10:05 / 01.12.2021
9074

O‘zbekiston delegatsiyasi Umra ziyorati masalasini muhokama qilish uchun Saudiyaga jo‘nab ketdi

Bugun, 1 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.

Foto: Omer Arslan

Kun.uz bilan suhbatlashgan idora matbuot xizmati boshlig‘i safar davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya podshohligi mas'ullari bilan asosan fuqarolarimiz uchun Umra ziyoratiga yuborish, pandemiya munosabati bilan safarning o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risida muzokaralar olib boradi.

Bir hafta davom etishi kutilayotgan ushbu safar davomida rasmiylar Umra ziyoratchilariga yaratilgan sharoitlar, pandemiya tufayli mamlakatda joriy qilingan yangi tartiblar bilan tanishadi hamda bir qancha mas'ullar bilan uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlar idorasi safar davomida erishilgan kelishuvlar bo‘yicha alohida rasmiy ma'lumot berilishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-2020 yillarda pandemiya tufayli butun dunyo mo‘min-musulmonlari «Haj» va «Umra» amallarini ado eta olmadi.

Avvalroq, Umra ziyoratiga boruvchilarning 14 kun kutishlari shart emasligi haqidagi talab faqat Saudiya Arabistoni fuqarolari va bu mamlakatda bo‘lib turgan xorijiy fuqarolarga tegishli ekanligi, xorijdan keladigan fuqarolarga qo‘yilgan cheklovlar hali bekor qilinmagani e'lon qilingan edi.

Shuningdek, joriy yilning 10 avgustidan Saudiya Arabistoni hukumati ziyoratchilar koronavirusga qarshi barcha zarur choralarni ko‘rgan holda, qirollikda tasdiqlangan Pfizer, Moderna, Johnson & Johnson, AstraZeneca vaksinalaridan biri bilan to‘liq emlangan bo‘lishi kerakligini bildirgan.

Top