10:46 / 24.11.2021
3830
SSV taklif va tashabbuslar uchun yangi platformani ishga tushirdi

SSV yosh shifokorlar (45 yoshgacha) g‘oya va tashabbuslarini bildirishi uchun «Yangi O‘zbekiston shifokorlari» platformasini tashkil etdi. Unda nafaqat O‘zbekistondagi, balki xorijdagi vatandoshlar ham o‘z takliflari bilan qatnashishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonning yosh, tashabbuskor shifokorlari uchun yangi g‘oya va takliflar maydonini yaratdi.

«Prezidentimiz tibbiyot sohasini xalqimizni rozi qiladigan tizimga aylantirish bo‘yicha oldimizga juda katta vazifalarni qo‘ygan. Bularni to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolarni hal etish uchun yangi g‘oya va tashabbuslar, kreativ yondashuvlar nihoyatda zarur.

Bu borada vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotgan, jamiyatdagi yangilanishlar jarayonida faol ishtirok etib, dolzarb masalalarni dadil ko‘tarib chiqayotgan yosh shifokorlar kuch-g‘ayrati, azm-u shijoatiga suyanamiz.

Sog‘liqni saqlash vazirligining «Yangi O‘zbekiston shifokorlari» platformasi tibbiyot sohasining ana shunday faol va tashabbuskor yosh vakillarini birlashtirish maqsadida yaratildi. Yangi platforma nafaqat yurtimiz, balki dunyoning istalgan hududida yashab, mehnat qilayotgan 45 yoshgacha bo‘lgan shifokor vatandoshlarimiz uchun mo‘ljallangan. U orqali mamlakatimiz tibbiyoti oldida turgan dolzarb masalalar va ularning yechimlari bo‘yicha yangi g‘oya, taklif hamda tashabbuslar qabul qilinib, sog‘liqni saqlash tizimi rivojiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyada muhokama etiladi.

Shuningdek, eng yaxshi g‘oya va takliflar bergan yosh shifokorlar vazirlik istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritiladi.

Yangi O‘zbekiston tibbiyoti rivojiga o‘z hissangizni qo‘shmoqchimisiz? Ilg‘or g‘oya va tashabbuslaringizni ro‘yobga chiqarish uchun maydon kerakmi? Unda shoshiling! Biz sizni hamkorlikka chorlaymiz!

Buning uchun ushbu manzil orqali ro‘yxatdan o‘tib, soha oldida turgan dolzarb masalalarning yechimlari bo‘yicha o‘z g‘oya va takliflaringizni qoldiring. Ularning konfedetsialligi ta'minlanadi.

Vatanga daxldorlik hissi va faol fuqarolik pozitsiyangizni ko‘rsatish fursati keldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi sizning har bir g‘oya va taklifingizni qadrlaydi. Imkoniyatni boy bermang!» deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Top