15:09 / 28.11.2021
5772
Shavkat Mirziyoyev Ashxobodda Pokiston va Tojikiston prezidentlari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahrida o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida yana bir qator davlat rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish, shuningdek, qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish uchun 28 noyabr kuni Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib turibdi. Davlat rahbari dastlab Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokara o‘tkazib, ikki tomonlama yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Pokiston prezidenti Orif Alviy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, suhbat davomida O‘zbekiston—Pokiston ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Sheriklik aloqalari, eng avvalo iqtisodiyot yo‘nalishida jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Mintaqa kun tartibidagi dolzarb masalalar, shu jumladan, Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyat muhokama qilindi.

Pokiston prezidentidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston—Tojikiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqqan. Keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash muhim ekani qayd etilgan.

Shuningdek, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa ustuvor sohalarda istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e'tibor qaratilgan. Yetakchilar Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan ham fikr almashgan.

Top