08:17 / 01.12.2021
4910

JSST rahbari yangi shtamm aniqlanayotgan davlatlarni jazolamaslikka chaqirdi

Koronavirusning yangi omikron-shtammi aniqlangan davlatlarni jazolamaslik kerak. Buning o‘rniga yangi shtammlarga qarshi oqilona choralar kiritish lozim. Bu haqda JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus yangi shtamm atrofidagi vaziyatga bag‘ishlangan yopiq brifingda aytib o‘tdi.

Foto: AA

“Men davlatlarning o‘z fuqarolarini yangi shtammdan himoyalashga intilishlarini yaxshi tushunaman. Biroq shu bilan birga, ba'zi davlatlar hech qanday dalillarga asoslanmagan va samarasiz keskin, umumiy choralarni kiritayotganidan xavotirdaman. Ushbu choralar tengsizlikni yanada chigallashtiradi. Biz JSSTga a'zo barcha davlatlarni xalqaro tibbiy-sanitar qoidalarga muvofiq xavfni kamaytirishga qaratilgan oqilona, mutanosib choralar kiritishga chaqiramiz”, deb ta'kidlab o‘tgan JSST rahbari.

Uning ta'kidlashicha, o‘z hududida yangi shtamm paydo bo‘lgani haqida ma'lum qilgan Botsvana va JAR “to‘g‘ri yo‘l tutganlari” uchun boshqa davlatlar tomonidan cheklovlar kiritilishi bilan “jazolandi”. Jumladan, ayni vaqtda ushbu davlatlardan aviareyslarni qabul qilish to‘xtatilmoqda.

Avvalroq JSSTda koronavirusni boshdan o‘tkazgan odamlar omikron-shtamm bilan kasallanishi xavfi yuqoriligi ta'kidlab o‘tilgan. Shu bilan birga, yangi shtamm delta-shtammdan xavfliroq ekanini ta'kidlash uchun hali ma'lumotlar yetarli emas.

Koronavirusning yangi shtammi paydo bo‘lgani haqida 24 noyabrda britaniyalik olimlar ma'lum qilgandi. Ularning taxmin qilishicha, yangi shtamm Botsvanada paydo bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top