13:32 / 05.12.2021
9269

Hindistonda harbiylar xatolik tufayli tinch aholini o‘qqa tutdi

Foto: Reuters

Hindiston shimolidagi Nagalend shtatida harbiylar tinch aholi vakillarini ayirmachilar guruhi deb o‘ylab, yanglish tarzda o‘qqa tutdi. AFP axborot agentligining xabar berishicha, bu hodisa va undan keyin yuz bergan to‘qnashuvlar oqibatida 13 fuqaro, Reuters ma'lumotlariga ko‘ra, 14 fuqaro va bir harbiy halok bo‘lgan.

Voqea Myanma bilan chegaradosh Mon okrugidagi Oting qishlog‘ida yuz bergan. “Harbiylarda ushbu hududda qandaydir qurollangan harakat haqida razvedka ma'lumotlari bo‘lgan. Shu sababli ular yuk mashinasida ketayotgan konchilarni ayirmachilar deb qabul qilib, o‘qqa tutgan. Buning oqibatida 6 konchi halok bo‘lgan”, deb ma'lum qilingan politsiyada.

Ushbu hodisa haqidagi xabar qishloqda tarqalgach, mahalliy aholi harbiylar lagerini qurshab olgan. Shundan keyin tomonlar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan. Harbiylar “o‘zini himoyalash” maqsadida odamlarga o‘t ochgan va yana 8 fuqaroning o‘limiga sabab bo‘lgan. To‘qnashuvlar vaqtida bir harbiy halok bo‘lgan.

“Hozirda Mon okrugida vaziyat juda keskin”, deb ma'lum qilgan shtat politsiyasi xodimi Sandip M.Tamgaj.

Hindiston ichki ishlar vaziri Amit Shoh halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirgan. Shtat bosh vaziri Neyfiu Rio hodisa sinchkov tergov qilinishi va aybdorlar javobgarlikka tortilishini aytgan. U yuz bergan hodisani razvedkaning “muvaffaqiyatsizligi” deb atagan.

Top