22:01 / 24.11.2021
3385

Bojxona qo‘mitasida BMT rasmiysi bilan uchrashuv bulib o‘tdi

Mamlakatimizda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan faol tashqi siyosat natijasida O‘zbekistonning xalqaro hamkorligi tobora kengayib bormoqda.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Mavjud hamkorlikni yanada mustahkamlash va istiqboldagi yo‘nalishlarni belgilab olish maqsadida joriy yilning 24 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi ijrochi direktori Gada Vali bilan qo‘mita Raisi Akmalxo‘ja Mavlonovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal ham ishtirok etdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Uchrashuvning maqsadi Markaziy Osiyo davlatlari uchun 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan Dasturning imzolanishi arafasida DBQ va BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi o‘rtasidagi yaqin muddatli hamkorlikning bir qator yo‘nalishlarini belgilab olishdan iborat.

Uchrashuvda Davlat bojxona qo‘mitasi raisi A. Mavlonov BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining jahonda, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida olib borayotgan keng ko‘lamli faoliyati, shuningdek, UNODC loyihalari doirasida amalga oshirilgan ishlar doirasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni yuqori baholadi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Qayd etilganidek, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘p qirrali hamkorlik va yordam bojxona xizmatining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishidagi imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Shu bilan birga uchrashuvda, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan o‘zaro hamkorlikning muhimligi alohida ta'kidlandi.

So‘nggi yillarda o‘zaro hamkorikda 50 ga yaqin tadbirlar o‘tkazilib, ularda 680 dan ortiq xodimlar ishtirok etdi. Soha faoliyatini rivojlantirish maqsadida  1 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ miqdorida texnik yordam ko‘rsatildi.

Uchrashuv davomida hamkorlikning yaqin istiqboldagi yo‘nalishlari belgilab olindi. Jumladan:

  • Situatsion markazning IKM tasvirlarini tahlil qilish, sun'iy intellekt elementlarini joriy etish orqali dasturiy ta'minot resurslarini yaratish yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash;
  • Davlat bojxona qo‘mitasining yangi tashkil etilgan Markaziy laboratoriyasiga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha texnik va uslubiy yordam ko‘rsatish;
  • Narkotik moddalar kontrabandasi xavfi yuqori bo‘lgan chegara bojxona postlarining (“Ayritom”, “Sariosiyo” avto, “Sariosiyo” temir yo‘l, “Olot”, “Jartepa”) texnik salohiyatini mustahkamlash;
  • “Konteynerlar tashuvini nazorat qilish” dasturi doirasida “Dout-ota” (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) «Do‘stlik» (Andijon viloyati) nazorat-o‘tkazish punktlarida, «Chuqursoy», «Yallama», «Olot» chegara bojxona postlari analogiyasi bo‘yicha qo‘shimcha «Port-nazorat guruhlari»ni ochish yuzasidan ishlarni davom ettirish;
  • Sintetik va boshqa turdagi giyohvand moddalarning xalqaro pochta jo‘natmalarida noqonuniy aylanishiga qarshi qo‘shma loyihani ishga tushirish;
  • «Itlarning veterinariya reproduktologiyasi» yangi yo‘nalishini kinologik faoliyatga joriy etishga ko‘maklashish.

Tadbirda davlat xavfsizligi, mintaqa va butun dunyoga jiddiy tahdid solayotgan zamonaviy giyohvandlik muammolarining dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Shu bilan birga, mehmonlar yangi tashkil etilgan Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona nazorati bosh boshqarmasi tarkibidagi alohida bo‘linma – Situatsion markaz faoliyati bilan ham tanishtirildi.

2021 yil sentabr oyida ushbu Markazning vakolatlari kengaytirildi va natijada mazkur bo‘linmaga Inspeksion ko‘rik komplekslari tomonidan olingan suratlarni tahlil qilish guruhlari faoliyatini muvofiqlashtirish funksiyasi yuklatildi.

Ushbu markaz tashkil etilishi natijasida 102,2 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklar hamda 140 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalarini noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, respublikada giyohvandlikka qarshi kurash sohasidagi loyiha va dasturlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish O‘zbekistonning giyohvandlikka qarshi kurash siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini alohida ta'kidlash muhimdir.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy byurosi orqali O‘zbekistonning giyohvand moddalar savdosi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashdagi asosiy hamkori hisoblanadi va 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT barqaror rivojlanish bo‘yicha Global kun tartibining 16-maqsadini qo‘llab-quvvatlaydi.

Top