07:37 / 02.12.2021
3368
Vazirlar Mahkamasining suv munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlari kengaytirildi
Foto: Kun.uz

2021 yil 30 noyabrdagi qonun bilan “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Vazirlar Mahkamasining suv munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlari kengaytirildi. Xususan bu: suv xo‘jaligini rivojlantirish, suvdan oqilona foydalanish, suvdan samarali foydalanish, suv tanqisligining salbiy ta'sirini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, suv va suvdan foydalanishga doir boshqa dasturlarni tasdiqlash; suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibini tasdiqlash.
 
Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining suv munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlari quyidagilar bilan to‘ldirildi: suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha aniq yo‘naltirilgan ro‘yxatlarni shakllantirish va tasdiqlashda, shuningdek ularning amalga oshirilishini nazorat qilishda ko‘maklashish; suv iste'molchilari uyushmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta'minlash, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarini ta'mirlash hamda tiklash, tomorqa yerlariga suv yetkazib berish tadbirlarini amalga oshirishda ko‘maklashish.
 
Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini quyidagilar amalga oshiradi: mahalliy davlat hokimiyati organlari; Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi; Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi; Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi; Sog‘liqni saqlash vazirligi; Suv xo‘jaligi vazirligi; Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi.

Suv iste'molchilari uyushmalarining faoliyatini moliyalashtirish o‘z a'zolarining har yillik a'zolik badallari, shartnoma asosida suv yetkazib berganlik va boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovlar, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Suv iste'molchilari uyushmalari suvdan foydalanish qoidalari buzilgan, suvdan maqsadsiz foydalanilgan taqdirda, shuningdek limitdan ortiqcha suv olingan, a'zolik badallari, suv yetkazib berganlik va boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda, qonunning hamda shartnoma shartlarining aniqlangan buzilishlari bartaraf etilguniga qadar suv iste'molchilariga suv yetkazib berishni to‘xtatishga haqli.
 
Aniqlashtirilishicha, suv obektlari yoki ularning qismlari suvdan foydalanish obektlari bo‘lishi va qonunchilikda belgilangan tartibda DXSh prinsiplari hamda boshqa shartlar asosida foydalanishga berilishi mumkin, bundan suv omborlari, sel-suv omborlari, shuningdek yirik va alohida muhim suv xo‘jaligi obektlari mustasno.

Top