19:30 / 02.12.2021
42913
Dunyoning eng qimmat shaharlari reytingida yetakchi o‘zgardi. Toshkent eng arzon shaharlar beshtaligida

Tel-Aviv dunyodagi eng qimmat shahar deb topildi. Shaharning bunday «ko‘tarilishi» Isroil valutasi mustahkamlanishi bilan bog‘liq.

Foto: Gil Cohen-Magen/AFP/Getty Images

Economist Group’ning Economist Intelligence Unit tahliliy bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Isroilning Tel-Aviv shahri yashash uchun eng qimmat shahar deb topilgan. O‘tgan yili mazkur shahar reytingning beshinchi qatoridan joy egallagandi.

Tsyurix va Hongkong ham birinchi o‘ntalikdan joy egalladi (o‘tgan yili ular birinchi o‘rinni Parij bilan bo‘lishgan edi, endi esa 4 va 5-qatorlarda), ulardan keyingi o‘rinlar Nyu-York, Jyeneva, Kopenhagen, Los-Andjyeles va Osakaga tegishli.

London uch bandga ko‘tarilib, 17-o‘rindan joy olgan. Moskva ro‘yxatning o‘rtalarida – 96-o‘rinda, biroq u o‘sish tendensiyalari eng sezilarli bo‘lgan shaharlar o‘ntaligiga kirdi (Rossiya poytaxti reytingda 10ta qatorga ilgarilagan).

Tehron (nisbatan) o‘sish ko‘rsatkichi bo‘yicha rekordchiga aylandi. U yerda AQSh sanksiyalari hayot qiymatini shu darajada oshirib yubordiki, Eron poytaxti 12 oyda 79-o‘rindan 29-o‘ringa ko‘tarildi.

Tadqiqot mualliflari jami 173ta yirik shaharlardagi tovar va xizmatlarni AQSh dollarida taqqoslashdi. Ular tadqiq etilgan shaharlarda mahalliy valutada narxlar o‘rtacha 3,5 foizga o‘sgan degan xulosaga kelishdi. Mazkur ko‘rsatkich esa so‘nggi 5 yilda qayd etilgan inflatsiyaning eng yuqori darajasidir. Eng sezilarli o‘sish transport sohasiga to‘g‘ri kelgan. Benzin narxi o‘rtacha 21 foizga oshgan.

Shaharning bunday «ko‘tarilishi» Isroil valutasi  mustahkamlanishi bilan bog‘liq. Foto: REUTERS

Tel-Avivning “ko‘tarilishi” ko‘p jihatdan Isroil valutasi – shekelning dollarga nisbatan mustahkamlanishi bilan bog‘liq. Tovarlar, birinchi navbatda oziq-ovqat mahsulotlari narxining sezilarli o‘sishi (10 foizga yaqin) ta'sir ko‘rsatdi.

Tel-Aviv spirtli ichimliklar va transport qimmatligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni, shaxsiy gigiyena buyumlari bo‘yicha beshinchi, ko‘ngilochar maskanlardagi narxlar bo‘yicha oltinchi o‘rinni egalladi. Economist barcha hisob-kitoblarida uy-joy narxlarini hisobga olmagan.

“Tel-Aviv butun mamlakat kabi qimmatlashishda davom etadi. Asosiy muammo shundaki, Isroilda boshqa yirik shaharlar mavjud emas. AQShda Nyu-York, Chikago, Mayami va h.k, Buyuk Britaniyada esa London, Manchester, Liverpul bor. U yerda yashash juda qimmatlashsa, boshqa shaharga ko‘chib ketish mumkin”, deydi shahar meri Ron Xuldai Haaretz gazetasiga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tez orada Tel-Avivni haqiqiy “portlash” kutmoqda.

Hisobot mualliflarining qayd etishicha, koronavirus pandemiyasi reytingga sezilarli o‘zgarishlar kiritishda davom etyapti.

“Emlanish davom etar ekan, ko‘plab iqtisodiyotlar o‘ziga kela boshladi, yirik shaharlarda kasallanish avvalgidek avj olyapti, bu esa cheklov choralarini qo‘llashga majbur qiladi. Ko‘plab shaharlarda mazkur holat yetkazib berishdagi uzilishlarga va natijada taqchillik hamda narxlar ko‘tarilishiga olib keladi”, - deya yozmoqda ular.

Umuman olganda, Economist prognozlariga ko‘ra, kelasi yili narxlar o‘sishi sekinlashishi kerak. Chunki butun dunyo bo‘ylab markaziy banklar inflatsiyani jilovlash maqsadida foiz stavkalarini ehtiyotkorlik bilan ko‘tarishni boshlaydi.

Beshta eng qimmat shaharlar

Tel-Aviv

Parij

Singapur

Tsyurix

Hongkong     

Beshta eng arzon shaharlar

Damashq

Tripoli

Toshkent

Tunis

Olmaota

Top