18:33 / 01.12.2021
10655

“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali: “Aqlli” hisoblagich iste’molchi uchun qulayliklar yaratdi

Gaz tizimi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish va sohaga raqamlashtirishni tatbiq etish jarayonida “Hududgazta’minot” AJ tomonidan “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” (ASKUG) loyihasi ishga tushirildi.

Ushbu loyiha doirasida Andijon viloyatidagi aholi xonadonlariga 190 mingdan ortiq zamonaviy elektron gap hisoblash uskunalari bepul ravishda o‘rnatib berildi.

“Viloyatimizdagi mavjud 221 013 ta tabiiy gaz iste’molchining xonadonlariga “aqlli” gaz hisoblagichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 43 069 donasi ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolar xonadonlariga, 177 404 dona hisobdon esa hovli-uylarga o‘rnatiladi.

“Aqlli” hisobdonlar bugungi kunda aniq rejim asosida ishlamoqda. Bunda har bir iste’molchiga yetkazib berilgan tabiiy gazning hisob-kitobi olib borilmoqda. Avtomatik tarzda ishlovchi hisoblagichlar iste’molchi sarf qilgan tabiiy gaz ko‘rsatkichlarini onlayn tarzda dasturga uzatadi va bu bilan inson omilisiz sarflangan tabiiy gaz haqidagi ma’lumotlar yig‘ib boriladi.

Aytish mumkinki, elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatilgach, tabiiy gazning aniq sarfi ayon bo‘lmoqda. Avvallari gazning hisob-kitobi aniq bo‘lmagan holda, xato va kamchiliklar bilan yuritilgan. Bunda inson omilining mavjudligi ta’minotchi va iste’molchi orasida tushunmovchiliklarni ham keltirib chiqargan. “Aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilgach esa har bir metr kub tabiiy gaz iste’molining egasi aniqlanmoqda.

Iste’mol qilinayotgan tabiiy gazni nafaqat biz, ya’ni ta’minotchi korxona, balki iste’molchi ham maxsus ilova orqali ko‘rib turishi mumkin. Gaz ta’minoti borasida shaffoflikni ta’minlash maqsadida “Hududgazta’minot” AJ tomonidan aholi iste’molchilari uchun yangi turdagi shaxsiy kabinetlar joriy qilindi. Ushbu qulaylikdan foydalanish uchun quyidagi https://cabinetaskug.hududgaz.uz/ ilova orqali kirish mumkin”, – deydi “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Sarvarbek Hasanov.

Loyihada qulayliklar ko‘p. Har bir fuqaro o‘ziga shaxsiy kabinet ochishi va jamiyatga to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn tarzda murojaat qilishi mumkin. Tabiiy gaz iste’molchilari shaxsiy kabineti orqali o‘z xonadonlarining (kunlik va oylik) gaz iste’molini nazorat qilib ko‘rib borishlari hamda onlayn tarzda gaz uchun pul to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Iste’molchilarga yana bir qulaylik – “Gaz-kalkulyator”dan xam foydalanish imkoniyati bor. Bunda iste’molchilar hisoblagichning ko‘rsatkichini kiritib, to‘lanishi kerak bo‘lgan pul miqdorini bilib olishlari mumkin.

Shuningdek, tizimda bir yoki bir nechta xonadon hisob-kitoblarini yagona oynada olib borish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, bu ortiqcha harakatlarsiz barcha xonadonlar gaz sarfi va amalga oshirilgan to‘lovlar shaffof tarzda olib borilishini ta’minlaydi. Ushbu tizimda ro‘yxatdan o‘tish tartibi soddalashtirilgan bo‘lib, birgina mobil telefon raqamini kiritish orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

“Bundan yetti oy oldin xonadonimizga mana shu “aqlli” hisoblagichni o‘rnatishdi. Uskunaning foydasi, samarasi katta ekan. To‘lov qilish uchun “raygaz”ga borib, soatlab navbatda turardik. Endi bo‘lsa mobil telefondan ilova orqali gaz pulini to‘lab qo‘yyapmiz. Qulayligi zo‘r. Barcha hisob-kitoblarni sayt orqali bilib turamiz. Oldindan to‘langan mablag‘ tugash yaqinlashganida SMS-xabar keladi.

Hozirgi kunda tabiiy gaz ta’minotida uzilishlar yo‘q. Qish oylarida ham shunday qoladi, degan umiddamiz”, – deydi Buloqboshi tuman Qumguzar mahallasida yashovchi Hasanboy Abdurahmonov.

Shu mahallalik Barnoxon Xolmatova ham “aqlli” hisoblagichlar haqida ijobiy fikrda ekanini bildirdi.

“Aqlli” hisoblagichlar iste’molchilar orasida to‘lov madaniyatini yuksaltirishga hissa qo‘shmoqda, – deydi “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali yetakchi mutaxassisi Ulug‘bek Zulfiqorov. – Oldinlari, shahar-tuman gaz idoralarida, pochta va banklarda aholi gaz uchun to‘lovni amalga oshirishga soatlab navbat kutar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatida katta-katta qarzdorliklar yuzaga kelardi. Hozir esa “aqlli” hisoblagich sarflagan gazdan kelib chiqib, qarzdorlik vujudga kelayotgan xonadonga SMS-xabarnoma yuboriladi.

Iste’molchi mobil ilovalar orqali to‘lovni onlayn amalga oshirishi va bu bilan vaqtini tejashi mumkin. Bu esa iste’molchilarimiz orasida tabiiy gaz uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirishga zamin yaratmoqda. Deylik, ikki-uch yil ilgari ham kuz-qish mavsumida iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun to‘lov 30 foizdan oshmagan bo‘lsa, hozirda to‘lovlar iste’molga nisbatan 80 foizdan 100 foizgachani tashkil etmoqda”.

Aniq hisob-kitobli hisobdonlar iste’molchilarga tabiiy gazdan oqilona foydalanishni o‘rgatmoqda. Avvallari , huda-behudaga kerak bo‘lmasa ham gaz yonib turgan bo‘lsa, hozirda har bir kub metri uchun to‘lovni amalga oshirayotgan iste’molchi gazni tejashni boshladi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2020 yil 3-choragida viloyat bo‘yicha tabiiy gaz iste’molchilari soni 245 158 nafar bo‘lgan holda 73 mln 527.8 ming m³ tabiiy gaz iste’mol qilingan va bunda har bir iste’molchiga o‘rtacha 1 chorak uchun 300 m³dan gaz sarfi to‘g‘ri kelmoqda. Endi xuddi shu davr uchun 2021 yilda 265 931 nafar iste’molchi 51 mln 109.8 ming m³ gaz iste’mol qilmoqda va o‘rtacha 192 m³dan 1 chorak uchun to‘g‘ri kelmoqda. Bu degani, 2020 yil 3-chorakda har bir iste’molchi har oyda o‘rtacha 100 m³dan gaz iste’mol qilgan bo‘lsa, “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilgach 2021 yilning 3-choragida har bir iste’molchi har oyda o‘rtacha 64 m³dan iste’mol qilmoqda.

Reklama huquqi asosida

Top