21:58 / 24.11.2021
7730

«Oyog‘imizning tagida» imkoniyat turibdi – Prezident meva-sabzavotchilikda ko‘rsatkichlarni yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24 noyabr kuni meva-sabzavotchilik va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi klaster tizimi asosida rivojlantirilmoqda. Paxta-to‘qimachilik, g‘allachilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik klasterlari sifat va daromad jihatidan izchil o‘smoqda.

Meva-sabzavotchilikda ham ko‘plab klasterlar tashkil etilgan. Lekin natijalar mavjud salohiyat darjasida emas. Masalan, bu tarmoqda eksport miqdorini hozirgi 1 milliard 200 ming dollardan 5 milliard dollarga ko‘paytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Jumladan, bugungi kunda Asaka, Angor, Denov, Jomboy, Samarqand, Oltiariq, Quva, Yuqori Chirchiq, Yangiqo‘rg‘on tumanlaridagi meva-sabzavotchilik klasterlari 20-25 million dollarlik mahsulot eksport qilmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda shu boradagi imkoniyat va muammolar, hosildorlik va bandlikni oshirish choralari muhokama qilindi.

«Ilgari paxtachilikda faqat xomashyo sotardik. Kotirovka eng yaxshi bo‘lgan yilda daromad 1 milliard dollar atrofida bo‘lardi. Mana, hozir paxtani o‘zimizda qayta ishlab, 3 milliard dollarga chiqdik. Bu faqatgina eksport ko‘rsatkichi. Bu sohada hali qancha ish o‘rni, oylik, soliq bor. Ishni to‘g‘ri tashkil etib, meva-sabzavotchilikda ham shunday natija qilish mumkin. «Oyog‘imizning tagida» imkoniyat turibdi», – dedi davlat rahbari.

Shu bois meva-sabzavotchilik klasterlari, dehqon xo‘jaliklari va tomorqachilikni rivojlantirish, ularni moliyalashtirish, agroxizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi ta'kidlandi.

Eksport shartnomasi bo‘lgan meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sug‘urtalash xarajatlarining 50 foizi budjetdan qoplab beriladi.

Mutasaddi vazirliklarga mazkur tizimni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda tomorqa xo‘jaliklaridan samarali foydalanish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Yurtimizda aholi ixtiyorida 500 ming gektar atrofida tomorqa mavjud. Ularda mahsulot yetishtirishga ko‘maklashish uchun kelgusi yilda 100 million dollar yo‘naltirish rejalashtirilgan. Bu mablag‘ oilaviy tadbirkorlik dasturi asosida, imtiyozli shartlarda beriladi.

Tomorqa xizmati korxonalariga ham 300 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi. Samarali ishlayotgan shunday korxonalar negizida tomorqa xizmati klasterlari tashkil etiladi. Ularda ko‘chatchilik issiqxonasi, kichik texnika parki, sovutkichli omborxona, quritish, saralash va qadoqlash kabi xizmatlar jamlanadi.

Tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish maqsadida har bir tumanda kooperatsiyalar tashkil etilib, ularga subsidiya beriladi.

Ekinlarni suv bilan ta'minlash ham dolzarb masala. Shu bois suv borishi qiyin tomorqalar va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug‘orish xarajatlarining bir qismini budjetdan qoplash tartibi 2026 yil 1 yanvargacha uzaytiriladigan bo‘ldi.

«Xonadonda tovuq, quyon va chorva boqish – to‘qlik, to‘kinlik manbayi. Bunday oilada eng zarur kundalik mahsulotlar doim bo‘ladi. Shu bois yig‘ilishda xonaki parranda naslchiligini rivojlantirish, har bir tumanda veterinariya xizmati va kichik inkubatorlar tashkil etish, ozuqa yetkazib berish masalalariga alohida e'tibor qaratildi», deyiladi xabarda.

Tumanlarda meva-sabzavot va uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari tashkil etilishi belgilandi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, tarmoq va hudud rahbarlari so‘zga chiqdi.

Top