11:21 / 29.11.2021
2757
O‘zbekistonda nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga o‘tish rejalashtirilmoqda

Prezident “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati hamda bolalarga nogironlikni belgilash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 1 iyunga qadar BMTning Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEFning texnik ko‘magini jalb qilgan holda nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqadi.

Bunda, xalqaro tajribani o‘rgangan holda Sog‘lig‘i va hayot faoliyatining (funksiyalarining) cheklanishi xalqaro klassifikatsiyasi asosida fuqarolarga nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga o‘tish konsepsiyasini ishlab chiqish nazarda tutiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2022 yil 1 avgustdan Toshkent shahar hamda 2023 yildan boshlab respublikaning barcha hududlaridagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan yo‘llanmalarni, kasallik tarixidan ko‘chirmalarni, ambulator kartalarni, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi hamda kasb kasalligini belgilash uchun asos bo‘ladigan maxsus vakolat berilgan sog‘liqni saqlash muassasasi xulosasidan ko‘chirmalarni axborot tizimiga elektron tarzda kiritib borishni ta'minlaydi.

Belgilanishicha, nogironlikni belgilash bilan bog‘liq bo‘lgan barcha hujjatlar davolash-profilaktika muassasalarining IT operator-hamshiralari tomonidan shaxsiy identifikatsion login va parollar asosida axborot tizimiga kiritib boriladi.

Top