18:13 / 22.11.2021
27846
«Ayrimlar Vatanni sotishdi!». Yuriy Sarkisyanning biz bilgan va bilmagan haqiqatlari

U – O‘zbekistonning 5 marta chempioni.

U – O‘zbekiston kubogi, chempionatning kumush va bronza medallariga ko‘p marta ega chiqqan.

U – O‘zbekistonda 5 marta eng yaxshi murabbiy.

U – MDH kubogi kumush medali egasi.

U – Osiyo chempionlari kubogi bronza medali sovrindori.

U – «Do‘stlik» va «Mehnat shuhrati» ordenlariga loyiq ko‘rilgan.

U – «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy» Yuriy Vazgenovich Sarkisyan!

O‘zbekiston futboli, xususan, Farg‘ona futboli uchun katta siymo bo‘lmish Yuriy Sarkisyan bilan suhbat uyushtirdik. 74 yoshli mutaxassis Tribuna.uz bilan intervyuda oldin aytmagan bor haqiqatlarni ochiqladi.

O‘zbekistonga kelishi va Termizdan kelgan xat

- Moskvada Sobiq ittifoq yoshlar jamoasi yig‘inida ishtirok etayotgan paytim «Olmaliq» bosh murabbiyi meni O‘zbekistonga taklif qilgan. «Yuriy, sen menga juda yoqib qolding. O‘zbekistonga kelsang-chi? Baribir, Armanistonda yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapsan. O‘zbekiston juda chiroyli davlat. Agar senga yoqsa, o‘ynashda davom etasan», - degandi u. Shundan so‘ng, 1968 yilda O‘zbekistonga keldim. 1968 va 1969 yillarda Olmaliqda o‘ynadim. Ochig‘ini aytganda, menga O‘zbekiston juda yoqib qoldi. Ayniqsa, palov!

O‘sha paytda otam menga futbolni yig‘ishtirib, institutga kirishim va o‘qishim kerakligini aytdi. Sovet davrida oliy ma'lumotli bo‘lish juda muhim hisoblanardi. 1969 yilda men hamma narsalarimni yig‘ishtirib, Yerevanga uchib ketishga hozirlik ko‘rdim. Toshkentdagi aeroportda o‘tirsam, bir kishi oldimga keldi va so‘radi:

- Salom, siz Yuriy Sarkisyanmisiz?

- Salom, ha menman. Siz kimsiz?

- Men Termiz klubi bosh murabbiyi Viktor Mixaylovich Tixonovman. Sizning o‘yiningiz menga juda yoqadi. Bizning jamoaga qo‘shilmaysizmi?

- Yo‘q, men institutga kirishim kerak. Otam shunday dedi. Futbolni tashlamoqchiman.

- Termizda davlat pedagogika universiteti bor-ku. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy ham bo‘lishingiz mumkin.

- Futbolchilik nima ekanini bilaman-ku — 20-25 kun safarda bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Qanday qilib o‘qiyman. Siz meni imtihonsiz universitetga olib kirib qo‘yishga, ma'lum bir grafik asosida o‘qishimga yordam bersangiz, mayli sizning jamoangizda o‘ynayman.

- Mayli, siz menga manzilingizni bering, - dedi murabbiy.

Foto: Tribuna.uz

Yangi yil oldidan undan xat oldim. «Yuriy, Termizga kel. Barchasini gaplashib qo‘ydim. Grafik bo‘yicha o‘qiysan», deb yozilgan edi maktubda. 1970 yilda Termizga keldim va bu yerda 1975 yilgacha o‘ynadim.

«Paxtakor-79» tarkibida bo‘lishim mumkin edi...»

- 1975 yilda shartnomamni yakuniga yetkazayotganimda menda 5ta taklif bor edi: 3tasi Rossiyadan, bittasi Qozog‘istondan va yana biri Farg‘onadan. Farg‘onaga bordim, shahar menga juda ham yoqib qoldi. Esimda, ikki tomoni baland chinorlar bilan qoplangan ko‘chada ketyapmiz – chinorlar salqin tonneldek. Qanday ajoyib shahar, dedim o‘zimga o‘zim. Bunday yashil tonnelni umrimda ko‘rmagandim. Bundan tashqari, borishim bilan 2 xonali uy berishlarini aytishdi. Sovet vaqtida bu juda katta narsa edi. Ajoyib o‘lka, ajoyib odamlar, takrorlanmas palov – shu bo‘yi qolib ketdim.

1979 yilda Idgay Taziddinov meni «Paxtakor»ga taklif qildi. U paytda men yoqtirgan qiz 15 yoshda edi. Uni yana 3 yil kutishga tayyor edim. U bilan gaplashdim:

- Menga turmushga chiqasanmi? Agar ha desang, men shu yerda qolaman. Aks holda, Toshkentga ketaman. Meni «Paxtakor»ga chaqirishyapti. Poytaxtdan 3 xonalik kvartira va Jiguli berishmoqchi, - dedim.

U ketmasligimni, menga turmushga chiqishini aytdi va men qoldim. Shu voqea mening hayotimni saqlab qolgan. Chunki, ko‘p o‘tmay «Paxtakor» aviahalokatga uchradi. Tasavvur qilyapsizmi, men o‘sha jamoada bo‘lishim mumkin edi, axir. Men har yili halok bo‘lgan yigitlarni xotirlab, qabristonga boraman. Oxiratlari obod bo‘lsin.

1979 yilning noyabrida turmush qurdik. To‘yim qayerda bo‘lgan deb o‘ylaysiz? «Neftchi» qarorgohi oshxonasida!

Foto: Pakhtakor

«Neftchi» bosh murabbiyiga aylangani va chempionlik yillari

- 1986 yil noyabrida «Neftchi»ga keldim va meni bosh murabbiy sifatida tanishtirishdi. Rahbariyat oldimga 1-o‘rinni asosiy vazifa etib belgiladi. Mengacha 1962 yildan 1985 yilgacha jamoada 18 nafar murabbiy ishlagan va atigi 2 marta 1-o‘rinni olgan. 1981 yildagi chempionlikda men 28ta gol urib, to‘purarga aylangandim. 1983 yildagi chempionlikda yordamchi murabbiy sifatida faoliyat olib borgandim.

- Yaxshi, lekin mening ishimga hech kim aralashmaydi. Kimni olib kelaman, kimni ketkazaman, kimni maydonga tushiraman, kimga mukofot beraman, kimni jazolayman — barchasini o‘zim hal qilaman. Mavsum yakunlangach, chempionlikni olib bera olmasam, xayrlashamiz, - dedim.

Ular bunga rozi bo‘lishdi va xuddi shu tartibda ishlashni boshlayverishimni aytishdi. Jamoani yig‘dim.

- Ertaga soat 12:00da sizlarga yangi mavsum rejasini taqdim qilaman. Barcha o‘z vaqtida kelishi kerak.

Ertasiga 12:00da eshiklarni qulflab, televizorni yoqdim va futbolchilarga yillik rejani namoyish qila boshladim. 7 daqiqadan keyin eshik taqillayapti. Jamoaning 3-4 tajribali futbolchilari kech qolishgandi. Men ularga xalaqit bermasliklarini aytdim va ularni jamoadan chetlatdim. Ular obkom sekretariga arz qilishibdi. Kechqurun qabulga bordim.

- Yuriy Vazgenovich, ishni nimadan boshladingiz?

- Tartib-intizomni yo‘lga qo‘yishdan. Sizlar mening oldimga 1-o‘rinni vazifa qilib qo‘ydingiz, to‘g‘rimi? Endi ishimga aralashmang!

- Yaxshi, ishlashda davom eting, - dedi rahbar.

Menga ishonmaganlar ko‘p edi. 1987 yilni 1-o‘rinni oldik – tasodif deyishdi. 1988 yilda ham chempion bo‘ldik – bo‘lishi mumkin emas, deyishdi. 1989-1990 yillarda ham g‘alaba qozondik. Shundan so‘ng SSSR Oliy ligasiga chiqdik. Bu yerda faqat poytaxt jamoalari o‘ynardi. Vazifamiz 18-o‘rin edi. Sababi, bundan keyingi 4ta klub pastki divizionga tushirib yuborilardi. Biz esa 7-o‘rinni egalladik.

«4 marta chempion bo‘lganimdan keyin Toshkentda yig‘ilish bo‘ldi: nima Sarkisyan uchun tuzdikmi chempionatni, deyishdi»

- Ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston chempionati boshlandi. Biz 1992, 1993, 1994, 1995 yilda chempion bo‘ldik. Keyin Toshkentda yig‘ilish bo‘ldi: nima Sarkisyan uchun tuzdikmi chempionatni, deyishdi. 1996 yilda «Navbahor» chempion bo‘ldi, biz 2-o‘rinda. 1997 yilda MHSK g‘alaba qozondi, biz yana ikkinchi. 1998 yilda «Paxtakor», 1999 yilda esa «Do‘stlik» chempion, biz 2-o‘rinligimizcha qoldik. 2001 yilda yana chempionlik shohsupasiga qaytdik. Shundan keyin yana 2-o‘rinlar seriyasi. Menga shunchaki chempionlikni berishni xohlashmagan. 1994 yilda biz chempionatni mag‘lubiyatsiz tugatgandik, kubokni ham yutganmiz. Menga shaxsan prezident Islom Karimov tabrik yo‘llagan va yordamchisidan faxriy yorliq berib yuborgan. 1997 yilda 50 yillik yubileyimda Ichki ishlar vaziri va O‘zbekiston futbol federatsiyasi rahbari Zokirjon Almatov Farg‘onaga kelib, o‘yindan oldin odamlar bilan liq to‘la stadionda menga «Do‘stlik» ordenini topshirdi. 60 yillik yubileyimda esa Shavkat Mirziyoyev «Mehnat shuhrati» ordenini ko‘ksimga taqib qo‘ydi. Hammasida birdek e'tirof – yosh avlodni sog‘lom va Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalagani uchun!

Foto: Tribuna.uz

«Toshkentga kelib, maoshlardan esim og‘ib qolay dedi – «Neftchi»da 27 yil tekinga ishlagan ekanman-da, deb yubordim»

- Bilasizmi, 27 yil murabbiylik faoliyatim davomida futbolchilarni sotib olishga 1 so‘m ham sarflamaganman. Eng kichik budjet sarflaydigan klub biz bo‘lganmiz. Farg‘onadagi oxirgi mavsumimda futbolchilarim 8 million so‘m, men esa bosh murabbiy sifatida 10 million maosh olardim. 2013 yil Toshkentga kelib, bu yerdagi maoshlardan esim og‘ib qolay dedi – «Neftchi»da 27 yil tekinga ishlagan ekanman-da, deb yubordim. Lekin vijdonim toza!

«Bunyodkor»dan aloqaga chiqib, o‘yinni berishimni so‘rashgandi»

- 2008 yilda «Neftchi» bilan 3-o‘rinni oldik. Faoliyatimdagi yagona 3-o‘rin. Mavsumning oxirgi ikki turida biz avval «Paxtakor», keyin esa «Bunyodkor»ni qabul qilishimiz kerak edi. «Paxtakor»ni 1:0 yutdik. Shundan so‘ng, «Bunyodkor»dan aloqaga chiqishdi. Chempionatni mag‘lubiyatsiz yakunlamoqchi ekanliklarini va o‘yinni berishimni so‘rashdi.

«Nimalar deyapsiz? Sizlarda braziliyaliklar, Rivaldo o‘ynaydi, men hech qachon bunday ishlarga aralashmayman», dedim. Biz o‘sha o‘yinda ularni 2:1 hisobida yengib, mag‘lubiyatsiz mavsum o‘tkazishlariga yo‘l qo‘ymagandik.

«1:8 hisobdagi mag‘lubiyatni futbolchilarning o‘zlari uyushtirgan ekan...»

- Yaponiyadan uchralgan 1:8 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, milliy jamoada hech qachon ishlamaslikka so‘z berdim. Chunki, odamlar o‘z vatanini sotganini ko‘rdim.

Futbolchilarning o‘zlari shuni uyushtirishgan ekan. Keyin menga Mirabror Zufarovich (Usmonov, o‘sha paytdagi O‘FA prezidenti) «Neftchi»dagi ishni to‘xtatib, milliy jamoani boshqarishimni aytdi. Lekin men o‘zimga hech qachon milliy jamoani boshqarmaslikka va'da berib bo‘lgandim. Qanday qilib odam ish, lavozim uchun vatanini sotishi mumkin.

Foto: Tribuna.uz

«Fergyuson ham ketdi, siz haliyam shu yerdasiz, noqulay emasmi?», derdi hokim...»

- «Neftchi»dan ketish sabablarimni ayta olmayman. O‘zimga ortiqcha dushman orttirishni xohlamayman. Nega ketganim haqida mendan ko‘p so‘rashadi (kulib). Doim aytaman – men Fergyuson bilan bir vaqtda 1986 yilning noyabrida klubga keldim. Men ketgan yili u ham ketdi – 1 mayda «Manchester Yunayted»ni tark etdi. «Fergyuson ham ketdi, siz haliyam shu yerdasiz, noqulay emasmi?», derdi hokim (Shuhrat G‘aniyev, o‘sha paytdagi Farg‘ona viloyati hokimi). Va men ham ketishga majbur bo‘ldim. Keyinchalik boshqa klubda bosh murabbiy bo‘lib ishlashni xohlamadim.

«Istiqlol»ga taklif qilishdi – bormadim. Axir «Neftchi»ga qarshi qanday o‘ynayman? «Neftchi» menga futboldagi barcha baxtni taqdim eta oldi. Unga qarshi bora olmayman. «Neftchi»dan qayta takliflar ham bo‘ldi, lekin qaytmadim. O‘tgan ishlar ortda qoldi, biz faqat oldinga qarab intilamiz, – deydi Yuriy Vazgenovich Tribuna.uz saytiga bergan intervyusida.

Intervyu davomida Yuriy Sarkisyan Valeriy Lobanovskiy bilan tanishuvi, undan o‘rganganlari, oilasi, odamlarning gap-so‘zlari tufayli o‘g‘lini futboldan ajratib olgani, yosh futbolchilarni qay taxlit kashf qilishi va yana boshqa mavzularda gapirib berdi. Video suhbatni YouTube’dagi sahifamizda tomosha qiling.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top