21:49 / 04.12.2021
11007
Belarus Ukraina harbiy vertolyoti davlat chegarasini buzib kirganini ma'lum qildi

Ma'lumot berilishicha, Mi-8 harbiy vertolyoti 100 metrcha balandlikda chegarani kesib o‘tgan va Belarus hududiga 1 km ichkariga kirgan.

Foto: Petr Kovalev/TASS

Ukrainaning Mi-8 harbiy vertolyoti mashg‘ulotlar vaqtida Belarus davlat chegarasini buzib kirdi. Bu haqda Belarus davlat chegara qo‘mitasi xabar berdi.

“Bugun, 4 dekabr kuni soat 12larda Belarus-Ukraina chegarasining “Novaya Rudnya” o‘tkazuv punkti atrofida Belarus Respublikasi havo sarhadi Ukraina tomonidan buzilgani qayd etildi”, – deyiladi xabarda.

Qo‘mitaning ma'lumot berishicha, Ukrainaning Mi-8 harbiy vertolyoti 100 metrcha balandlikda davlat chegarasini kesib o‘tgan va Belarus hududiga 1 km ichkariga kirgan.

“Ukraina tomoni ushbu hodisa to‘g‘risida xabardor qilindi”, – deb ma'lum qilgan Belarus davlat chegara qo‘mitasi.

Mavzuga oid
Top