14:41 / 24.11.2021
18977
Ronaldu va «MYu» pley-offda, «Barselona» halokat yoqasida

Seshanba kuni Chempionlar ligasida to‘rt guruhda 5-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

«Barselona» guruhda qolib ketishi mumkin, Kiyev yevromavsumdan umid uzdi.

Ye guruhi
«Dinamo» K — «Bavariya» — 1:2
(Garmash, 70 — Levandovski, 14. Koman, 42)

Foto: SEBASTIAN WIDMANN/GETTY IMAGES

To‘rtinchi turdan keyinoq guruhda birinchi o‘rinni kafolatlagan «Bavariya» qorli Kiyevga deyarli jangovar tarkib bilan tashrif buyurdi. Faqat emlanmagan besh futbolchi karantinga yuborilgan - ular orasida Kimmih, Gnabri va Musiala kabi asosiy tarkib futbolchilari bor. Albatta, qaysidir pozitsiya kuchsizlangan, ammo myunxenliklarda tarkib borasida jiddiy muammo yuzaga kelmadi.

Kiyevliklar raqibga yarimta imkoniyat berishdi va Levandovski bundan foydalanib, chalqancha holatda zarba berib, uni darvoza to‘riga joyladi. Bunga hatto butsa bog‘ichi yechilib ketgani ham xalal berolmadi va polshalik to‘purar faoliyatida ikkinchi bor YeChLda qatorasiga to‘qqiz o‘yinda gol urish bo‘yicha seriyani davom ettirdi. Levi yana Krishtianu Ronalduning rekordini yangilash uchun ketmoqda, portugaliyalik yulduz YeChL o‘yinlarida qatorasiga 11 uchrashuvda gol urgan.

Guruh bosqichida gol urmay kelayotgan Mirchi Luchesku jamoasi bu oqshom o‘zining joriy turnirdagi eng yaxshi o‘yinini o‘tkazdi. Ammo «Dinamo» futbolchilarini har safar Noyyer to‘xtatib qolaverdi. Germaniyalik posbon asosiy yevrokubokda 124-o‘yinini o‘tkazib, Janluidji Buffonning rekordini takrorladi. Bu borada eng yaxshi ko‘rsatkich Iker Kasilyasga tegishli (177).

Yakunda Garmash baribir Noyyer darvozasini ishg‘ol qildi, ammo «Dinamo» o‘yinni qutqara olmadi va guruhning ikkinchi o‘yinidan keyin ishtirokini Yevropa Ligasida davom ettirishdan ham umid uzdi.

«Barselona» — «Benfika» — 0:0

Xavining Chempionlar ligasida bosh murabbiy sifatidagi debyutida Sergey Karasayev boshchiligidagi rossiyalik hakamlar brigadasi o‘yinni boshqardi. Ular 35-daqiqada, Otamendi kuchli zarba bilan to‘pni to‘sin orqali darvozaga yo‘llaganda diqqat markazida bo‘lishdi. Bu gol «Benfika» muxlislarini ko‘p vaqt xursand qila olmadi, burchak zarbasi ijro etilgan vaqtda to‘p maydon chizig‘i tashqarisidan kelgani ma'lum qilindi. Lekin bu qaror to‘g‘riligini tasdiqlovchi takrorlar namoyish etilmadi.

Birinchi bo‘limda jamoalar yana bittadan qulay imkoniyatga ega bo‘lishdi. Yaremchukning bosh bilan yaqin masofadan yo‘llagan kuchli zarbasini ter Shtegen bir amallab qaytardi. O‘yinda to‘pni nazorat qilgan «Barselona» ko‘plab kombinatsiyalar uyushtirdi, ammo «burgutlarni» Vlaxodimosning reaksiya ko‘rsatishlari va Yusuf Demirning uzoq burchak tomon yo‘llagan zarbasini o‘ziga qabul qilgan to‘sin qutqardi.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

Publikatsiya ot ESPN FC (@espnfc)

Ikkinchi bo‘limdagi asosiy ikki dramadan biri — ofsayd tufayli Arauxoning goli hisobga olinmasligi bo‘ldi, u kutilmaganda o‘ng qanot himoyasida harakat qildi va yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Lekin urugvaylik futbolchi jarohat olib, almashtirildi, bu esa kataloniyaliklar himoyasini kuchsizlantirdi va qo‘shib berilgan uchinchi daqiqada gol o‘tkazib yuborilishiga bir baxya qoldi. Qarshi hujum vaqtida portugallarning ikki futbolchisi qarshisida bir himoyachi - Erik Garsiya yolg‘iz qoldi, «Barsa» muxlislari baxtiga, to‘pni ter Shtegendan ham olib o‘tgan Seferovich bo‘sh qolgan darvozaga aniq zarba bera olmadi.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

Publikatsiya ot ESPN FC (@espnfc)

«Barselona» guruhdagi 5 o‘yindan 3tasida gol urolmadi, jami 2 gol urdi - ikkisi ham «Dinamo» darvozsiga (1:0, 1:0). Ikkinchi o‘ringa chiqa olmagan bo‘lsa-da, «Benfika» pley-off uchun yaxshi imkoniyat hosil qilgan. Lissabonliklar so‘nggi turda guruhda so‘nggi o‘rinda qolishi aniq bo‘lgan «Dinamo»ga qarshi uy o‘yinida g‘alaba qozonishsa, faqat bir holatda ikkinchi o‘ringa chiqa olmaydi — agar «Barselona» Myunxenda mo‘jiza ko‘rsatib, «Bavariya»ni mag‘lub etsa.

«Barselona» YeChL guruh bosqichidan chiqa olmasligi so‘nggi bor 2000-2001 yilgi mavsumda kuzatilgan. O‘shanda kataloniyaliklar guruhda «Milan» va «Lids»dan keyin uchinchi bo‘lishgan. Mavsumni UYeFA Kubogida davom ettirgan jamoa yarimfinalgacha yetib borgan va «Liverpul» tomonidan to‘xtatilgandi.

8 dekabr. Bavariya — Barselona, Benfika — Dinamo K.

«Atalanta» yoki Emeri?

F guruhi
«Vilyarreal» — «Manchester Yunayted» — 0:2
(Krishtianu Ronaldu, 78. Sancho, 90).

Foto: AITOR ALCALDE/GETTY IMAGES

«Vilyarreal»ga qarshi o‘yingacha «Manchester Yunayted» Ole Gunnar Sulsher o‘rniga yangi murabbiy topishga ulgurmadi, shu tufayli Ispaniyaga jamoani norvegiyalik mutaxassisga yordamchilik qilgan Maykl Karrik olib keldi.

Karrik tarkibda qator tajribalar amalga oshirdi. Donni Van De Bek boshlang‘ich tarkibda chiqdi, Brunu Fernandesh zaxira o‘rindig‘ida qoldi. Krishtianu Ronaldu markazni Antoni Marsiyalga qoldirib, o‘yinni hujumning chap qanotida boshladi.

Unai Emeri shogirdlari Ispaniya chempionatida APLdagi «Yunayted»dan ko‘ra yaxshiroq ishtirok etmayapti, ammo bunga hech kim e'tibor qaratmaydi. Ularning primerodagi 12-o‘rnini Chempionlar ligasidagi guruh yetakchiligi yopib ketardi. «Sariq submarinalar» 7 ochkodan 6tasini «Yang Boyz»ga qarshi o‘yinlarda jamg‘argan, lekin «MYu» va «Atalanta»ga qarshi ham ispanlar yuqori saviyali o‘yin ko‘rsatishgandi.

O‘yin referi Feliks Brixning qurilmalaridagi muammo tufayli belgilanganidan biroz kechroq boshlandi. Barchasi hal bo‘lib, o‘yinga start berilgach, Emeri shogirdlari to‘pni nazoratga olishdi va bir necha xavfli hujumlar uyushtirishdi. David De Xea «MYu»ni bir necha bor qutqarishiga to‘g‘ri keldi. Aynan ispaniyalik posbon hozirda jamoadagi eng ishonchli va barqaror o‘yin ko‘rsatayotgan futbolchidir. Hatto «Uotford»ga qarshi muvaffaqiyatsiz o‘yinda ham ushbu darvozabon ikki bor penalti qaytargandi. Usiz «MYu»ning ahvoli hozirgidan ham ancha yomon holatga kelgan bo‘lardi. 59-daqiqada u Manu Trigerosning jarima maydoni ichida turib to‘pni sapchitgan holda yo‘llagan murakkab zarbasini ham to‘sa oldi.

Angliyaliklar faqat Karrikning o‘yinchi almashtirishlaridan keyin o‘ziga kela boshladi. 66-daqiqada u Marsiyal va van de Bek o‘rniga Markus Reshford hamda Brunu Fernandeshni tushirdi. Besh daqiqa o‘tib portugaliyalik golli vaziyat yaratdi va Jyeydon Sanchoni zarba berish nuqtasiga chiqardi, ammo «Vilyarreal»ni darvozabon qutqardi. Ammo «Yunayted» o‘z golini baribir urdi. Gol kutilmagan joydan keldi. Mezbonlar himoyadan chiqishda xatoga yo‘l qo‘yishdi — Fred Eten Kapuni pressing qilib, to‘pni yo‘qotishga majbur qildi. To‘p Ronalduga borib tushdi, portugaliyalik to‘purar to‘pni yerga tushirmasdan «Vilyarreal»ning argentinalik darvozaboni Xeronimo Ruli ustidan oshirib tashladi. Krishtianu uchun bu Chempionlar ligasida joriy mavsumdagi oltinchi (u YeChL guruhdagi barcha o‘yinlarda gol urib kelmoqda va u ingliz klublari safida bunday natija qayd etgan ilk futbolchidir), faoliyatidagi 799-gol bo‘ldi. U keyingi o‘yinda (APLning navbatdagi turida «Chelsi»ga qarshi) yubiley golini urishi mumkin. 

Mankunianliklar shundan keyin aytarli qiyinchiliksiz o‘yinni g‘alabagacha olib borishdi va guruh masalasini hal qilishdi. 85 millionlik Sancho nihoyat «MYu» uchun ilk golini urdi (unda golsiz seriya 14 o‘yin davom etdi), u «qizil iblislar»ning qarshi hujumini effektiv zarba bilan yakunladi hamda Fernandeshga oltinchi golli uzatmani taqdim etdi.

So‘nggi turda «MYu» «Yang Boyz»ni qabul qiladi va Shveytsariyadagi mag‘lubiyat uchun muxlislar ko‘z oldida o‘zini oqlashga harakat qiladi. «Vilyarreal»ni esa «Atalanta»ga safar kutmoqda — jamoalar pley-offga kim chiqishini o‘zaro uchrashuvda hal qilishadi.

«Yang Boyz» — «Atalanta» — 3:3 (Sebatshe, 39. Serro, 80. Xefti, 84 — Sapata, 10. Palomino,51. Muriel, 88)

Bu guruhdagi birinchi o‘yinda g‘olib bo‘lish orqali «MYu» nafaqat pley-off yo‘llanmasini kafolatladi, balki «Atalanta»ga ikkinchi o‘ringa ko‘tarilish uchun imkoniyat ham yaratdi. Bergamoliklar bu imkonni qo‘lga chiqarmaydigandek edi. Ular o‘yinni juda kuchli boshlashdi, Sapata tezkor gol urdi, ammo «Yang Boyz» qatorasiga uch mag‘lubiyatdan keyin borini maydonga tashladi va o‘z muxlislariga g‘alaba taqdim etishi ham mumkin edi.

Shveytsariya chempionlari ikki bor hisobda oldinga chiqib olishdi va Xefti ajoyib zarba bilan «to‘qqizlik»ni aniq nishonga olganida o‘yin masalasi hal bo‘lgandek edi. Ammo mehmonlarni Muriel qutqardi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan kolumbiyalik jarima zarbasini mahorat bilan ijro etdi va birinchi teginishdayoq to‘pni yaqin burchakka mixladi. Endi bor kuchini shu o‘yinda sarflagan «Yang Boyz» Yevropa ligasi pley-offiga o‘tish uchun faqat nazariy jihatdan imkoniyat saqlab qolgan, Jan Pero Gasperini esa ikki haftadan keyin «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda YeChL pley-offi uchun jang qiladi.

8 dekabr. Manchester Yunayted — Yang Boyz, Atalanta — Vilyarreal.

«Chelsi» pley-offga yorib kirdi

N guruhi
«Chelsi» — «Yuventus» — 4:0
(Chaloba, 25. Jyeyms, 55. Hadson-Odoi, 58. Verner, 90+5).
«Malmyo» — «Zenit» — 1:1 (Riks, 28 — Rakitskiy, 90+3). 

«Zenit» bu tur arafasida pley-offga chiqish uchun nazariy jihatdan ikki shart bilan imkoniyat saqlab qolgandi — o‘zi Malmyoda g‘alaba qozonishi va «Yuventus» «Stemford Brij»da uch ochko olishi. Ammo «Chelsi» barcha masalani Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan so‘nggi turga qoldirishga rozi emasdi va o‘yinni juda kuchli boshlab, hisobda oldinga chiqib oldi. Hisob ochilgan vaziyatda mehmonlar norozilik bildirishdi, ularning nazdida to‘p Chalobaga Ryudigerning qo‘lidan kelib tushgandi, ammo VAR hech qanday qoida buzilishi topmadi va arbitr maydon markazini ko‘rsatdi.

Ko‘klar jamoasi himoyachilari — mastera na vse ruki. Ular raqib jarima maydonida xavf solishga ham ulgurishmoqda, jamoaning bu mavsumda urilgan  43 golidan 16tasi mudofaa chizig‘i vakillari hisobiga yozilgan, shu bilan birgalikda, o‘zlarining birinchi galdagi majburiyatlarini ham unutib qo‘yishayotgani yo‘q. Seshanba oqshomida ayniqsa Tiagu Silva ideal darajada o‘yin ko‘rsatdi, u Morataning zarbasi darvoza to‘riga kirib ketayotganida to‘pni chalqancha uslubda chiziq ustidan qaytarib yubordi. Braziliyalik futbolchiga bu oqshomda shunday  holatda gol urgan Levandovskidan ham qiyinroq edi.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa Jyeyms o‘tkir burchakdan yo‘llagan kuchli zarbasi bilan Shchensniga hech qanday imkoniyat qoldirmadi, «Yuve» esa safardan ochko bilan qaytishdan umid uzdi. «Keksa sinora»ning hozirgi tarkibi jasorat ko‘rsatishga tayyor emas, «Chelsi» esa muvaffaqiyatini yanada rivojlantirdi. Ikkinchi goldan bir necha daqiqa o‘tib Loftus-Chik Hadson-Odoini golli pas bilan ta'minlashdan oldin turinliklar himoyachilarini yosh bolalar ko‘yiga soldi va bu o‘yinda kim yaqqol ustun ekanini namoyish etdi. Muxlislar haddan tashqari ko‘tarinkilik bilan xursandchilik qilishdi - bu gollarni urganlar nafaqat angliyaliklar, balki klub akademiyasi tarbiyalanuvchilari edi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa germaniyalik legioner Timo Verner yakuniy hisobni o‘rnatdi - 4:0.

8 dekabr. Zenit — Chelsi, Yuventus — Malmyo.

«Sevilya» qahramonlik ko‘rsatishi kerak

G guruhi
«Sevilya» — «Volfsburg» — 2:0
(Xoan Xordan, 12. Rafa Mir, 90+7)
«Lill» — «Zalsburg» — 1:0 (Devid, 31)

Seviliyaliklar dastlabki 4 o‘yinda jami 3 ochko jamg‘arib, ahvolni qiyinlashtirgandi. Ammo bu turda jamoa qahramonlarcha so‘nggi o‘rindan yuqori ko‘tarildi. Birinchi bo‘limni o‘z foydasiga hal qilishda Xulen Lopetegi jamoasiga Rakitichning Xoan Xordanning boshiga to‘pni yetkazib bergan ideal darajadagi kross va to‘sin ostiga yo‘llangan murakkab zarbani qaytargan Bununing reaksiyasi yordam berdi. Andalusiyaliklar kuchliroq o‘ynashdi, ammo o‘yin masalasiga faqat qo‘shib berilgan daqiqalar yakunlanayotganda nuqta qo‘yildi.

Endi ular YeChLda dastlabki to‘rt turda birorta g‘alabaga erishmagan holda pley-offga chiqqan ikkinchi jamoa bo‘lishi mumkin - avvalroq bunday natija «Atalanta» tomonidan qayd etilgandi. Buning uchun safarda «Zalsburg» mag‘lub etilishi kerak, raqib Avstriyada joriy etilgan lokdaun tufayli muxlislarning qo‘llab-quvvatlovidan mahrum.

Shu bilan birga, ayni vaqtda guruhda so‘nggi o‘rinda turgan «Volfsburg»da ham pley-offga chiqish imkoniyati saqlanib qolmoqda, nemislar o‘z uyida «Lill»ni mag‘lub etib, o‘zaro uchrashuvlardagi ustunlik evaziga fransuzlardan oldinga chiqib olishi mumkin. Seshanba oqshomidagi o‘yinda «Lill» yana kanadalik Devidning sa'y-harakatlari bilan: 2000-yillarda tug‘ilgan futbolchilar orasida sermahsullik bobida u faqat Holanddan ortda (13ga qarshi 12 gol).

8 dekabr. Volfsburg — Lill, Zalsburg — Sevilya.

Kun statistikasi

  • 1931 yildan buyon «MYu»dagi birinchi o‘yinida g‘alaba qozongan angliyalik murabbiy Maykl Kerrik bo‘ldi.
  • 6 golli uzatma bilan turnirning bu mavsumidagi eng yaxshi assistent — «MYu» yarimhimoyachisi Brunu Fernandesh bo‘lib turibdi.
  • 6 futbolchi turnirning guruh bosqichida qatorasiga besh turda gol urgan. Ammo — Alessandro Del Pero, Sergey Rebrov, Neymari va Erling Holanddan farqli ravishda — Levandovski va Krishtianu Ronaldu bu natijani ikki martadan qayd etgan.
  • Krishtianu Ronaldu qatorasiga 17-mavsumda kamida 10ta gol urmoqda.
Top