20:40 / 22.11.2021
6507
Rossiyalik muftiy jinoyatchilarning millati va dinini ko‘rsatgan OAVni javobgarlikka tortishni taklif qildi

Krganovning ta'kidlashicha, bu mamlakatda milliy negizdagi nizolarning vujudga kelish xavfini pasaytirish va maishiy islomofobiya paydo bo‘lishini kamaytirishga yordam beradi.

Foto: Wikipedia

Jinoyatchilarning etnik-diniy tarafiga urg‘u beradigan ommaviy axborot vositalari ma'lum bir ijtimoiy guruhlarga nisbatan salbiy munosabatni shakllantiradi, dedi Rossiya musulmonlari diniy yig‘ini rahbari muftiy Albir Krganov OAVda jinoyatchilarning millatini ko‘rsatishni taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun loyihasiga izoh berarkan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday OAV javobgarlikka tortilishi lozim.

«Ushbu qonun loyihasiga bunday ma'lumotlar chop etilgan xabarlar va resurslarni zudlik bilan bloklash talabini ham kiritish kerak», — dedi u.

Krganovning ta'kidlashicha, bunday choralar mamlakatda milliy negizdagi nizolarning vujudga kelish xavfini pasaytirish va maishiy islomofobiya paydo bo‘lishini kamaytirishga yordam beradi.

«Jinoyatchining millati va dini bo‘lmaydi, u jinoyatni din yoki butun bir millat nomidan qilmaydi, shuning uchun OAVda ataylabdan ma'lum bir din yoki etnik guruhga urg‘u berilishi salbiy oqibatlarga olib keladi va ekstremistlarni ilhomlantiradi», — dedi u.

Avvalroq davlat dumasiga OAVda jinoyatchilarning millatini ko‘rsatishni taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun loyihasi kiritilgandi. Loyiha mualliflarining fikricha, bu tashabbus Rossiya hududida «millatlararo va dinlararo totuvlikni saqlab qolish zarurati» bilan bog‘liq.

Top