14:19 / 22.11.2021
6646

Qarshidagi 65 metrli bayroq ustunining qurilishi ikkinchi marta to‘xtatildi

Foto: Toshkent shahar Hokimiligi

Qarshi shahrida barpo etish rejalashtirilgan 65 metr uzunlikdagi bayroq qurilishi ikkinchi marta bekor qilindi. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida o‘rnatilishi to‘xtatilgan bayroq ustuni qayta bunyod etiladi, degan mazmunda xabarlar tarqaldi. Bu xabarlar yuzasidan Qarshi shahar hokimligi joriy yil 21 noyabr kuni ikkita munosabat bildirdi.

Munosabatning birinchisida Qarshida o‘rnatiladigan bayroq ustunining qurilish ishlari shahar mahalliy budjetining 2021 yilning III chorak yakuni bo‘yicha daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismidan ajratilgan mablag‘lar hamda homiylik yordami hisobiga davom ettirilishi xabar qilindi.

O‘sha kuni tushdan so‘ng e'lon qilingan ikkinchi munosabatda Qarshida bayroq ustuni o‘rnatilmasligi ma'lum qilindi. Munosabatda yozilishicha, Qarshi shahar budjetining daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi ichki yo‘llar ta'miri va kommunal sohani rivojlantirishga sarflanadi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan bu masalaga viloyat hokimi e'tibor qaratib, shahar hokimi bilan kelishgan holda ulkan bayroq ustuni qurilmaydigan bo‘ldi. Daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismidan qolgan mablag‘lar ichki yo‘llar ta'miri va kommunal sohalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi», deyiladi munosabatda.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, joriy yil aprel oyida viloyatning sobiq hokimi Qarshi shahrida 1,35 milliard so‘m sarflanib tiklanadigan bayroq ustuni qurilishini to‘xtatgan va mablag‘ni Qarshi shahrida joylashgan 136-sonli oilaviy yotoqxonani ta'mirlashga sarflanishini ma'lum qilgandi.

Top