07:52 / 27.11.2021
11104

O‘zbekiston davlat qarzi 25 mlrd dollardan oshdi

Davlat qarzi qoldig‘i joriy yilning III choragida 1,1 mlrd dollarga (yil boshidan 2,1 mlrd dollarga) oshib, 2021 yilning 1 oktabr holatiga 25,3 mlrd dollarni tashkil etdi. 

Foto: Getty Images

Moliya vazirligi hisobotiga ko‘ra, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbati barqarorlashish tendensiyasi saqlanib qolib, yil boshidagi 38,9 foizdan (1 iyul holatiga – 38,5 foiz) joriy yilning 1 oktabr holatiga 38,4 foizgacha pasaydi.

Qayd etilishicha, joriy yilning iyul-sentabr oylarida davlat qarzi qoldig‘ining 1,1 mlrd dollarga oshishi, asosan, davlat budjeti taqchilligining moliyalashtirilishi va investitsion loyihalarning amalga oshirilishi natijasida qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishi bilan birga, 356,4 mln dollar miqdoridagi davlat qarzining so‘ndirilishi bilan izohlanadi. 

Natijada, joriy yilning III choragida: O‘zbekiston nomidan jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i 897,6 mln dollarga oshdi; davlat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i 42,2 mln dollarga oshdi; davlat tomonidan kafolatlangan hamda davlat budjetidan qaytariladigan ichki majburiyatlar qoldig‘i 102,2 mln dollarga oshdi; O‘zbekiston nomidan 1 196,4 mlrd so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlari (DQQ) emissiya qilinishi va 407,2 mlrd so‘m miqdoridagi DQQ so‘ndirilishi natijasida DQQ bo‘yicha qarzdorlik qoldig‘i 789,2 mlrd so‘mga oshdi.

Bildirilishicha, joriy yil boshidan kuzatilayotgan davlat qarzining YaIMga nisbati pasayish tendensiya, asosan, davlat qarzini xavfsiz darajada saqlash va uni samarali boshqarish borasida amalga oshirilayotgan prudensial choralar, yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur'atlari oshishi bilan izohlanadi. 

Yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur'ati joriy yilning III choragida 6,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, AQSh dollaridagi davlat qarzi qoldig‘i 4,6 foizga oshdi. 

O‘zbekiston nomidan yoki davlat kafolati ostida yangi jalb qilinadigan qarz hajmiga belgilanayotgan yillik limitlar bosqichma-bosqich maqbullashtirib borilayotgani aytiladi. 

2020 yilda davlat tashqi qarzini jalb etish bo‘yicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 5,5 mlrd dollar miqdorida belgilangan (amalda 5,35 mlrd dollar miqdoridagi davlat tashqi qarz bitimlari imzolangan). 2021 yilda davlat ichki va tashqi qarzlarini jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan sof hajmi 5,5 mlrd dollar (shundan, davlat qimmatli qog‘ozlarining sof hajmi – 5 trln so‘m) miqdorida belgilangan. 

“2022 yil uchun O‘zbekiston davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan 2022 yilda davlat tashqi qarzlarini jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd dollar, O‘zbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 6 trln so‘m miqdorida belgilanishi taklif etilmoqda.

Mavzuga oid
Top