21:26 / 04.12.2021
21979
Bild nashri Rossiyaning Ukrainaga hujum qilish rejasi xaritasini e'lon qildi

Nashrning yozishicha, Moskva hujum qilishning ikkita rejasini ko‘rib chiqmoqda. Birinchisida birdaniga ikkita front – Qrim hamda Donetsk va Luganskdan hujum uyushtirish ko‘zda tutilgan. Ikkinchi reja esa uch bosqichdan iborat.

Foto: AFP

Germaniyaning Bild nashri Rossiya armiyasining Ukrainaga taxminiy hujum qilish xaritasini chop etdi.

NATOdagi va xavfsizlik xizmatidagi manbalariga asoslanganini bildirgan nashrning yozishicha, Moskva hujum qilishning ikkita rejasini ko‘rib chiqmoqda. Birinchisida birdaniga ikkita front – Qrim hamda Donetsk va Luganskdan hujum uyushtirish ko‘zda tutilgan. Ikkinchi reja esa uch bosqichdan iborat.

Foto: Bild 

«Janub» deb atalgan birinchi bosqich Ukrainaning janubiy regionlariga hujum qilish orqali mamlakatni dengizdan kesib qo‘yishni o‘z ichiga oladi. «Shimol-sharq» deb nomlangan ikkinchi bosqichda ballistik raketalar zarbasi ostida Ukrainaning mudofaa salohiyati zaiflashtiriladi. Bu birinchi bosqich bilan parallel ravishda amalga oshiriladi. Uchinchi — «Kiyev» bosqichida shimoldan Ukraina poytaxtiga hujum qilish rejalashtirilgan.

Rossiya armiyasi «Korosten-Uman» chizig‘igacha borib, Kiyevni taslim bo‘lishga majbur qilmoqchi. Uch bosqichli reja natijasida Ukraina hududining uchdan ikki qismi egallab olinadi, deyiladi maqolada.

Avvalroq The Associated Press (AP) Rossiya 2022 yilning dastlabki haftasida Ukrainaga hujum qilishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.

Top