14:41 / 22.11.2021
6954

Qudbiyev E-aktiv atrofidagi muhokamalarga munosabat bildirdi

2022 yildan boshlab QQS to‘lovchilar tovar-moddiy boyliklarini E-aktiv'ga kiritishi kerak. Davlat soliq qo‘mitasi raisi bu yangilikdan noroziliklar ortida “intizomli bo‘lmagan soliq to‘lovchilar” turibdi deb hisoblashini aytdi.

Foto: KUN.UZ

2022 yil 1 yanvardan QQS to‘lovchilar va ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lgan yuridik shaxslar asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari va tovar-moddiy resurslarini hisobga olish, o‘z ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni DSQning E-aktiv avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritishi majburiy bo‘ladi.

Kun.uz E-aktiv atrofidagi muhokamalar, xususan, bir qator korxonalar hisobchilarining munosabati borasida maqola e’lon qilgandi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev 18 noyabrdagi matbuot anjumanida bu masalaga munosabat bildirdi.

“E-aktiv'ning barcha tizimlar bilan integratsiyasi qilib berilmaguncha hech kimga ta’sir choralari ko‘rilmaydi”, – dedi u.

DSQ rahbarining fikricha, E-aktiv'ga nisbatan negativ fikrlar ortida qo‘shtirnoq ichidagi “uddaburon” tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilish yotibdi.

“Go‘yoki ertaga soliq organlari butun boshli (tadbirkorlarning) ishlab chiqarish jarayonini avtomatlashtirmoqchi, bu dunyoda yangilik degan asossiz va soliq to‘lovchilarni noto‘g‘ri yo‘lga boshlamoqchi bo‘lgan fikrlar ko‘payib ketdi.

Iymonim komil: bu narsaning orqasida faqatgina intizomli bo‘lmagan soliq to‘lovchilar va qo‘shtirnoq ichidagi uddaburon tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilish yotibdi. Bu – soliq qo‘mitasining aniq pozitsiyasi.

Endi sizlar savol berishinglar mumkin: buni oxirigacha avtomatlashtirish – katta jarayon, inson resurslari kerak. Agarda xato bo‘lsa, ertaga qanday qilib, aytaylik pechene ishlab chiqaradigan odam un sotib olgan, drujo (achitqi), sut sotib olgan, lekin pechene sotib olmagan-ku, qanday qilib pechene sotadi? Yoki (tadbirkor) kostyum, ko‘ylak tikayotgan bo‘lishi mumkin, buni qanday bilasiz, deyishingiz mumkin.

Hech kim oydan tushmagan, hamma bilib turibdi. Birinchi navbatda bu narsa davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslarga va QQS to‘lovchilarga majburiy bo‘ladi. Majburiy bo‘lib hisoblanganda ham, sizlar (tadbikorlar)ning to‘liq ERP sistemalarining har biri bilan integratsiya qilib beramiz. Integratsiyasini qilib bermaguncha hech kimga ta’sir choralari ko‘rilmaydi”, – dedi Sherzod Qudbiyev.

Avvalroq QQS to‘lamaslik xavfini aniqlashtiruvchi instrument ishga tushirilishi xabar qilingandi.

Top