19:16 / 23.11.2021
5689

O‘zbekiston avtomobil bozorida savdo hajmi qariyb 33 foizga o‘sdi

Oktabr oyida avtomobil savdosi birlamchi bozorda 58,5 foizga, ikkilamchi bozorda esa 24,3 foizga oshgan.

Foto: KUN.UZ

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, 2021 yilning oktabr oyida aholi o‘rtasida avtomobil oldi-sotdisi bo‘yicha shartnomalar soni joriy yilning sentabr oyiga nisbatan 32,6 foizga oshgan. Shuningdek, 2020 yil oktabr oyi bilan taqqoslaganda o‘sish 10 foizni tashkil qilgan.

Avtomobil bozorining sezilarli o‘sishi asosan ikkilamchi bozorda savdo hajmi o‘sishi bilan izohlangan. Oktabr oyida 50,1 ming dona avtotransport vositalari sotilgan bo‘lsa, sentabr oyida ushbu ko‘rsatkich 40,3 ming donani tashkil etdi (o‘sish – 24,3 foiz).

Shuningdek, birlamchi avtomobil bozorida ham sezilarli jonlanish kuzatilgan. Oktabr oyida 20,6 mingta yangi avtomobil sotilgan, bu esa sentabr oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 58,5 foizga ko‘proq.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur'atlari Surxondaryo (60,4 foiz), Navoiy (55,9 foiz), Buxoro (53,4 foiz) va Toshkent (50,2 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

Ma'lumot uchun, yanvar-oktabr oylarida respublika bo‘yicha 152,2 ming dona yangi yengil avtomobillar, shundan 9,9 ming dona yoki 6,5 foiz chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar ro‘yxatga olingan.

Top