10:54 / 22.11.2021
31318

Rossiya harbiylari sabab G‘arbda keskinlik yuzaga keldi. Bu esa Putinga ma’qul

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, mamlakat g‘arbiy chegarasida mojaro yuzaga kelishini xohlamaydi. Ammo Moskva o‘zining «qizil chizig‘i»ni ehtiyotkorlik bilan himoya qilayotganini g‘arbliklar jiddiy qabul qilmayapti. Rossiya Ukraina chegarasida qo‘shin to‘playotgani haqida OAVdagi xabarlar fonida Putin Rossiya tashqi ishlar vazirligida chiqish qildi.

STANISLAV KRASILNIKOV/TASS

«G‘arbda nihoyat keskinlik yuzaga keldi. Bu keskinlik menga qolsa, uzoqroq davom etsin, toki bizning g‘arbiy chegaramizda bizga kerak bo‘lmagan mojarolar boshlash haqida o‘ylab ham ko‘rishmasin», deydi Putin.

Shuningdek, Rossiya yetakchisi mamlakat g‘arbiy chegarasining narigi tomonida o‘ziga nisbatan biror mojaro qilinmaydigan uzoq muddatli kafolatga ega bo‘lishni istaydi. Bu borada Putin mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga topshiriq bergan.

Uning aytishicha, bu G‘arb bosib o‘tmasligi kerak bo‘lgan «qizil chiziq»ning mustahkamlanishi bo‘ladi.

«Hamkorlarimiz ham ajoyib. Ular «qizil chiziq» haqida aytgan gaplarimizga juda yuzaki qarashmoqda», dedi Putin. Uning fikricha, Ukraina chegarada zamonaviy qurollarni joylashtirish va Qora dengizda provokatsion harbiy harakatlarni amalga oshirish orqali «qizil chiziq»ni bosib o‘tgan. «NATO qiruvchi samolyotlari Rossiya chegarasidan 20 km uzoqlikdan uchib o‘tyapti, bu endi chegaradan chiqish», dedi Putin.

Axborot urushi

Oktabr oyi oxirida Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Donbassda ilk marta Turkiyaning uchuvchisiz «Bayraktar» dronlari qo‘llanganini aytgandi. Ma’lumot uchun, Ozarboyjon Qorabog‘ uchun janglarda aynan turklarning shu quroli yordamida g‘alaba qozongandi. Moskva bu harakatni Minsk kelishuviga zid deb atadi. Rossiya TIV buni Kiyevning Donbassni kuch bilan qaytib olishga urinishi deb baholadi.

Ukraina «Bayraktar» haqida gap ochgach, OAVda Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘playotgani haqida xabarlar ko‘paydi. Washington Post Kreml Ukrainaga nisbatan yana agressiv kayfiyatda bo‘la boshlagach, chegarada vaziyat jiddiylashgani haqida yozdi. Maqolada Rossiyaning Ukraina bilan chegarasida sodir bo‘lgani aytilgan videolar ham qo‘yilgan. Bunday videolarda tank, raketa kabi og‘ir texnikalar olib ketilayotganini ko‘rish mumkin.

Bu holatda rasman javob bergan Rossiya mudofaa vazirligi mamlakatning Ukraina bilan chegarasiga qo‘shimcha askar tashlash yoki qo‘shimcha qurol yuborish holatlari kuzatilmaganini bildirdi.

«Bu muhokama qilishga ham arziydigan holat emas. O‘zingiz ko‘rdingiz, videoda Ukraina bilan chegara haqida gapirishgan, lekin kadrda Belarus bilan chegara ko‘ringan», dedi Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova bu videolarni AQSh OAVi tomonidan amalga oshirilgan provokatsiya deb atadi. AQSh shtab qo‘mondonlari kengashi raisi Mark Milli esa Vashington avval ham Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘playotgani haqida ma’lumot olganini aytdi. «Ta’kidlash joiz, bu harakatlarda ochiq agressivlik ko‘rinmadi», degan amerikalik general.

Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar AQSh Markaziy razvedka byurosi direktori Uilyam Byornsning Moskvaga tashrifi vaqtida ham muhokama qilingan.

Vaziyatga Pentagon keskinroq javob bergandi. «Biz Rossiyaning Ukraina bilan chegaradagi harakatlarini xavotir bilan kuzatishda davom etamiz. Rossiyadan esa o‘z maqsadlarini ochiqlashi, Ukraina bilan chegarada aslida nimalar bilan band ekanini tushuntirishni so‘raymiz», dedi 9 noyabr kuni Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.

Rossiya mudofaa vazirligi ham o‘z navbatida AQSh harbiylarining Qora dengizdagi Ukraina harbiylari bilan mashg‘ulotda qatnashayotganidan xavotirda ekanini bildirgandi.

Bloomberg Vashington o‘z ittifoqchilarini Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligidan ogohlantirgani haqida yozdi. Peskov esa buni faqat sarlavhadan iborat safsata deb atadi. «Rossiya hech kimga xavf tug‘dirmaydi», dedi Putinning matbuot kotibi.

Keyinroq Bloomberg'da yana bir maqola chiqdi. Unda aytilishicha, Rossiyaning favqulodda faollashishidan maqsad Ukrainaga bostirib kirish emas, shunchaki G‘arbga signal berishdan iborat. «Putin Rossiyaning Ukrainaga G‘arb qurollari kirib kelaverishiga toqat qilolmasligi haqida Amerikaga aniq signal berdi», deyilgan maqolada xususan.

Maqolada Putin sevib ishlatadigan «qizil chiziq» haqida ham gapirilgan. Harbiy ekspertlar Putinning nazdida G‘arbning Ukrainaga har qanday hajmda qurol olib kirishi ushbu «qizil chiziq»ni buzishini tushuntirgan.

Nashrning yana bir suhbatdoshi Rossiya hozir Ukrainaga qarshi harbiy harakat boshlamoqchi emasligi, shunchaki kerak vaqtda jangga tayyorligini ko‘rsatib qo‘ymoqchiligini aytadi. Rossiya hukumatiga yaqin ekanini iddao qilgan Bloomberg suhbatdoshining aytishicha, Putin NATOning Ukrainaga kirishi G‘arb uchun «dahshatning o‘zginasi» bo‘lishini g‘arbliklarga ko‘rsatib qo‘ymoqchi. Uning aytishicha, Putin Ukraina NATOga kirmasligi uchun hamma narsa qiladi. Suhbatdoshning fikricha, Ukraina «Bayraktar»dan foydalana boshlagani Kremldagilarning jazavasi oshishiga sabab bo‘lgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top