11:00 / 26.11.2021
20432
DXX fuqarodan 1,5 mln dollar talab qilgan hokimlik mansabdorini qo‘lga oldi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Olmazor tumani hokimligining mansabdori va Markaziy bankning Toshkent shahar boshqarmasi xodimini qo‘lga oldi.

Foto: DXX

Toshkent shahar Olmazor tumani hokimligining mansabdor shaxslaridan biri noqonuniy daromad olish maqsadida, 1978 va 1980 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro bilan kelishgan holda, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsning ishonchiga kirgan.

Ular fuqaroga plastik quvurlar ishlab chiqaruvchi zavod qurishi uchun yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududidan 12 gektar yer maydoni olib berish evaziga 1 mln 560 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining viloyat prokuraturasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida, ular Toshkent shahridagi restoranlardan birida avans sifatida 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Yana bir boshqa holatda ham firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing pul mablag‘ini o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan bank xodimi ushlangan.

Markaziy bankning Toshkent shahar boshqarmasi xodimi Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroni hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari orqali 2022 yilning mart oyiga qadar Toshkent shahrida subsidiya hisobidan uy-joy oluvchilar ro‘yxatiga kiritish hamda uy-joy olishida ko‘maklashish evaziga, undan 2000 AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Toshkent viloyat prokuraturasi hamda Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168- va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top