14:05 / 25.11.2021
21450

Gvardiola orani ochiq qildi, «Real» «Sherif»dan qasdini oldi. YeChL pley-offiga yana qaysi jamoalar chiqdi?

5-tur uchrashuvlaridan keyin 1/8 finalga Angliyaning to‘rtala jamoasi - «Manchester Siti», «Liverpul», «Chelsi» va «MYu» yo‘l olgan. Shuningdek, «PSJ», «Ayaks», «Sporting», «Real», «Inter», «Bavariya» va «Yuventus» bahorgi o‘yinlardagi ishtirokini kafolatlab bo‘lgan.

Foto: Reuters

Chorshanba oqshomida Chempionlar ligasi 5-tur uchrashuvlari yakunlandi.

«Siti» — birinchi

A guruhi
«Manchester Siti» — «PSJ» — 2:1
(Sterling, 63. Gabriel Jyezus, 76 — Mbappe, 50)
«Bryugge» — «Leypsig» — 0:5 (Nkunku, 12, 90+3. Forsberg, 17, s penalti, 45+1. Andre Silva, 27)

Manchesterdagi o‘yin o‘rtalariga kelib «Manchester Siti» va «PSJ» pley-off yo‘llanmasini amalda rasmiylashtirib bo‘lishdi va buning uchun bu ikki grand jamoa o‘zi biror ish qilishiga hojat qolmadi. Ular uchun «Leypsig» barchasini bajardi, nemislar to‘rt turdan keyin atigi bir ochko jamg‘argandi, ammo Bryuggeda «ho‘kizlar» jamoasi raqibni yakson etdi. Nemislar jamoasi «Bryugge»ni quvib o‘tish uchun to‘plar nisbatini yaxshilashi talab etilardi. Faoliyatidagi eng yaxshi mavsumni o‘tkazayotgan Nkunku o‘yinda hisobni ochib berdi va qo‘shimcha daqiqalardagi goli bilan o‘yinga nuqta qo‘ydi - u joriy turnirdagi gollari sonini 7taga yetkazdi.

Manchesterda esa «shaharliklar» parijliklarni noodatiy ish bilan mashg‘ul bo‘lishga - himoyalanishga majbur qilishdi. Gundo‘g‘an juda qulay vaziyatdan turib to‘pni darvoza ustuniga tekkizgan holda ochiqchasiga mehmonlarni ayadi, Mahrezning zarbasi golga aylanishidan uning yo‘lidan chiqqan himoyachi asradi. Shu bilan birga, «PSJ» umuman hujumlarga chiqmadi deyish qiyin, Chempionlar ligasida 50-o‘yinini o‘tkazgan Mbappe Neymarning pasidan keyin to‘pni darvozaning yuqori burchagiga joylashtirishi ham mumkin edi.

Fransiyalik hujumchi tanaffusdan keyin maqsadiga erishdi. Bu hujum vaqtida to‘p himoyachiga tekkan holda borishigina Messini golli uzatma muallifi bo‘lishdan mahrum qildi, bu golli kombinatsiyada Neymar ham o‘z hissasini qo‘shdi - u to‘pni original tarzda argentinalik sherigiga o‘tkazib yuborish orqali himoyachilarni chalg‘itdi.

«Park de Prens»dagi mag‘lubiyatli o‘yinda ham inglizlar maydonda to‘liq ustunlik qilgandi, ammo bu safar Xosep Gvardiola shogirdlari o‘z vaziyatlarini golga aylantirish bilan ajralib turishdi. «Siti» ikki bor raqib himoyasini ilojsiz holatda qoldirdi va aprel oyidagi ssenariyni takrorlagan holda (o‘shanda yarimfinalga chiqilgandi), o‘zi uchun birinchi o‘rinni kafolatladi.

7 dekabr. «Leypsig» — «Manchester Siti», «PSJ» — «Bryugge».

«Liverpul» intrigani qizitdi

Foto: ANDREW POWELL/GETTY IMAGES

V guruhi
«Liverpul» — «Portu» — 2:0
(Tiagu Alkantara, 52. Saloh, 70)

O‘tgan turdayoq birinchi o‘rinni band qilib bo‘lgan qizillar natijasi o‘zi uchun ahamiyatsiz bo‘lgan o‘yinga aralash tarkib bilan tushdi, Yurgen Klopp hatto 19 yoshli debyutant Mortonga joy topib berdi. Tarkibdagi o‘zgarishlar, albatta o‘yinga ta'sir ko‘rsatmay qolmadi, «Portu»ning hujumlari faqat alohida futbolchilarning jonbozligi yoki omad evaziga to‘xtatildi. Ammo «Liverpul» baribir bir bosh ustunligicha qoldi, «ajdarlar»ni esa Pepening jarohati zaiflashtirdi.

Yaqinda Portugaliya ushbu faxriy futbolchi safda bo‘lmaganida serblarga qarshi JCh-2022 yo‘llanmasi uchun o‘yinni boy bergandi, endi esa uning klubi himoyasida ham muammolar yuzaga keldi. Manening goli mikroskopik ofsayd tufayli bekor qilingan bo‘lsa, Tiagu Alkantaraning jarima maydoni tashqarisidan kiritgan goli bilan bahslashishning imkoni yo‘q edi. Salohning goli esa olqishlarga sazovor: tovon bilan pas, Hendersondan to‘pni qayta qabul qilib olish va misrlik futbolchi ikki harakat bilan himoyachilar va darvozabonni dog‘da qoldirdi.

«Atletiko» — «Milan» — 0:1 (Junior Messias, 87)

«Portu»ning mag‘lubiyati Madriddagi o‘yinning ahamiyatini oshirib yubordi, bu yerda jamoalar shiddatli birinchi bo‘lim o‘tkazishdi. Dastlabki to‘rt turda 1 ochko jamg‘argan «Milan» pley-offdan hali umid uzilmaganini anglagan holda raqibni o‘z darvozasiga yaqinlashtirmaslikka harakat qildi. O‘yin qahramonlari Teterushanu va Oblak bo‘lishi kutilayotgandi, Oblak ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Ibrahimovichni to‘xtatib qoldi, ammo o‘yin oxirida guruhdagi kuchlar nisbati butkul o‘zgarib ketdi.

Dastlabki uch turda mag‘lub bo‘lib, keyin bir bor durang o‘ynagan «rossoneri»lar baxtiga ularning safida Junior Messiasa qiyofasida yangi qahramon topildi. Mavsum arafasida V seriya vakili «Krotone»dan ijaraga olingan 30 yoshli futbolchini «Atletiko» himoyachilari nazardan qochirishdi va Kessening uzatmasidan keyin osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa «matraschilar» safida o‘yinni qutqarish uchun maydonga tashlangan Mateus Kunya Lorentening ideal uzatmasini yo‘qqa chiqardi - u darvozabon hududida turib to‘pga to‘g‘ri zarba berolmadi.

So‘nggi turda «Milan» so‘nggi o‘rindan ikkinchi o‘ringa ko‘tarilish uchun uyda «Liverpul»ni mag‘lub etishi va «Portu» — «Atletiko» o‘yinida durang qayd etilishiga umid qilishi kerak bo‘ladi.

7 dekabr. «Milan» — «Liverpul», «Portu» — «Atletiko».

Dortmund Yevropa Ligasiga jo‘natildi

S guruhi
«Sporting» — «Borussiya» D — 3:1 (Pedru Gonsalvesh, 30, 39. Pedro Porro, 86 — Malen, 90+3)
«Beshiktosh» — «Ayaks» — 1:2 (G‘azzol, 22, penaltidan — Aller, 54, 69)

Tashqaridan qaraganda, bu guruhdagi birinchi o‘yin natijasi faqat «Beshiktosh» uchun ahamiyatli edi, o‘yin yakunida turkiyaliklar Yevropa Ligasi pley-offiga o‘tishdan ham umid uzishdi. Ammo bosh murabbiyi Erik ten Haag yana bir bor «MYu»ga ketishi haqidagi mish-mishlarni rad etgan «Ayaks» hech qachon ishtiyoqni yo‘qotmasligini namoyish etdi. Birinchi bo‘limdagi hujumlarda yakunlovchi aniq zarba yetishmagan bo‘lsa, maydonda Aller paydo bo‘lgach, uning ikki zarbasi natijani ta'minladi. Fransiyalik mergan Krishtianu Ronaldu va Levandovskidan ortda qolishni istamayapti - u guruh bosqichining o‘tgan besh turida ham gol urgan.

Chempionlar ligasida debyut mavsum o‘tkazayotgan Aller nafaqat jamoa muxlislarini, balki dopingga qarshi qoidalarni buzgani uchun 10 oylik diskvalifikatsiya muddatini o‘tab darvozaga qaytgan Onanani ham xushnud etdi. 

Chorshanba oqshomida futbol muxlislarining asosiy e'tibori «Sporting» va «Borussiya» o‘rtasida ikkinchi o‘rin uchun kechgan jangga qaratildi. Dortmund uchun o‘tgan turda Hummelsning mojaroli ravishda maydondan chetlatilgani hal qiluvchi nuqta bo‘lib chiqdi. Tajribali futbolchisiz jamoa himoyasi parokanda ahvolga kelib qoldi va Pedru Gonsalveshning birinchi goli aynan himoyada yuzaga kelgan teshikdan urildi. Uzun uzatmani to‘sishga uringan Shuls to‘pni sherigi Pongrachichning ortiga o‘tkazib yubordi va bundan Pedru Gonsalvesh foydalandi. Himoyachilarning to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirishdagi xatosidan keyin portugaliyalik iste'dod sohibi ikkinchi golini urdi va «Sporting» so‘nggi turda qanday natijalar qayd etilishidan qat'i nazar, o‘zaro uchrashuvlardagi ko‘rsatkich tufayli dortmundliklardan oldinda bo‘lishi va pley-offga chiqishini ta'minladi. 74-daqiqada Emre Jan o‘yindan chetlatilib, mehmonlar bir kishi kam bo‘lib qolgach, o‘yin taqdiri amalda hal bo‘ldi.

Oqshom qahramoni het-trik qayd etishi ham mumkin edi, ammo uning ijrosidagi penaltini darvozabon qaytardi. Asosiy yevrokubokning final bosqichida o‘z tarixida ikkinchi bor ishtirok etayotgan lissabonliklar baxtiga qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib Pedro Porro yetib keldi. Ispaniyalik himoyachining zarbasi o‘yindagi intrigaga nuqta qo‘ydi, qo‘shimcha daqiqalarda «asalarilar» safida Malen javob goli urishining hech qanday ahamiyati qolmagandi. 

7 dekabr. «Ayaks» — «Sporting», «Borussiya» D — «Beshiktosh».

«Real» «Inter»ga yordam berdi

D guruhi

«Sherif» — «Real» — 0:3 (Alaba, 30. Kroos, 45+1. Benzema, 55)

Tiraspolliklar jamoasi maydonga bahorda ham yevroo‘yinlarda qatnashishi aniq bo‘lgan holda chiqdi, Chempionlar ligasining bu mavsumdagi asosiy ijodkori Yuriy Vernidub ishontirganidek, uning jamoasi ijobiy natijaga erishish uchun bor kuchini ishga soldi. Lekin «Sherif» buning uchun xuddi sentabr oyida «Santyago Bernabeu»da bo‘lganidek bir bosh baland sakrashi talab etilardi.

Ammo «Real» ham bu jamoaga ikkinchi sovg‘ani berish niyatida emasdi va birinchi o‘yindan yetarli xulosalar olgandi. Alabaning golida qaymoqranglilarga rikoshet yordam bergan bo‘lsa, Kroos ijrosidagi ikkinchi zarba — haqiqiy mahorat namunasi bo‘ldi. Shuningdek, bu golda texnika ham o‘z ishini bajardi, u orqali arbitr darvoza to‘sini ostiga yo‘llangan zarba pastga tushganida darvoza chizig‘ini kesib o‘tganini qayd etdi.

«Real» ikkinchi bo‘limda ham master-klass o‘tishda davom etdi, Benzema navbatdagi golini urib hisobni yiriklashtirdi. Ammo «Sherif» ham yana bir bor olqishlarga sazovor bo‘ldi. Yo‘qotadigan narsasi yo‘qligini anglagan holda tiraspolliklar hujumkor o‘yin ko‘rsatishdi. «Real»ni javob gollaridan faqat Kurtuaning mahorati va darvoza ustunlari saqlab qoldi, «Sherif» esa so‘nggi tur oldidan pley-offga chiqish imkoniyatini yo‘qotgan bo‘lsa-da, o‘zi bilan faxrlansa arziydi.

«Inter» — «Shaxtyor» — 2:0 (Jyeko, 61, 67).

Ukrain klublarining Chempionlar ligasidagi bu safargi ishtiroki o‘ta muvaffaqiyatsiz kechdi. Kiyevning «Dinamo»si va «Shaxtyor» so‘nggi turdan oldinoq o‘z guruhlarida so‘nggi o‘rinda qolishi oydinlashdi.

Kiyevliklar besh o‘yindan to‘rttasida mag‘lub bo‘lishdi va bir ochko jamg‘arishdi. «Shaxtyor» agar chorshanba oqshomida «Inter»ni safarda mag‘lub etganida, bahorgi o‘yinlarda qatnashish imkoniyatini saqlab qolgan bo‘lardi.

Birinchi bo‘lim muxlislarga yoqimli lahzalar taqdim etdi: «Inter» va «Shaxtyor» ko‘plab hujumlar uyushtirdi, to‘p maydon markazida ko‘p turib qolmadi va jamoalar bir-birining darvozasi yaqinida ko‘plab vaziyatlar yaratishdi. Italyanlar safida Barella, Jyeko va Martines kabi futbolchilar golga yaqin keldi, Perishich darvozani ishg‘ol etdi, ammo ofsayddan. «Shaxtyor» ham ikki marta darvoza sohasiga aniq zarba yo‘lladi – Handanovich bu zarbalarni qaytardi.

Ikkinchi bo‘limda ham shu ssenariy davom etdi, «Inter»ni durang hisob qoniqtirmasdi va 61-daqiqada ular baribir hisobni ochishdi. Edin Jyeko raqib jarima maydonida to‘pga ega chiqib, to‘pga bir teginish bilan kuchli zarba yo‘llab, Trubinani ilojsiz qoldirdi. 67-daqiqada ham Jyeko aniq harakat qilib, hisobdagi farqni oshirdi. U Perishichning uzatmasidan keyin boshi bilan darvozaning uzoq burchagini nishonga oldi.

«Shaxtyor» 82-daqiqada gol urishi mumkin edi, ammo Dodoning zarbasidan keyin to‘p tushunarsiz holda darvoza to‘riga kirmadi. Shu tariqa, ukrainlarning bu jamoasi ham besh o‘yindan to‘rttasida mag‘lub bo‘lib, 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinda qoldi. «Shaxtyor» endi so‘nggi turda o‘z uyida «Sherif»ni yengsa ham, Yevropa Ligasiga yo‘llanma ololmaydi. Ukrain jamoalari bu yevromavsumda juda yomon ko‘rsatkich qayd etmoqda – 10 o‘yin, g‘alaba yo‘q, ikki ochko, to‘plar nisbati – 2-20.

Konferensiyalar ligasidagi «Zarya» ham o‘z guruhida to‘rt turdan keyin uchinchi o‘rinni egallab turibdi va pley-offga chiqolmasligi oydinlashgan.

7 dekabr. «Real» — «Inter», «Shaxtyor» — «Sherif».

Kun statistikasi

  • «Ayaks» YeChL guruh bosqichida qatorasiga 5 g‘alabaga erishgan ilk niderland jamoasi bo‘ldi.
  • Faqat 2 futbolchi — Iker Kasilyas va Sesk Fabregas — «PSJ» hujumchisi Mbappedan (22 yosh-u 339 kun) yoshroqligida 50-o‘yinlarini o‘tkazgan.
  • «Beshiktosh» yevrokuboklarda «Ayaks»dan oltinchi bor mag‘lub bo‘ldi, Kiyevning «Dinamo» klubiga qarshi o‘yinlarda ham shunday natija qayd etilgan.
  • Marko Roys Chempionlar ligasida 55-o‘yinini o‘tkazdi — u Dortmundning «Borussiya» klubida avval Lukash Pishchekniki bo‘lgan rekordni yangiladi.
  • Pepe «Portu» safida 200-o‘yinni o‘tkazdi.
Mavzuga oid
Top