07:27 / 29.11.2021
4291

Xalqaro turizm 2023 yildan avval tiklanmaydi - BMT

Ko‘plab kechiktirilgan talablar tufayli sayohatchilikning jonlanishiga 2022 yilning ikkinchi va uchinchi choragidan boshlab guvoh bo‘lish mumkin, deyishmoqda ekspertlar.

Foto: nat-geo.ru

BMT Butunjahon turistik tashkiloti (UNWTO) bosh kotibi Zurab Pololikashvilining fikricha, jahon turizmi koronavirus pandemiyasigacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarga 2023 yildan avval erishmaydi.

Pololikashvilining aniqlik kiritishicha, xalqaro turizm butun dunyo bo‘ylab milliard sayohatchiga kamaygan va 30 yil avvalgi darajalargacha tushgan. Lekin tashkilotdagilar nekbin kayfiyatga ega, chunki turizm sohasi allaqachon tiklanishni boshlagan.

«UNWTO ekspertlar guruhi ko‘plab kechiktirilgan talablar tufayli sayohatchilik 2022 yilning ikkinchi va uchinchi choragidan boshlab jonlanishiga doir o‘ta pozitiv ko‘tarilishni prognoz qilishmoqda. Ayni paytda biz Janubiy Yevropa, Markaziy Amerika va Karib havzasi mintaqalarida biroz ko‘tarilishga guvoh bo‘lmoqdamiz», — dedi UNWTO bosh kotibi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ekspertlarning 45 foizi jahon turizmi 2019 yil darajasiga 2024 yilda erishishiga ishonadi, biroq ularning 43 foizi bu ko‘rsatkich 2023 yildayoq qayd etilishidan umidvor.

«Sur'atlar, vaksinalarning teng taqsimlanishi va sayohatlar va sog‘liqni saqlash to‘g‘risidagi protokollar bo‘yicha samarali hamkorlik turizm sohasi muhtoj bo‘lgan kelishilgan harakatlarni muvofiqlashtirish uchun katta ahamiyat kasb etadi», — deya ta'kidlagan Pololikashvili.

Eslatib o‘tamiz. 2020 yil butun statistikalar tarixida jahon turizmi uchun eng yomon yil bo‘ldi. Chegarani bosib o‘tuvchi turistlar soni 2019 yilga nisbatan 1 milliardga kamaygan. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 1,5 milliard turistni tashkil etgan edi.

Top