni vaqtda  «yashil qoplamalar» va o‘rmonzorlar barpo etish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar haqida gapirdi.

«Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda «yashil qoplamalar» barpo etishga doir ishlar ketmoqda. 2021 yilda ushbu tadbirlar natijasida 560 ming gektar maydonda «yashil qoplamalar» tashkil etilib, shundan 375 ming gektarida o‘rmonzor barpo etiladi.

Qoraqalpog‘istondagi o‘rmon fondi yerlari va Orol dengizining suvi qurigan hududlarida, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi Orolbo‘yi hududlarida 172 ming gektar hamda boshqa hududlardagi o‘rmon fondining tog‘, vodiy va to‘qay yerlarida 13 ming gektar maydonga daraxtlar ekish ishlari tashkil etilmoqda», dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Orol dengizi inqirozi oqibatlari Orolbo‘yi mintaqasida yashayotgan millionlab odamlarning hayot faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatib kelmoqda. Keyingi 55 yilda dengizning qurigan tubida 5,2 million gektar maydonda Orolqum deb nomlangan yangi cho‘l paydo bo‘lgan.

Dunyoning boshqa har qanday cho‘llarida bo‘lgani kabi Orolqumda ham insonlar to‘kis hayot kechirishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, bioxilmaxillik va ekotizimni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan infratuzilma va ijtimoiy shart-sharoitlar yetarli emas. Shu bois ham 2021 yil 18 may kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilingan.

Mazkur rezolyutsiyaga asosan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar, shuningdek yashil iqtisodiyot va mahsulotlardan ko‘p marta foydalanadigan iqtisodiyot tamoyillari asosida Orolbo‘yi hududini ekologik va inson inqirozi bilan bog‘liq hududdan barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlangan hududga aylantirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlar hamda ustuvor loyihalar yo‘nalishlari belgilangan.

Hozirda Orolbo‘yida ICBA xalqaro markazidan keltirilgan 18ta o‘simlikni va mahalliy yovvoyi o‘simliklar florasi vakillarini madaniylashtirishni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Orol dengizining qurigan tubidan 10 xildan ortiq tuproq tiplari asosida ilmiy lizimetrik tadqiqot maydonchasi barpo etildi.

Top