16:38 / 03.12.2021
22988

“Tolibon” ayollar huquqlariga oid farmonini e'lon qildi

Harakat yetakchisi Haybatulla Oxundzoda tomonidan imzolangan farmonga muvofiq, “hech kim ayollarni turmush qurishga majburlay olmaydi”.

Foto: Hector Retamal/AFP/Getty Images

“Tolibon” harakati ayollar huquqlariga oid farmon e'lon qildi. Hujjat vaqtinchalik hukumatning axborot va madaniyat vaziri o‘rinbosari Zabihulla Mujohidning Twitter sahifasida joylashtirildi.

Harakat yetakchisi Haybatulla Oxundzoda tomonidan imzolangan farmonga muvofiq, “hech kim ayollarni turmush qurishga majburlay olmaydi”.

Ta'kidlanishicha, ayol erkin inson hisoblanadi, u erkaklar o‘rtasidagi “yarashuv yoki dushmanlikni to‘xtatish buyumi” emas.

Bundan tashqari, eri vafot etgan ayollarning huquqlariga ham aniqlik kiritilgan.

“Eri vafot etgan ayolning idda muddati tugaganidan so‘ng unga hech kimning kuch bilan uylanishga haqqi yo‘q”, — deyiladi hujjatda. Beva o‘z taqdirini o‘zi belgilashi mumkin. 

Shuningdek, farmonda aytilishicha, ko‘pxotinli erkaklar “barcha ayollariga shariat qonunlariga muvofiq teng huquq berishi lozim”.

Top