17:39 / 26.11.2021
5627
Vazir o‘rinbosari: “Qarshi muhandislik institutida 21,6 mlrd so‘mlik korrupsiyaviy holat aniqlangan”

“Mazkur mablag‘lar hisobchi va kassirlar tomonidan ish haqi va stipendiyalar to‘lovi uchun bankdan ortiqcha naqd pul olib soxta va qalbakilashtirilgan to‘lov qaydnomalari tuzish asosida o‘zlashtirilgan”, deydi Rahimjon Hakimov.

Foto: Qarshi muhandislik instituti

26 noyabr kuni AOKAda oliy ta'lim sohasida “korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishga oid matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ishtirok etgan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov ayni paytda eng ko‘p korrupsiyaviy holatlar aniqlangan oliy ta'lim muassasalaridan ikkitasi haqida gapirdi.

“2021 yilda eng yirik korrupsiyaviy holatlar – Qarshi davlat muhandislik iqtisodiyot instituti va Jizzax politexnika instituti bo‘lgan”, dedi vazirlik vakili.

“Masalan, Qarshi muhandislik institutida oxirgi 4 yilda jami 21,6 mlrd so‘mlik korrupsiyaviy holat aniqlangan. Mazkur mablag‘lar institutning sobiq bosh hisobchisi, ish haqi hisobchilari va kassirlari tomonidan hisoblangan ish haqi va stipendiyalarga nisbatan bankdan ortiqcha naqd pul olib soxta va qalbakilashtirilgan to‘lov qaydnomalari tuzish orqali o‘zlashtirilgan. Hozirda bu bo‘yicha belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan sud va tergov harakatlari amalga oshirilyapti”, deya Rahimjon Hakimov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari Jizzax politexnika instituti aniqlangan korrupsiyaviy holat haqida ham gapirgan.

“Jizzax politexnika institutida 2017-2020 yillar davomida ishchi xodimlarga UzASBO dasturiy majmuasida hisoblanib to‘lanishi lozim bo‘lgan naqd pul mablag‘laridan jami 1 mlrd 500 mln so‘m o‘zlashtirilgani aniqlangan. Bu bo‘yicha tergov harakatlari tugatilib, hozir ish sudga taqdim etilgan. 1,5 mlrd so‘mlik zarar to‘liq undirilgan”, dedi vazirlik vakili.

Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtda oliy ta'lim tizimida talabalar qamrovi 3 barobar oshdi. Ayni paytda respublikada 750 ming nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. 2016 yilda esa bu ko‘rsatkich qariyb 3 barobar kam – 275 ming nafar bo‘lgan.

Top