14:54 / 26.11.2021
9090
Statistika va raqobatchilar ham u tarafda. Levandovski «Oltin to‘p»ni yutishiga nima to‘sqinlik qilishi mumkin?
Foto: Getty Images

29 noyabr kuni «France Football» nashri tomonidan ta'sis etilgan «Oltin to‘p» — yilning eng yaxshi futbolchisini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. 2021 yil futbol olamida katta musobaqalarga boy o‘tdi va joriy yilgi «Oltin to‘p» masalasi so‘nggi yillardagi eng bahsli sovringa aylanmoqda. Tribuna.uz yilning eng yaxshisi bo‘lishga nomzod futbolchilar orasidan eng munosiblarini nega «Oltin to‘p»ni olishi, nega olmasligi kerakligini chamalab ko‘radi. «Bavariya» yetakchisi Robert Levandovskining 2021 yildagi natijalarini eng birinchi bo‘lib hisoblab chiqamiz. Xo‘sh, qaysi faktorlar Levandovskining plyus, qaysilari minus bo‘lib xizmat qiladi? Boshladik!

Plyus: Statistika bo‘yicha eng zo‘ri

«Oltin to‘p»ga nomzod 10ta futbolchi orasida eng yaxshi statistika aynan 33 yoshli Levandovskida bo‘lib turibdi. 2021 yil boshidan buyon polshalik strayker 48ta gol urishga erishdi. Bu Robert maydonda bo‘lgan har 62 daqiqada gol urishga muvaffaq bo‘lgan, demakdir. Gollar soni bo‘yicha Erling Holand unga eng yaqin ta'qibchi, lekin u ham «Bavariya» yetakchisidan 17ta golga orqada. «Oltin to‘p» personal ko‘rsatkichlari eng yaxshi futbolchiga berilishi kerak bo‘lsa, u holda Levandovskiga nasib etishi kerak. 2020/2021 yilgi mavsumda Leva Gerd Myullerning Bundesligada bir mavsumda urilgan gollar bo‘yicha rekordini (40ta) yangiladi. U 41-golini so‘nggi tur doirasida «Augsburg»ga qarshi kechgan uchrashuvning 90-daqiqasida kiritdi.

Minus: Chempionlar Ligasi va Yevro-2020dagi muvaffaqiyatsizlik

«Oltin to‘p» — individual sovrin va barchamiz unda shaxsiy ko‘rsatkichlar asosiy rolni o‘ynashi kerakligini bilamiz. Lekin shu bilan birga, hammamiz gollarni qalashtirib urib tashlash yilning eng yaxshisi unvonini qo‘lga kiritish uchun yetmasligini ham yaxshi tushunamiz.

Levandovski joriy mavsumda Bundesligada zafar quchdi. Lekin «Bavariya» 9 yildan beri bu turnirda g‘alaba qozonadi. Robert bo‘lmagan paytlarda ham Bundesligani yutishni uddalagan. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida Yevropa klublari orasida so‘nggi bor mag‘lub bo‘lgan klub 2012 yilgi Chempionlar Ligasi g‘olibi «Chelsi», xolos. Yevropa va qolgan qit'alar klublari o‘rtasida katta tafovut borligi hech kimga sir emas. Myunxenliklar Germaniya Kubogini o‘ta kulgili tarzda tark etishdi. Jamoa 1/16 finalda Ikkinchi Bundesliga vakili «Xolshtayn»ga mag‘lub bo‘lib, mamlakat kubogidagi yurishini to‘xtatdi.

Levandovski Yevroda guruhdan chiqa olmagan, Chempionlar Ligasida chorakfinaldan o‘ta olmagan bir paytda, uning bevosita raqobatchilari Jorjino, Messi va Benzema katta titullarni qo‘lga kiritdi.

Foto: Getty Images

Plyus: Raqobatchilari uning eng yaxshi bo‘lganini aytishmoqda

Levandovskini 2021 yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida nafaqat mutaxassislar yoki muxlislar, balki uning bevosita raqobatchilari ham aytmoqda.

«Mendan bu boradagi fikrimni so‘rasangiz, so‘nggi ikki yillik natijalarga e'tibor qaratishni ma'qul ko‘raman. So‘nggi ikki yilda Levandovski haqiqiy «gol mashinasi»dek ko‘rindi va bu davr oralig‘ida unga teng keladigan futbolchini ko‘rmayapman.

Ispaniyalik sobiq futbolchi Luis Suares esa: «Levandovskiga «Oltin to‘p»ni bering. Aks holda, o‘zimning «Oltin to‘p»imni unga beraman», - deb aytdi.

Bevosita raqobatchisi Lionel Messi ham uni 2021 yilgi «Oltin to‘p» uchun o‘z favoritlari qatorida ko‘rishini bir necha bor aytib o‘tdi.

Minus: Messi Argentina bilan orzusiga yetdi 

Boshqa istalgan mavsumda bu qadar muvaffaqiyatli harakat qilgan futbolchiga «Oltin to‘p» taqdim etishda bahs-munozaraga bunchalik berilmagan bo‘lardik. Levandovski juda ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha yilning eng yaxshisi bo‘lishga munosib. Lekin bu yo‘lda juda katta bir g‘ov bor.

Robertning asosiy raqobatchisi Lionel Messi Argentina bilan Amerika Kubogini yutdi. U ushbu titulni shunchaki yutmadi, balki jamoasini g‘alaba tomon bir o‘zi yetaklab bordi. Turnirning eng yaxshi to‘purari va eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Messi Argentina milliy jamoasining 28 yillik katta sovrinlarsiz o‘tayotgan omadsiz davriga nuqta qo‘ydi. U «albiselesta» bilan birinchi marotaba kubok qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Ha, Leo Levadan umumiy hisobda 19ta golga ortda qolmoqda. Lekin u ich-ichidan darz ketayotgan «Barsa»ni Ispaniya Kubogi g‘olibligigacha yetaklab bora oldi. Tan olish kerakki, o‘tgan mavsumdagi «Barselona» Messisiz bu sovringa ega chiqolmasdi va mavsumni hech vaqosiz tugatardi. Bundan tashqari, Messi va Levandovski boshqa-boshqa tipdagi futbolchilar sanaladi. Argentinalikda assistlar soni, yaratilgan xavfli vaziyatlar va hujumni tashkil etish fazasidagi foydali o‘yin faktorlari ham bor.

Bundan tashqari, Bundesligada urilgan gollar qiymati La Liga, APL yoki A Seriyaniki bilan bir xil emas. Bir necha yil avval ham Germaniya chempionati vakillari «Oltin butsa» uchun kurashda har bir urgan goli uchun 1,5 balldan olishar edi. Hozir ular ham qolgan kuchli liga futbolchilari kabi 2 balldan jamg‘arib borishmoqda.

Xulosa

Yevropaning bir qator nashrlari «France Football» 29 noyabr sanasida ikkita «Oltin to‘p» topshirishi haqida yozishdi. Lekin bu ma'lumot to‘liq tasdiqlanmadi. Agar 2020 yil uchun Robertga «Oltin to‘p» berilmasa, bu yilning eng yaxshi futbolchisi unvonini unga bergan ma'qulroqdek. Shusiz ham, polshalik forvard ushbu sovringa haqli. Lekin Robertning ko‘rsatkichlarini «Oltin to‘p» uchun yetarli deb bilmaydiganlar hech bo‘lmasa adolatni tiklash uchun ham unga sovrinni berishlari kerakdek.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid
Top