12:23 / 22.11.2021
5187

“Zarchob-2 GES” istiqbolli loyihasi ishga tushirildi

Foto: O‘zbekgidroenergo

“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan qayta tiklanuvchi elektr energiyasini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish, istiqbolli va samarali loyihalar asosida investitsiya mablag‘larini jalb qilish, rejali tartibda o‘zlashtirish, yangi gidrotexnik obektlarni ekspluatatsiyaga topshirish, uzoq yillar mobaynida ishlab kelayotgan GESlarni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishdagi mahalliylashtirish jarayonlarini kengaytirish borasidagi ishlar qizg‘in ravishda amalga oshirilmoqda.

O‘tgan 2020 yilda, murakkab pandemiya sharoitlariga qaramasdan, puxta reja va qat'iy ishchi tartib asosida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan 6 ta yangi qurilish va modernizatsiya loyihalari foydalanishga topshirildi. Mazkur loyihalarning umumiy quvvati 118,3 MVtni tashkil etadi. Bu esa qo‘shimcha 543 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishga zamin yaratmoqda.

Shu o‘rinda, Jamiyat tomonidan istiqbolli loyihalardan biri bo‘lgan Curxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yangidan barpo etilgan “Zarchob-1” va “Zarchob-2” GESlari ekanini alohida ta'kidlash joiz.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Mazkur GESlarning qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 maydagi “2017-2021 yillarda gidroenergetikani rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2947-sonli hamda 2018 yil 19 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4067-sonli qarorlari asosida olib borildi.

Curxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yangidan barpo etilgan “Zarchob-1” GES qurilishi “O‘zbekgidroenergo” AJning tizim tashkiloti hisoblangan “Gidroproyekt” AJ tomonidan loyihalashtirilgan. “Zarchob-1” GESga 2 ta gidroagregat o‘rnatish belgilangan bo‘lib, ularning umumiy quvvati 37,4 MVtni tashkil etadi.

“Zarchob-1” GESda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, sozlash va sinovdan o‘tkazish ishlari, avtomatik tizim boshqaruvini markazlashgan boshqarmadan boshqarish ishlari amalga oshirildi.

Shu bilan birga, stansiyadagi gidroinshootlar sinov-tajriba jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tdi. To‘polang daryosidan suv olib o‘tuvchi Zarchob-1 GESga keluvchi 480 m uzunlikdagi tunnel va 1 300 m uzunlikdagi kanalda suv haydalib, sinov ishlari o‘tkazildi. Bosimli hovuzdagi suv ko‘tarish inshootlari ishchi shay holatiga keltirilib, belgilangan tartibda sinovdan o‘tkazildi.

Xabaringiz bor, joriy yilning aprel oyida “Zarchob-1” GES tushirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tgan edi.

Kuni kecha yana bir yangi gidroelektrostansiya “Zarchob-2” GES tushirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda “O‘zbekgidroenergo” AJ rahbariyati, viloyat hokimligi mutasaddilari, viloyat va tuman jamoatchiligi, “To‘polang GES” UK, “Zarchob-2 GES” mas'ul vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Bayramona ochilish marosimini kirish so‘zi bilan Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ochib berdi hamda “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan Sariosiyo tumanida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarning nafaqat tuman, balki butun viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga samarali ulush qo‘shayotganini ta'kidladi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi, senator Abdug‘ani Sanginov so‘zga chiqib, investitsiyaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan yangidan yangi gidroenergetik obektlarning ahamiyati, asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, istiqboldagi rejalar borasida tadbir ishtirokchilariga qisqacha ma'lumot berdi. Shu bilan birga, ochilayotgan “Zarchob-2 GES”ning energetik quvvati, voha aholisi iste'moli uchun elektr energiyani yetkazib berishdagi ulushi borasida to‘xtalib o‘tdi. Eng asosiysi, ushbu investitsiyaviy loyihalar inson qadri va xalq farovonligi yo‘lida izchil amalga oshirilayotganini alohida ta'kidladi.

“Dongfang Electric International Corporation” kompaniyasi loyiha menejyeri Sun Tszyan Fen ham o‘zaro hamkorlik asosida amalga oshirilayotgan loyihalarning ahamiyati borasida to‘xtalib o‘tdi, mamlakat va Jamiyat rahbariyatiga, mehmondo‘st va samimiy xalqimizga minnatdorlik izhor etdi.

So‘ngra viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, senator Orziqul Soatov so‘zga chiqib, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi loyiha – ishga tushirilgan “Zarchob-2 GES” tom ma'noda tuman va viloyat ahli uchun yangi gidroenergetik quvvat manbai ekanini qayd etib, Jamiyat boshqaruvi raisi A. Sanginovga keng jamoatchilik nomidan minnatdorchilik bildirdi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Ushbu yangi GES uchun zaruriy texnologik qurilmalar Xitoyning yetakchi kompaniyasi “Dongfang Electric International Corporation” tomonidan yetkazib berildi.

Ta'kidlash joizki, yangi GES uchun zaruriy asbob-uskunalar hamda gidroagregatlar xitoylik mutaxassislar bilan mahalliy mutaxassislar tomonidan birgalikda montaj qilindi. Ushbu ishlarni bajarishda sohada yetarlicha tajriba va nufuzga ega bo‘lgan “TURONELEKTROMONTAJ” AJ, “NP ESAN” MChJ, “AGEM” MChJ singari montaj-naladka yo‘nalishidagi korxonalar bilan bir qatorda “To‘polang GES” UKning Zarchob-2 GES bo‘limiga 2021 yilning boshida ishga qabul qilingan istiqbolli yosh mutaxassislar faol jalb qilindi.

Ma'lumki, investitsiyaviy loyihalar doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan loyihaviy quvvati 38,2 MVt bo‘lgan Zarchob-2 gidroelektr stansiyasini barpo etish ishlari belgilangan reja asosida bosqichma-bosqich olib borildi.

Qurilish jarayonlarida gidroturbinaning spiralsimon kamera qismini yig‘ish ishlari, bosimli hovuz, bosimli suv quvurini qurish va boshqa bir qator qurilish ishlari izchillik bilan olib borildi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu resurslar tabiiy va qayta tiklanuvchan hisoblanib, mamlakatimiz energetika sohasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi. GESlar tomonidan ekologiyaga hech qanday zarar yetkazmagan holda, barqaror energiya ishlab chiqarilib, viloyat sanoat korxonalari, turli idoralar va mahalliy aholiga yetkazib beriladi.

Mazkur loyiha ishga tushirilishi natijasida Surxondaryo viloyatining elektr energiyaga bo‘lgan talabining muayyan qismini, sanoat va iqtisodiyot korxonalarini gidroenergiya hisobidan ta'minlash imkoni vujudga keladi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ mamlakatimizning tabiiy suv resurslaridan oqilona foydalangan holda, xalqimiz xonadonlaridagi yorug‘lik manbai barqarorligini, aholini qayta tiklanadigan, ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash jarayoniga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Mamlakatimiz gidroenergetiklarining jonkuyarligi, fidoyiligi hamda tizimli mehnatlari natijasida yurtimiz gidroenergetika salohiyati tobora yuksalmoqda.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar aholisi turmush farovonligi oshishiga, ishlab chiqarish sub'yektlarining elektr quvvatlari bilan ta'minlanishiga, tom ma'noda, yurtimiz iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishiga muhim zamin yaratadi.

«O‘zbekgidroenergo» AJ Axborot xizmati Ⓣ

Top