21:42 / 28.11.2021
49281

«Omikron» dunyo bo‘ylab «sayrga chiqdi», chegaralar yopilib, bozorlar «qulamoqda». Yangi shtamm bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar

Britaniya niqob va «qizil ro‘yxat»ni qaytarmoqda, Yevropa va Amerika janubiy afrikaliklar uchun, Isroil esa barcha xorijliklar uchun yopildi. Dunyo davlatlari «Omikron» nomini olgan yangi shtammga xavotir bilan qaramoqda.

Janubiy Afrikadan tashqari, «Omikron» dastlab Belgiya, Isroil, Botsvana va Hongkongda qayd etilgandi. Shanba kuni Chexiya, Germaniya va Britaniya, yakshanba kuni esa Avstraliyada ham yangi variant bilan bog‘liq holatlar haqida xabar qilishdi. Ayni vaqtda bu shtamm bilan aynan qancha odam zararlangani haqida aniq ma'lumotlar yo‘q, lekin tasdiqlangan holatlar soni allaqachon 100dan oshib ketgan.

Olimlar «biz ko‘rganlarning eng yomoni» deb atayotgan yangi shtammning tarqalishi ko‘plab chegaralar yopilishi, reyslar bekor qilinishi va dunyo bo‘ylab bozorlar qulashiga olib keldi. JSST yangi variantni rasmiy ravishda «tashvishga soluvchi» deya tasnifladi. Buyuk Britaniya hukumati mamlakatda ikkita yangi holat aniqlangach, epidemiologik choralarning ayrimlarini qat'iylashtirishga qaror qildi.

Ko‘plab davlatlar Afrikaning qator mamlakatlaridan keluvchilar uchun cheklovlar joriy etmoqda. Ekspertlarning hisoblashicha, virusning so‘nggi mutatsiyasi dastlabki variantlar bilan taqqoslaganda jiddiy o‘zgarishlarga uchragan, shu tufayli u vaksinalarga nisbatan chidamli bo‘lib chiqishi mumkin. Farmatsevtik kompaniyalar «Omikron»ni o‘rganishayotgani va unga qarshi kurash yo‘llarini topishga harakat qilishayotganini aytishmoqda.

Janubiy Afrikada aholining atigi 24 foizi emlangan

JSSTning favqulodda yig‘ilishi

«Omikron»dan zararlanish bilan bog‘liq ilk holat 9 noyabr kuni qayd etilgan, 24 noyabr kuni JAR vakillari JSSTga yangi variant haqida rasman ma'lum qilishgan. Ayni vaqtda ushbu shtamm JARning barcha regionlariga tarqalgan.

26 noyabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Jyenevada bo‘lib o‘tgan favqulodda yig‘ilishida mutant VOC «tashvish uyg‘otuvchi variant» deya rasmiy ravishda tasniflandi. Unga «Alfa», «Beta», «Delta» bilan bo‘lganidek, o‘zining harf belgisi berildi. Variant grekcha «Omikron» harfi nomi bilan ataldi.

«Bu variantda juda ko‘p mutatsiyalar mavjud, ulardan ayrimlari xavotir uyg‘otadi. Dastlabki ma'lumotlar shuni ko‘rsatadiki, bu variant boshqa [VOC] bilan solishtirganda qayta yuqtirish xavfi yuqori. Bu variant infeksiyaning avvalgi variantlariga qaraganda tezroq tarqalayotgani aniqlangan. Shundan kelib chiqib, tarqalish uchun katta istiqbolga ega bo‘lishi mumkin», deya qayd etdi JSST.

Mavjud vaksinalar yangi variantga qarshi samarasiz bo‘lishi mumkin

Avvalroq olimlar virusga qarshi kurasha olmaydigan, immuniteti zaif bemor tanasida noodatiy tarzda yuqori darajada mutatsiyalar yuzaga kelishi mumkinligini taxmin qilishgandi.

JSST yangi variant qanchalik xavfliligi borasida nisbatan to‘liq ma'lumotni faqat bir necha haftadan keyin qo‘lga kiritish mumkinligini qayd etmoqda. Britan ekspertlarining hisoblashicha, hozirda mavjud bo‘lgan vaksinalar «Omikron»dan ma'lum darajada himoya qilsa-da, amalda «deyarli zaif» bo‘lib qolishi mumkin. «Bu yomon yangilik, ammo gap to‘la falokat haqida emas», deydi Oksford universiteti biologi Jyeyms Naysmit.

Britaniya - «qizil ro‘yxat» va niqoblarning qaytishi

Shanba kuni Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javod mamlakatga kelgan ikki kishida yangi mutatsiya aniqlanganini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki holat o‘zaro bog‘liq, bu odamlar Afrika janubiga safar vaqtida virus yuqtirib olishgan, hozirda bu bemorlar o‘z uyida ihotalangan. Buning ortidan Afrikaning o‘ndan ortiq mamlakati Britaniyaning «qizil ro‘yxati»ga (JAR, Botsvana, Lesoto, Namibiya, Zimbabve, Mozambik, Esvatini, Tanzaniya, Angola, Zambiya, Malavi va Madagaskar) tushdi.

Shanba kuni favqulodda yig‘ilish chog‘ida Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson epidemiya tarqalishiga qarshi choralar vaqtincha (hozircha uch haftaga) qat'iylashtirilishi haqida ma'lum qildi.

U hozircha «Omikron» juda tez tarqalayotgani aniq ekani ma'lumligini bildirdi. U yangi variant tarqalishini sekinlashtirish hamda olimlar uni o‘rganishiga vaqt qoldirish uchun hukumat yaqin kunlarda yangi choralar kiritishini aytdi. Bunday choralar faqat Angliya uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri taalluqli bo‘ladi, chunki Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiyada bunday chora qo‘llash mahalliy hukumatlar vakolatiga kiradi; ammo odatda bu hukumatlar virus tarqalishiga qarshi Angliyadan ko‘ra qat'iyroq choralar qo‘llab kelishgan.

Xususan, Angliyaga xorijdan keluvchilarning barchasi mamlakatga kirishining ikkinchi kunidan kechga qoldirmay PsR-test topshirishi kerak. Oktabr oyida bu talab mustaqil tarzda amalga oshiriladigan tezkor testlarga almashtirilgandi. 

Nihoyat, revaksinatsiya bo‘yicha kampaniya sur'atini tezlashtirish va uni qo‘llashni kengaytirish rejalashtirilmoqda - ayni vaqtda Birlashgan Qirollikda faqat 40 yoshdan kattalar yoki surunkali kasalliklari bor odamlar vaksinaning uchinchi dozasini olishi mumkin - bunda qo‘shimcha doza undan oldingi dozadan olti oy o‘tibgina beriladi. Bunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qaror hukumat qoshidagi mustaqil ekspertlar qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi.

«Qizil ro‘yxat»dagi mamlakatlardan keluvchilarning Britaniyaga kirishi taqiqlanadi, Britaniya va Irlandiya fuqarolari, ushbu mamlakatda doimiy yashovchilar esa mehmonxonada 10 kunlik karantin muddatini o‘tashi talab etiladi.

Yakshanba kuni sog‘liqni saqlash vaziri Angliya Birlashgan Qirollikning boshqa mamlakatlari ortidan do‘kon va jamoat transportida tibbiy niqobni majbur qilgani haqida e'lon qildi (bungacha tavsiyaviy edi).

Jonson va uning maslahatchilari ayni vaqtda mavjud vaksinalar yangi variantga qarshi qanchalik chidamliligi noma'lum ekanini qayd etishgan - nazariy jihatdan ba'zi infeksiyalar vaksina hosil qilgan immun himoyasini aylanib o‘tish imkoniga ega bo‘ladi.

Isroil yana yopilmoqda

Bennetning so‘zlariga ko‘ra, Isroil favqulodda holat yoqasida

Isroil bosh vaziri Naftali Bennet mamlakat «favqulodda vaziyat yoqasida ekani» haqida e'lon qildi va barcha isroilliklarni «tun-u kun ishlashga tayyorlanish»ga chaqirdi.

Bir necha hafta avval mamlakatda «Omega» umummilliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilgandi. Unda koronavirusning yangi varianti sezilarli darajada halokatli bo‘lgan holatda epidemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ssenariy ustida ishlandi. «Ko‘pchilik uchun bu g‘alati bo‘lib ko‘rinsa-da, hozirda biz tushib qolgan vaziyatga tayyorgarlik ko‘rishda bu muhim qadam ekanini gapirish ortiqcha», deya qo‘shimcha qildi Bennet.

Shanba kuni hukumatning favqulodda yig‘ilishi chaqirildi va unga ko‘ra, Isroil dushanba kunidan xorijliklarning mamlakatga kirishini ikki haftaga to‘xtatadi, xorijdan kirib keluvchi isroilliklar esa majburiy karantinni o‘taydi.

Undan oldinroq, juma kuni Isroil Afrika mamlakatlaridan keluvchilar uchun chegarani yopgandi.

Hozircha Isroilda faqat bir kishida - yaqinda Malavidan qaytgan ayolda koronavirusning yangi shtammi aniqlangan. Shanba kuni mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi yana yetti kishida ushbu shtamm borligi gumon qilinayotgani haqida xabar berdi.

Xorijdan kelgan va to‘liq emlangan isroilliklar mehmonxonada uch kun davomida karantinda bo‘lishadi, emlanmaganlar uchun esa bu muddat yetti kunni tashkil etadi. Bundan tashqari, Isroil hukumati «Shin Bet» maxsus xavfsizlik xizmatiga koronavirusga chalingan odamlarning harakatini va ularning mobil telefonlarini kuzatish, shuningdek, so‘nggi kunlarda Afrika janubida bo‘lib qaytganlarni qidirish bo‘yicha topshiriq berilgan.

«Omikron» Chexiyada

Chexiyaning Liberets shahri shifoxonasida «Omikron» variantini yuqtirib olgan bemor aniqlandi. «Genetika va molekulyar tashxis bo‘limidagi hamkasblarim 90 foiz ehtimollik bilan ushbu shtammni tasdiqlashdi. Bemor qayerdan uchib kelganini hisobga olgan holda ishonch bilan tasdiqlash mumkinki, bu aynan o‘sha shtamm», degan shifoxona vakili Vatslav Rikar.

Avvalroq Chexiyaning iste'foga chiqayotgan bosh vaziri Andrey Babish jurnalistlarga yaqinda Namiyada bo‘lgan va u yerdan JAR va Dubay orqali Chexiyaga qaytgan ayol mamlakatdagi ilk «Omikron» tashuvchisi ekani haqida aytgandi.

Jigar muammolari tufayli bir yarim oyni harbiy gospitalda o‘tkazgan Chexiya prezidenti Milosh Zeman u yerdan chiqqanidan bir necha soat o‘tib, statsionarga qaytishga majbur bo‘ldi. Unda Covid-19 testi musbat natija berdi va 77 yoshli prezident yana kasalxonaga yotqizildi. Shifokorlarning aniqlik kiritishicha, Zeman koronavirus vaksinasining uchta dozasini olgan va hozircha kasallikning hech qanday belgilari kuzatilmagan. Biroq u har ehtimolga qarshi shifokorlar kuzatuvi ostida bo‘lishi bo‘yicha qaror qilingan.

Niderlandiyada - qisman lokdaun

Niderlandiya noyabr oyi boshida joriy etilgan koronavirus cheklovlarini yanada qat'iylashtirdi. Keyingi uch haftada kafe, bar, restoran, muzeylar va kinoteatrlar, shuningdek, sport obektlari soat 17:00da yopiladi. Shu bilan birga, kechki mashg‘ulotlar va professional sportdagi o‘yinlarga ruxsat berilgan. Oziq-ovqat mahsulotlari va dorixonalar kechqurungi soat 8dan ertalabki soat 5gacha yopiq bo‘lishi kerak.

Uyda yoshi 13dan katta bo‘lgan to‘rt nafargacha mehmonni qabul qilish mumkin. Hukumat fuqarolarga imkon qadar uydan turib ishlashni tavsiya etmoqda. Bolalar bog‘chalari, maktablar va universitetlar ochiq qoladi.

Bu cheklovlar to‘g‘ridan to‘g‘ri yangi shtamm bilan bog‘liq emas - hozirda Niderlandiyada eski shtammlar tufayli yuzaga kelgan vaziyat ham og‘ir. 17 million kishi yashaydigan mamlakatda juma kuni 22 mingta yangi zararlanish holati aniqlandi, shifoxonalarga bemorlar sig‘may qolmoqda va hukumat sog‘liqni saqlash tizimida kollaps yuzaga kelishining oldini olish maqsadida qo‘shimcha cheklovlar kiritishga qaror qildi. Lekin cheklovlar qaytarilishi joylarda namoyishlarga va politsiya bilan to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi.

Mamlakat rasmiylari JARdan kelgan ikki reysning 61 nafar yo‘lovchisini tekshirmoqda. Bu yo‘lovchilarning tahlillari organizmda koronavirus borligini ko‘rsatgan va ular Sxipxol aeroporti yaqinidagi mehmonxonada ihota qilingan. Hozircha ularda kovidning qaysi shtammi chiqqani ma'lum emas.

Janubiy Afrikaning izolyatsiya qilinishi

26 noyabr kuni JARdan uchib ketishni rejalashtirgan ayrim yo‘lovchilar Yoxannesburg aeroportida o‘z reyslari bekor qilinganini bilishdi.

So‘nggi kunlarda «Omikron» paydo bo‘lishiga javoban dunyoning ko‘plab davlatlarida cheklovlar qaytarildi:

  • 26 noyabr kuni Rossiya rasmiylari yangi variant tarqalayotgani sababli Afrikaning sakkiz mamlakati, shuningdek, Madagaskar va Hongkong fuqarolari uchun mamlakatga kirishni cheklashga qaror qildi. 
  • AQSh, Yevroittifoq va Kanada Janubiy Afrikadan keluvchi xorijliklarga kirishni taqiqladi.
  • Avstraliya shanba kuni nafaqat Janubiy Afrikadan keluvchi xorijliklarga taqiq qo‘ydi, balki ikki haftaga o‘z hududidan ushbu mintaqaga aviareyslarni ham bekor qildi.
  • Yaponiya shanba kunidan Janubiy Afrikadan keluvchilar uchun o‘n kunlik karantin va to‘rt marta test topshirish rejimini joriy etadi.
  • Hindiston JAR, Botsvana, shuningdek, Hongkongdan keluvchilarni qat'iy nazorat qiladi.
  • Eron Janubiy Afrikaning olti mamlakati, jumladan JARdan keluvchilar uchun taqiq qo‘ydi. Davlat televideniyesi ma'lumotiga ko‘ra, ushbu hududlardan keluvchi eronliklar kovid testining ikkita manfiy natijasini ko‘rsatishi kerak.
  • Braziliya Afrikaning olti mamlakatidan kirishda cheklov o‘rnatdi.
  • Kanada so‘nggi 14 kun mobaynida JAR, Namibiya, Zimbabve, Botsvana, Lesoto, Esvatini va Mozambikda bo‘lgan barcha xorijliklarning mamlakat hududiga kirishini taqiqladi.
  • Tailand Afrikaning sakkiz mamlakati uchun taqiq qo‘ygan.

Yevropa xavotirda

Yevropada ilk kasallanish holati Belgiyada qayd etildi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropaning barcha mamlakatlarini virusning yangi varianti aniqlangan mintaqalardan keluvchi sayyohlarning mamlakatga kirishini vaqtincha to‘xtatib turishga chaqirdi. «Hozir biz Yevropada haqiqatan ham juda tez, qat'iy va kelishgan holda harakat qilishimiz muhim», dedi u.

Avvalroq Yevropa komissiyasi u yoki bu yo‘lovchi kelgan mamlakat yoki mintaqaga emas, balki uning emlanish mavqeyiga ko‘proq e'tibor qaratgan holda YeI mamlakatlariga kirishga cheklovlarni o‘zgartirishni taklif qilgandi. To‘liq emlangan sayyohlarni blokning barcha 27 mamlakati hududiga cheklovlarsiz kiritish taklif etilgandi. Umuman olganda, bu haqda «Omikron» deb atalgan B.1.1.529 mutatsiyasi paydo bo‘lguniga qadar gapirilgan edi.

Germaniyada koronavirusdan vafot etganlar soni jami 100 mingdan ortgani haqida e'lon qilingan kunning ertasiga mamlakatda yangi variant haqidagi xabarlar paydo bo‘la boshladi. Lavozimini tark etayotgan kansler Angela Merkel vorisi Olaf Shols va uning hali oxirigacha shakllanmagan hukumati a'zolarini epidemiya bilan kurashda «tezkor va qat'iy choralar ko‘rish»ga chaqirdi. U Germaniyada ijtimoiy kontaktlarni cheklashga yo‘naltirilgan choralarni kuchaytirishga chorladi va yangi hukumatga «o‘tish davrini birgalikda boshqarish»da yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.

Fransiyada kasallanganlar soni keskin o‘sishi sababli koronavirus vaksinasining uchinchi dozasini nafaqat xavf guruhidagilar, balki mamlakatning istalgan katta yoshli fuqarosi olishi mumkinligi e'lon qilindi. Sog‘liqni saqlash vaziri Olive Veran ikkinchi va uchinchi ukol o‘rtasidagi muddat yarim yildan besh oyga qisqargani haqida rasmiy ravishda ma'lum qildi.

JAR: jazolamang, balki maqtang!

"Reys bekor qilingan". Yoxannesburgdagi aeroport tablosi. Foto AFP

JAR tashqi ishlar vazirligi shanba kungi bayonotida mamlakatni koronavirusning yangi shtammini tezkorlik bilan aniqlagani uchun maqtash kerakligi, lekin buning o‘rniga jazolashayotgani aytib o‘tilgan.

«Zo‘r ilmiy yutuqlar uchun olqishlash kerak, jazolash emas. Xuddiki bu taqiqlar Janubiy Afrikaga genomlar rasshifrovkasidagi ildamlik va yangi variantni tezda aniqlaganlik uchundek», deyiladi vazirlik bayonotida.

Afrika ittifoqi vakili BBC bilan suhbatda yangi variant paydo bo‘lishida badavlat mamlakatlarni ayblagan.

Afrika ittifoqining emlash ishlari bo‘yicha komissiyasi hamraisi Ayoade Alakidjining so‘zlariga ko‘ra, yangi shtamm - boy mamlakatlar o‘zi uchun vaksinalarning ulkan zaxirasini g‘amlagan holda, ularni boshqalar bilan bo‘lishmagani oqibatida yuzaga kelgan.

«Chegaralarning yopilishi ilmiy ma'lumotlar asosida emas, siyosiy motivlar bo‘yicha bo‘lmoqda. Bu to‘g‘ri emas. Biz nima uchun Afrikani yopyapmiz, axir bu virus uch qit'ada aniqlanib bo‘ldi-ku?» degan u.

Meksika: chegarani yopish yordam bermaydi
Afrikaliklarni Meksika sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, koronavirusga qarshi kurash masalalariga mas'ul bo‘lgan Ugo Lopes Gatell qo‘llab-quvvatladi. Uning fikricha, chegarani xorijliklar uchun to‘liq yoki qisman yopib qo‘yish - yangi shtamm tarqalishiga qarshi kurashda yetarlicha yordam bera olmaydi.

«Unda kuchli yuquvchanlik yoki vaksina hosil qilgan immun javobni aylanib o‘tish xususiyati aniqlanmadi. Safarlarni cheklash yoki chegaralarni yopish - juda ham foydali choralar emas. Bu choralar iqtisodiyotga va insonlar farovonligiga zarba bo‘ladi», deya yozgan u tvitterida.

Bozorlar qulamoqda

Virusning yangi varianti to‘g‘risidagi yangiliklar dunyo birjalarida neft narxi 26 noyabr kuni 12 foizdan ko‘proqqa tushib ketishiga olib keldi. Bu so‘nggi bir yarim yil ichida kunlik pasayishning eng katta ko‘rsatkichidir.

Davom etayotgan energiya inqiroziga qaramay, investorlar pandemiyaning yangi to‘lqini odamlar harakatlanishini sezilarli darajada cheklashi, bu esa yonilg‘iga bo‘lgan talab pasayishi va umuman iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishidan xavotirda.

Shu bilan birga, oltin qimmatlashmoqda. Odatda uni investorlar volatillik past bo‘lgan beqaror vaqtlarda «tinch bandargoh» deb hisoblashadi.

Agar yonilg‘iga bo‘lgan talab pasayishda davom etsa, jahon iqtisodiyoti tiklanishi uzoq va murakkab bo‘ladi

Aviakompaniya va turizm sohasi korxonalari aksiyalari ayniqsa sezilarli – 10-15 foizga tushib ketdi. Biroq JSST vakillari barcha mamlakatlarni vahima qilmaslikka va yangi cheklovlarni joriy etishga shoshmaslikka chaqiryapti.

Nyu-York birjasida Dow Jones indeksi kun yakunlariga ko‘ra 2,5 foizga pasaydi.

Top