17:17 / 04.12.2021
3787

JSST chegaralarni yopish o‘rniga emlash sur'atlarini tezlashtirishga chaqirdi

JSST vakili mamlakatlar aholining zaif guruhlarini to‘liq emlashi va niqob taqish hamda ijtimoiy masofa saqlash choralariga rioya qilishi kerakligini aytdi.

Foto: Reuters

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusning «omikron» shtammiga qarshi kurashish uchun mamlakatlarni vaksinatsiya o‘tkazish va sog‘liqni saqlash darajasini yaxshilashga chaqirdi, deb xabar berdi Reuters.

Safarlarni cheklash vaqtdan yutishga yordam beradi xolos, ammo muammoni hal qilmaydi, dedi JSSTning Tinch okeani g‘arbiy mintaqasi direktori Takesi Kasai.

«Faqat cheklov choralariga tayanib qolmaslik kerak. Yanada yuqumli shtammlarga qarshi tayyorgarlik ko‘rish muhimroq», — dedi u.

Kasai mamlakatlarni aholining zaif guruhlarini to‘liq emlashga va niqob taqish hamda ijtimoiy masofa saqlash choralariga rioya qilishga chaqirdi.

«Hozircha «omikron» bilan bog‘liq o‘lim holatlari haqida eshitmadim» , — dedi JSST vakili Kristian Lindmayyer.

Ammo vaksina ishlab chiqaruvchilar o‘z preparatlarini yangi shtammdan himoyalashga moslashga tayyorlanishlari kerak, deya qo‘shimcha qildi u.

Noyabr oxirlarida JSST yangi shtamm aniqlangan mamlakatlarni chegaralarni yopish bilan «jazolamaslikka» chaqirgandi.

«Agar shunday davom etadigan bo‘lsa, ko‘plab mamlakatlar yangi shtammlar haqida xabar bermay qo‘yadi va dunyo yangi pandemiyaga duch keladi», — degandi janubiy afrikalik olim Tulio de Oliveyra.

Mavzuga oid
Top