12:44 / 03.12.2021
8579

Deputatlar korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni birinchi o‘qishda qabul qildi

Videodan kadr

3 dekabr kuni o‘z ishini boshlagan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi ilk bor jonli efirda olib berilmoqda. Unda deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta'minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi va bir ovozdan qabul qildi.

Ma'lum qilinishicha, mazkur hujjat bilan Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limi «korrupsiyaga oid jinoyatlar» degan yangi atama bilan to‘ldirilmoqda. Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun aybdor shaxsga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytirish maqsadida Jinoyat kodeksining 167- va 168-moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlar mansab mavqeyini suiiste'mol qilish yoki xizmat mavqeyidan foydalanib sodir etilgani ushbu moddalarning og‘irroq qismiga o‘tkazilib, mazkur qilmishlar uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta'minlash, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga yengillashtiruvchi normalarni qo‘llashni cheklash maqsadida qator normalarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Jinoyat kodeksining 73 va 74-moddalarida o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun hukm qilingan, biroq jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga hamda poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tatbiq qilinmasligi belgilanmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi kuchga kirsa pora olish, pora berish va pora oldi-berdisida vositachilik qilish jinoyatlari uchun jazo 15 yildan 20 yilgacha uzaytiriladi. Poraxo‘rlar muddatidan ilgari ozodlikka chiqarilmaydi, jazo yengilrog‘i bilan almashtirilmaydi.

Top