12:01 / 29.11.2021
19096

Chiroqchida mashinasini ichki ishlar xodimlari ustiga haydagan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: Videodan kadr

Chiroqchi tumanida haydovchi YPX xodimlarining qonuniy talabini bajarmasdan Lacetti mashinasini IIO xodimlari ustiga yurgizib qochib ketgani, oradan ko‘p o‘tmasdan u topilgani haqida Kun.uz’da xabar berilgandi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning yozishicha, haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Qashqadaryoda ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan shaxsga nisbatan Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», deyiladi xabarda.

Gumondor shaxs protsessual tartibda ushlangan.

2021 yil 27 noyabr kuni soat 16:10larda Chiroqchi tumani hududida IIO xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan voqea joyidan qochib ketgan davlat raqami 70 D 083 FA bo‘lgan Lacetti mashinasi haydovchisining shaxsi aniqlanib, topilgan.

Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan o‘rnatilgan tartibda ma'muriy bayonnoma tuzilgan. Mashina vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

Foto: YHXBB matbuot xizmati

Surishtiruv davomida 1998 yilda tug‘ilgan haydovchi H.A. avtomobilning old yon oynalari qoraytirilgani bo‘yicha ruxsatnomasi yo‘qligi sabab xodimlarning to‘xtash talabiga bo‘ysunmasdan ketib qolganini bildirgan.

Mavzuga oid
Top