10:25 / 29.11.2021
9491

O‘zbekistonda nogironlikni muddatsiz davrga belgilashga ruxsat berildi

Prezident “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati hamda bolalarga nogironlikni belgilash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Foto: Shutterstock

2021 yil 1 dekabrdan boshlab shaxs sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga borish imkoniga ega bo‘lmagan holatda nogironlikni belgilash biriktirilgan hududlarga chiqib ko‘chma majlislarda, shaxsning uyida yoki davolanishda bo‘lgan statsionarda hamda sirtdan ko‘rikdan o‘tkazish orqali tashkil etiladi.

Nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan shaxslarni klinik-funksional ma'lumotlarni olishga doir qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazmasdan turib, tasdiqlangan kasalliklar ro‘yxati asosida fuqaroning ishtirokisiz ular nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilganda nogironlik muddatsiz davrga belgilanadi.

Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan nogironlik to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ishlashi mumkin bo‘lgan kasblar bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

2022 yil 1 avgustdan boshlab dastlab Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida hisobga olish va ko‘rikdan o‘tkazishning yangi “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimi joriy etiladi. Bunda, fuqarolarga nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanadigan (tibbiy yo‘llanma, kasallik tarixi va ambulator kartadan ko‘chirmalar va boshqa) ma'lumotlar axborot tizimiga elektron tarzda kiritilishi ta'minlanadi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab axborot tizimi respublikaning boshqa barcha hududlarida to‘liq joriy etiladi. Bunda:

  • nogironlikni belgilashda davolash-profilaktika muassasalarining yo‘llanmalari, kasallik tarixidan ko‘chirmalar, ambulator karta, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi hamda mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holdagi baxsiz hodisa yoki sog‘liqning boshqacha tarzda shikastlanganligi to‘g‘risidagi hujjatlar to‘liq axborot tizimi orqali qabul qilinadi;
  • vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi hamda mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holdagi baxsiz hodisa yoki sog‘liqning boshqacha tarzda shikastlanganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparati hamda axborot tizimi orasida ma'lumot almashinuvi asosida olinadi;
  • axborot tizimidagi fuqaroga tegishli ma'lumotlardan kelib chiqib, organizmning funksiyasi buzilishi va hayot faoliyati chegaralanishini hisobga olgan holda nogironlikni fuqarolarning ishtirokisiz belgilash tartibi joriy etiladi;
  • nogironligi bo‘lgan shaxsga taalluqli bo‘lgan ma'lumotlar, davolovchi hamda tibbiy xulosa bergan shifokorlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar axborot tizimida qayd etib boriladi;
  • nogironlik belgilangan shaxslarga pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun elektron ma'lumotlar “Pensiya” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi.
Mavzuga oid
Top