16:45 / 01.12.2021
6739

Urgutda odamlar pul yig‘ib sotib olgan transformator 6 oyki tarmoqqa ulab berilmayapti

Urgut tumani “Qoldivoyjar” MFYga qarashli Qorabog‘lon qishlog‘ida yashovchi fuqarolar fevralda o‘zlari pul yig‘ib transformator sotib olgan. O‘shandan beri uni tarmoqqa ulab berishlari uchun tuman elektr tarmoqlari korxonasiga “yugurishadi”, ammo natija bo‘lmayapti.

Foto: KUN.UZ

Qorabog‘londa jami 250 ta xonadon bor. Ularga 70-yillarda o‘rnatilgan 100 kilovolt amperli bitta transformator xizmat ko‘rsatadi. Yuklama oshib ketgani uchun eski transformator tez-tez yonadi, ba'zida tutashuvlar bo‘lib ishdan chiqadi.

Joriy yil fevralda qishloqdagi har bir xonadondan 150 ming so‘mdan pul yig‘ib qariyb 30 million so‘mga yangi transformator sotib olingan. Ana shu transformator tuman ETK tomonidan hanuzgacha tarmoqqa ulab berilmayapti.

Beton ustunlar may oyida olib kelingan, avgustda joyiga o‘rnatilgan. O‘shanda odamlar traktorning solyarkasini pul yig‘ib olib berishgan. Endi 2 100 metr sim kerak. Tuman ETK viloyat omborlarida sim yo‘qligini aytmoqda.

Qishloq ahli kunlar sovigach har kuni xavotirda yashayotganlarini, qishloqdagi eski transformator istalgan vaqtda yana portlab ketishi mumkinligini aytishdi.

“So‘nggi o‘n yilda eski transformator ko‘p marta yonib ketdi. Bir necha marta portladi. Har safar o‘zimiz pul yig‘ib tuzattiramiz. O‘tgan yil kuzda portlaganda odamlardan pul yig‘ib 14 million so‘mga Samarqandda ta'mirlatib keldik. Hozir kunlar sovib eski transformatorga yuklama oshgan. Agar yana portlasa, odamlardan pul yig‘ib ta'mirlatish kerak bo‘ladi. Hozir odamlarga ham oson emas”, deyishdi qishloq ahli.

Qorabog‘londagi simyog‘ochlarning yarmidan ko‘pi qo‘lbola usulda o‘rnatilgan. O‘tgan asrning 70-yillarida qishloqqa transformator va simyog‘ochlar o‘rnatilgan, shundan keyin elektr infratuzilmasi bo‘yicha aytarli ish qilinmagan. Yangi hovli qilib chiqqanlar qo‘lbola simyog‘och yasab, tarmoqni o‘zi tortib ketavergan.

Qorabog‘londagi holat bo‘yicha Urgut ETK bosh muhandisi Ne'mat To‘xtamishevdan izoh oldik. Uning aytishicha, Qorabog‘londa aholi sotib olgan transformatorni tarmoqqa ulash ishlarining kechikib ketganiga “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJ omborxonalaridan turli mahsulotlarni olish qiyin bo‘lgani sabab bo‘lgan.

“Qorabog‘londa ustunlar o‘rnatilgan. Faqat sim tortib tarmoqqa ulab bersak, muammo hal bo‘ladi. Ammo o‘sha sim topilmayapti. Bir necha marta “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJning omborlariga bordim, sim yo‘q. Omborlarga sim kelgandan qorabog‘lonliklarning transformatorini tarmoqqa ulab beramiz”, dedi u.

N.To‘xtamishevning aytishicha, joriy yilda Urgut tumanida aholiga 22 ta transformator o‘rnatilishi dasturga kiritilgan. Shu paytgacha bor-yo‘g‘i 14 tasi o‘rnatilgan. Qolgani esa “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan berilmagan.

Qorabog‘londan qaytishimizda Urgut tumani Jayratepa mahallasi raisi H.Ahmedov qo‘ng‘iroq qilib, transformator o‘rnatilishi masalasida u raislik qilayotgan mahalla ham muammolarga duch kelayotganini bildirdi. Uning aytishicha, Urgut ETK avvaliga odamlardan pul yig‘ib transformator olishni so‘ragan, rais rad etgach, dasturga kiritgan. Ammo transformatorni hanuzgacha o‘rnatib bermagan.

Urgut tuman ETK uchastka noziri Zuhriddin Umrzoqov Jayratepa mahallasi haqiqatan yilning boshida dasturga kiritilgani, ammo “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJ yetkazib bera olmagani uchun mahallaga hanuzgacha yangi transformator o‘rnatilmaganini ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 6 noyabr kuni Kun.uz'da “Oqdaryoda aholining o‘zi sotib olgan transformator to‘rt oydan beri tarmoqqa ulab berilmayapti” sarlavhasi ostida maqola berilgandi. Unda Oqdaryo tumanining Oytamg‘ali mahallasi Pilol qishlog‘ida yashovchi fuqarolar to‘rt oydan beri o‘zlari sotib olgan transformatorni tarmoqqa ulay olmayotgani tanqid ostiga olingandi.

Avvalroq Kun.uz'da “Bir viloyatda o‘n minglab “stolba” avariya holatida. Simyog‘ochlar monopoliyasi tizimning “sehrli tayoqchasi”mi?» sarlavhali tahliliy maqola ham e'lon qilingandi. Unda Samarqand viloyatida jami 565 mingdan ortiq simyog‘och mavjud bo‘lib, shundan 245 mingtasi eski, yog‘och ustunlar bo‘lsa, 60 825 tasi avariya holatida, ya'ni almashtirilishi kerakligi aytilgandi.

Bundan tashqari, Kun.uz “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ taqdim etgan ma'lumotlarni tahlil qilib, 2021 yil uchun belgilangan elektr uzatish tarmog‘i va transformatorlarni yangilash rejasi bajarilmay qolish ehtimoli haqida yozgandi.

Ammo ko‘p o‘tmay, masalaga jamiyat munosabat bildirib, berilgan ma'lumotlar xato ekanini bildirgandi. Mana endi ma'lum bo‘lyaptiki, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning viloyatlardagi hududiy bo‘limlari joylarda dasturda belgilangan ishlarni bajarishda jiddiy oqsamoqda. Bu esa odamlarning asosli noroziliga sabab bo‘lmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh,

Kun.uz muxbiri

Top