14:19 / 23.11.2021
9583
O‘zbekiston 8 mingga yaqin mahsulotni Buyuk Britaniyaga bojsiz eksport qilish imkoniga ega bo‘ldi
Foto: Buyuk Britaniya elchixonasi axborot xizmati

O‘zbekiston 7800 dan ortiq mahsulotlarini Buyuk Britaniyaga import bojlarini to‘lamasdan eksport qilish imkoniga ega bo‘ldi. Birlashgan Qirollik mamlakatni kengaytirilgan GSP tizimiga qabul qilgani shunday imkoniyatni taqdim etmoqda. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Buyuk Britaniya elchixonasi hamkorligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilingan.

Ikki davlat hukumatlarining atigi 6 oylik hamkorlikdagi sa'y-harakatlaridan so‘ng, O‘zbekiston 2021 yil 1 noyabrda Buyuk Britaniyaning Kengaytirilgan GSP tizimi a'zoligiga rasman qabul qilindi va Birlashgan Qirollikning ushbu tizimiga qabul qilingan dunyodagi ilk davlat bo‘ldi. Rasmiy London O‘zbekistonga Kengaytirilgan GSP tizimi benefitsiari maqomi berilishining sabablarini izohlar ekan, O‘zbekiston inson huquqlari, mehnat standartlari, atrof-muhit va samarali boshqaruv sohasidagi 27ta asosiy xalqaro konvensiyani muvaffaqiyatli ratifikatsiya qilganini ta'kidlagan. O‘zbekiston mahsulotlariga import bojlarining bekor qilinishi esa, ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi oshishiga samarali ta'sir ko‘rsatadi.

Foto: Buyuk Britaniya elchixonasi axborot xizmati

Shunday qilib, bu tizim O‘zbekistonga dunyoning umumiy qiymati 437 milliard funt sterlingdan ortiq bo‘lgan beshinchi eng yirik iqtisodiyoti hamda yetakchi xalqaro iste'mol va chakana savdo bozoriga kirish imkonini beradi. O‘z navbatida, Buyuk Britaniya uchun ham mintaqaviy markaz bo‘lib xizmat qiladigan va mintaqaning eng jadal o‘sayotgan va rivojlanayotgan bozoriga kirishi osonlashadi hamda O‘zbekistonning noyob to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa turli xil mahsulotlariga yo‘l ochadi.

Foto: Buyuk Britaniya elchixonasi axborot xizmati

Buyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo komissari janob Kenan Poleoning aytishicha, “Buyuk Britaniya o‘sib borayotgan va rivojlanayotgan mamlakatlar savdodan qashshoqlikni kamaytirish uchun vosita sifatida foydalanishini ta'minlashga intiladi”. Uning ta'kidlashicha, “Bunda Buyuk Britaniyaning GSP tizimi Qirollikning dinamik bozoriga imtiyozli kirishni ta'minlash orqali juda muhim rol o‘ynaydi. Bu, o‘z navbatida, aholisi yosh va jadal o‘sib borayotgan O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tadbirkorlikni rag‘batlantirishga xizmat qiladi”.

Mavzuga oid
Top