18:32 / 02.12.2021
6485

Qurilish materiallari ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun 200 mln dollar ajratildi

O‘zbekistonning har bir hududida uy-joy qurilish klasterlari tashkil etiladi. Bu haqda prezident videoselektor yig‘ilishida ma'lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Aholini uy-joy bilan ta'minlash dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektorda ma'lum qilinishicha, har bir hududda uy-joy qurilish klasterlari tashkil etiladi.

Ushbu klasterlarda:

  • loyihalashtirish;
  • xomashyodan tortib, tayyor mahsulotgacha ishlab chiqarish zanjiri;
  • zamonaviy texnika va malakali mutaxassislari bor qurilish tashkiloti;
  • sifatni nazorat qilish laboratoriyasi bo‘lishi shart.

«Misol uchun, bunday klasterlar Toshkent viloyati («Binokor», «Yevro global invest») va Navoiyda («Zarafshon golden grup») tashkil etilgan bo‘lib, qurilish konstruksiyalarining 80 foizini o‘zi ishlab chiqaradi va pudrat ishlarini ham o‘zi to‘liq amalga oshiradi.

Natijada, 1 kvadrat metr uyning tannarxi 3,5 million so‘m, ya'ni boshqa quruvchi korxonalarga nisbatan 20 foizga arzon tushmoqda.

Viloyat hokimlari, uch oy muddatda bunday klasterlarni har bir hududda tashkil etsin. Bunda, viloyat hokimlari, masalan, yirik sement zavodlari bilan ishlab, ular bilan zamonaviy uy-joy qurilish klasterlari tashkil etishlari kerak.

Kelgusi yilda uy-joy qurilish klasterlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 150 million dollar resurs jalb qilinsin», degan davlat rahbari.

Buning hisobidan, shunday klasterlarga:

  • aylanma mablag‘ uchun 10 milliard so‘mdan revolver kredit;
  • asbob-uskuna va qurilish texnikasi olib kelish uchun, 2 million dollarlik uzoq muddatli kreditlar ajratiladi.

Shuningdek, zamonaviy asbob-uskuna va qurilish texnikasi olib kelish uchun, 2 yilga bojxona imtiyozlari beriladi.

Shu bilan birga, qurilish tashkilotlariga bunday texnikalarni lizing asosida xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish uchun 50 million dollar resurs ajratish bo‘yicha bir hafta muddatda taklif kiritilishi topshiriq qilindi.

«Infratuzilma xarajatlarini qisqartirish uchun qurilish materiallari klasterlarini mavjud xomashyo yoki yirik korxonalar atrofida tashkil etish zarur.

Bunday klaster atigi bir yil ichida G‘ozg‘onda tashkil etilib, samarasini ko‘rsatdi. Hozirgi kunda, O‘zbekiston tumanida 11ta sement, gipsokarton, gazoblok, temir-beton, metall buyumlar, quruq qorishmalar korxonalari ishga tushirilmoqda.

Ularning yonida logistika, ilm va innovatsiya markazlari, zamonaviy laboratoriya tashkil etib, bozorni o‘rganishni birlashtirsa, eksport va ichki bozorlarda raqobatdosh klaster tashkil etiladi.

Yangi tashkil etiladigan klasterlar infratuzilmasiga 200 milliard so‘m ajratiladi.

Qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirish uchun davlat tomonidan 200 million dollar ajratildi. Buning yoniga kelgusi yilda xorijiy moliya bozorlaridan yana 300 million dollar jalb qilinsin», deya ta'kidladi davlat rahbari.

Top