21:53 / 25.11.2021
7427

Elektromobillardan foydalanish ko‘rsatkichini oshirish bo‘yicha hukumat rejalari ochiqlandi

2025 yilgacha O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan avtomobillarning kamida 20 foizi, 2030 yilga borib esa jamoat transportlarining 80 foizi elektromobillar bo‘ladi.

Bu haqda, 24 noyabr kuni AOKA majlislar zalida Glazgo shahrida iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan sammit (COP26) yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

«Butun dunyo yashil transportga o‘tayotganda O‘zbekiston ham shunchaki qarab turgani yo‘q va bu borada hukumat aniq pozitsiyalarini belgilab olgan.

Masalan, shu yil iyul oyida elektromobillardan foydalanishni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Uning ichida esa bosqichma-bosqich qilinadigan ishlar rejasi belgilab olingan.

Hozir qo‘limda hujjatning o‘zi yo‘q, lekin adashmasam, unda 2025 yilgacha O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan avtomobillarning kamida 20 foizi elektromobillar bo‘lishi kerakligi belgilangan. 2030 yilga borib esa bu ko‘rsatkichda yanada yuqorilash maqsad qilingan.

Shuningdek, 2030 yilgacha O‘zbekistondagi jamoat transportlarining 80 foizini elektrga asoslangan transportga o‘tkazish vazifa qilib olingan. Umuman, hukumat bu borada qat'iy pozitsiyaga ega», – deya Iqtisodiy taraqqiyot va qashshoqlikni qisqartirish vazirligi boshqarma boshlig‘i O‘tkirjon Xolbadalov so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.

Top