20:44 / 04.12.2021
10297
“Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi siyosiy muloqot uchinchi davlatlar manfaatlariga qarshi qaratilmagan” - Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston yetakchisi qozoq nashriga bergan intervyusida O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlari, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi, mintaqa va Afg‘onistondagi muammolar haqida to‘xtaldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga davlat tashrifi munosabati bilan “Kazaxstanskaya pravda” nashriga katta intervyu berdi.

Davlat rahbari intervyuda Qozog‘iston va O‘zbekiston munosabatlari, Markaziy Osiyo davlatlarining siyosiy yaqinlashuvi, Orol muammosi va Afg‘onistondagi vaziyat haqida fikr bildirdi.

Kun.uz ushbu intervyuni ba'zi qisqartirishlar bilan taqdim qiladi.

Qozog‘istonga tashrifdan kutilayotgan natijalar va maqsadlar haqida

— Tashrif kun tartibidan siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, hamkorlikni kengaytirish, jumladan, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, turli sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni faollashtirish masalalari o‘rin olgan.

Shu bilan birga, umumiy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashishda sheriklikni mustahkamlashga oid muhim hujjatlar qabul qilinadi.

O‘zbekiston–Qozog‘iston iqtisodiy hamkorligi haqida

— O‘zbekiston va Qozog‘iston tabiiy iqtisodiy sheriklar ekanini, iqtisodiyotlarimiz bir-birini to‘ldirishini alohida ta'kidlamoqchiman. Mamlakatlarimiz o‘zaro talab qilinadigan mahsulotlar turi va hajmini sezilarli darajada kengaytirish uchun yetarli salohiyatga ega.

Joriy yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 40 foizga oshdi va yil oxiriga qadar 4 milliard dollarga yetishi kutilmoqda – bu savdo aloqalarimiz uchun rekord ko‘rsatkichdir. Ammo bu real chegaradan ancha uzoq. Ikki davlat iqtisodiyotining salohiyatini inobatga olgan holda, kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazishni dadil maqsad qilib qo‘yishimiz kerak.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 1000 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ikki yildan ortiq vaqtdan beri mamlakatimizda Qozog‘iston Tenge banki faoliyat yuritib, hududlarda o‘z filiallari tarmog‘ini kengaytirmoqda.

Mamlakatlarimizning geostrategik pozitsiyasidan kelib chiqqan holda transport-logistika sohasi o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Gap Uchquduq – Qizilo‘rda temir yo‘li qurilishi, shuningdek, Turkiston va Toshkent o‘rtasida tezyurar qatnov yo‘lga qo‘yilishi kabi muhim loyihalar haqida bormoqda.

Ta'kidlash joizki, keyingi yillarda temir yo‘l va avtomobil yuklarini tashish hajmi sezilarli darajada oshdi. Havo qatnovi to‘liq tiklandi.

Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlari haqida

— Yana bir bor ta'kidlamoqchimanki, biz yangi xalqaro tashkilot yoki o‘z ustavi va mamlakatlar milliy organlaridan yuqori organlarga ega integratsiya tuzilmasini yaratishga intilmayapmiz.

Bizning asosiy maqsadimiz – Markaziy Osiyoni barqaror, ochiq, jadal rivojlanayotgan, ishonchli va prognozlar qilish mumkin bo‘lgan xalqaro hamkorga aylantirishdir. Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot va davlatlararo yaqinlashuvning ijobiy jarayonlari ochiq va konstruktiv xarakterga ega hamda uchinchi davlatlar manfaatlariga qarshi qaratilmagan.

Maslahatlashuv uchrashuvlari mintaqadagi barcha davlatlar vakillari ishtirok etadigan muhim format bo‘lib, ularning asosiy tamoyillari konsensus va tenglikdir.

Shuningdek, bu uchrashuvlar to‘plangan muammolarni tezkorlik bilan hal etish bo‘yicha uzoq vaqtdan beri kechiktirib kelingan so‘rovlarga shoshilinch javob berish imkoniyatini yaratmoqda.

Markaziy Osiyoning kelajagi haqida

— Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, ochiq va barqaror xarakter kasb etadigan darajaga chiqdi deb aytish mumkin.

Ishonchim komilki, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va umumiy vazifalarimizni izchil hal etish bo‘yicha ishlar mintaqaning barcha davlatlari tomonidan davom ettiriladi.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, mintaqaviy hamkorlikni muvaffaqiyatli rivojlantirish nafaqat geografik yaqinlik, tarixiy hamjihatlik, savdo-iqtisodiy, madaniy va sivilizatsiyaviy aloqalar kabi obektiv omillar, balki yaqin sheriklik munosabatlari orqali o‘sib boradigan o‘zaro manfaatlarga ham asoslanadi.

Orol inqirozi, ekologiya va iqlim o‘zgarishi haqida

— Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni ta'minlash muammolari haqida gap ketganda, albatta, zamonamizning eng o‘tkir ekologik muammolaridan biri – Orol fojiasini ham e'tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.

O‘z vaqtida suv resurslaridan o‘ylamay foydalanish oqibatida bu hududlardagi minglab odamlar azob chekishmoqda. Vaziyat misli ko‘rilmagan iqlim o‘zgarishi tufayli yanada og‘irlashmoqda. O‘rtacha yillik haroratning oshishi kuzatilmoqda, qurg‘oqchilik, chang bo‘ronlari, suv toshqinlari va sellar tez-tez uchramoqda, muzliklar erishi tezlashgan.

Buning oqibatlarini yumshatish uchun ma'lum chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, salbiy oqibatlarni kamaytirish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi, Suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi va ekologik vaziyatni har tomonlama yaxshilashga qaratilgan boshqa muhim hujjatlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda.

Afg‘onistondagi vaziyat haqida

— Agar muvofiqlashtirilgan samarali choralar ko‘rilmasa, Afg‘oniston uzoq vaqt davomida mintaqaviy xavfsizlikka yangi tahdidlar manbayi bo‘lib qolishi mumkin. Tinchlik va barqarorlikka qancha erta erishilsa, bu mamlakat rivojlanishiga yo‘l ochadi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik yirik iqtisodiy va energetika loyihalarini amalga oshirish uchun yangi strategik imkoniyatlar yaratadi.

Yevrosiyo va Janubiy Osiyo, Sharqiy va G‘arbiy Osiyo o‘rtasida tabiiy quruqlik ko‘prigi bo‘lgan Afg‘onistonning geografik jihatdan qulay joylashuvi transmintaqaviy aloqalarni rivojlantirishda uning qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatib beradi.

Afg‘onistonning iqtisodiy jihatdan tiklanishi – bu yerda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishning eng muhim shartidir.

Mening fikrimcha, vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun yangi hokimiyat bilan muloqotni rivojlantirish, afg‘on xalqiga ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish zarur. Bu vaziyatda Afg‘onistonda keng ko‘lamli gumanitar inqiroz yuzaga kelishi va uning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.

Suhbat so‘ngida Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston xalqini mamlakat mustaqilligining 30 yilligi bilan tabrikladi.

Mavzuga oid
Top