19:42 / 23.11.2021
39933

«Ta'lim bilan tibbiyotni birinchi bo‘lib o‘zgartiramiz» - prezident

Prezident xalq ta'limi vaziri nega o‘qituvchi emasligiga izoh berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanidagi maktabga tashrifi chog‘ida Xalq ta'limi vazirligida ro‘y bergan so‘nggi o‘zgarishlar xususida gapirdi. 

«Maktablarimizni o‘zgartirishimiz kerak. Nega farzandlarimizga repetitor bilim beradi? 11 yil o‘qib nega maktabda o‘rganmaydi? Maktab mas'uliyatni o‘z bo‘yniga olishi kerak.

Maktablardagi holat menga ma'qul emas. Biz bolalarimizni – boyligimizni ularga ishonib beryapmiz. Maktablar endi murojaatlar qabul qiladi.

Ta'lim bilan tibbiyotni birinchi bo‘lib o‘zgartiramiz. 

Ikki sohada ham vazirlarni o‘zgartirdik. Yangi tajriba tariqasida xalq ta'limi vaziri lavozimiga Xitoy elchisini tayinladik. Kimdir hayron bo‘lishi mumkin – nega bu lavozimga o‘qituvchi-pedagog tayinlanmaganiga. O‘qituvchi bo‘lish shart emas vazir bo‘lish uchun, fidoyi-vatanparvar bo‘lish kerak», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda  Kun.uz muxbiri.

Prezident maktablardagi sport zallari, oshxonalarning holatidan ko‘ngli to‘lmaganini ta'kidladi. 

«Hech kim kelib bizga qilib bermaydi. Dunyoqarashimizni, ma'naviyatimizni, madaniyatimizni o‘zgartirmasak hech narsa o‘zgarmaydi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

  • Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi boshida Davlat soliq qo‘mitasining sobiq raisi, shu vaqtgacha bosh vazirning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan Behzod Musayev sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi.
  • Ko‘p o‘tmay turli yillarda Vazirlar Mahkamasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida turli lavozimlarda ishlagan, so‘nggi besh yilda O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi bo‘lgan Baxtiyor Saidov Xalq ta'limi vazirligi rahbari bo‘ldi.
Top