07:57 / 23.11.2021
1635
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan NHH loyihalarini tayyorlash tartibi tasdiqlandi

Adliya vaziri tomonidan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyruq qabul qilindi.

Foto: Getty Images

Qoidalar quyidagilarni nazarda tutadi: qaror loyihasini "E-qaror" elektron tizimi orqali ishlab chiqishni tashkil etish; qaror loyihasining matniga va tuzilishiga doir talablar; qaror loyihasini yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va rasmiy e'lon qilish manbalarini ko‘rsatish tartibi; qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi loyihalarni tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatlari; qaror loyihasini manfaatdor organlar va tashkilotlar bilan kelishib olish; mahalliy davlat hokimiyati organlari yuridik xizmati tomonidan qaror loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish; qaror loyihasining hududiy adliya organlaridagi huquqiy ekspertizasi.

Qoidalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi tomonidan qabul qilinadigan NHHlar loyihalariga nisbatan tavsiyaviy tusga ega. 

Qoidalarda quyidagi tushunchalar keltirilgan:

  • huquqiy ekspertiza - qaror loyihasining O‘zbekiston konstitutsiyasi va qonunlariga, unga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning talablariga muvofiqligini, shu jumladan qaror loyihasida havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi hamda maqsadga muvofiqligini tekshirish;
  • gender-huquqiy ekspertiza - qaror loyihasini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta'minlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish;
  • korrupsiyaga qarshi ekspertiza - qaror loyihasida korrupsiyaviy omillarni aniqlash, aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqish va choralar ko‘rishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmui;
  • "E-qaror" elektron tizimi - mahalliy davlat hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinadigan qaror va farmoyish loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazishni ta'minlovchi elektron tizim va boshqalar.

Qaror loyihasini ishlab chiqish, kelishish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, hududiy adliya organlarida huquqiy ekspertizadan o‘tkazish "E-qaror" elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organining yuridik xizmati qaror loyihasini tegishli hududiy adliya organiga huquqiy, gender-huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritilishini ta'minlaydi. Qaror loyihasi mahalliy davlat hokimiyati organining yuridik xizmati tomonidan NHHlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)ga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilishi lozim.

Huquqiy ekspertiza yakuni bo‘yicha hududiy adliya organining ijobiy xulosasi mavjudligi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qarorlarni qabul qilishning majburiy sharti hisoblanadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining quyidagi hujjatlari hududiy adliya organlarida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmaydi:

  • shaxsiy tusdagi (lavozimga tayinlash, boshqa lavozimga o‘tkazish yoki lavozimidan ozod qilish, komissiya va boshqa kollegial organlar tarkibini tasdiqlash va boshqa shu kabilar);
  • tezkor-farmoyishli tusdagi (bir martalik topshiriqlar);
  • muqaddam belgilangan tartibni ijro etishni tashkil etishga yo‘naltirilgan hamda yangi huquqiy normalarni o‘z ichiga olmagan, shu jumladan, butun mazmuni boshqa organlar va mansabdor shaxslarning hujjatlari to‘g‘risida xabardor qilishdan iborat bo‘lgan hujjatlar;
  • sessiya, yig‘ilish, konferensiyalarni chaqirish to‘g‘risidagi hujjatlar;
  • loyihalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun kiritish to‘g‘risidagi hujjatlar;
  • tavsiya xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlar;
  • normativ-huquqiy hujjatlarga rasmiy sharh berish to‘g‘risidagi hujjatlar;
  • umummajburiy xususiyatga ega bo‘lmagan boshqa hujjatlar.
Top