18:33 / 07.12.2021
3779

Hindiston-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun dori-darmonlar xayriya qildi

Shamollashga qarshi, immunitetni oshiruvchi va boshqa turdagi dori-darmonlar keksalar, nogironligi bor bemorlarga bepul beriladi.

Foto: Kun.uz

Generika Hindiston-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi tomonidan 10 turdagi dori vositalari ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar bilan ishlaydigan muassasalarga bepul taqdim etildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, 6 dekabr kuni Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligida mazkur dorilarni taqsimlash bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan qo‘shma korxona ta'sischisi Jorj Muler kompaniya va mazkur xayriyadan ko‘zlangan maqsad haqida gapirdi. 

Foto: Kun.uz

“Hindistonning Generika kompaniyasi yuqori sifatli dorilar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi va dunyoning ko‘plab mamlakatlariga o‘z mahsulotlarini eksport qiladi. Shu jumladan, O‘zbekistonga ham. Biz 3 yil avval Generika Hindiston-O‘zbekiston qo‘shma korxonasiga asos solganmiz. O‘zim 10 yildan beri shu mamlakatda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelaman. O‘ylaymanki, O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shuning uchun mamnuniyat yuzasidan respublikada istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga 10 turdagi dori vositalarini bepul taqdim etishga qaror qildik. 

Bu dori-darmonlar O‘zbekistondagi fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari bilan ishlaydigan muassasalarga bepul tarqatildi”, dedi tadbirkor.

Foto: Kun.uz

Ma'lum qilinishicha, xayriya sifatida berilgan dorilar qiymati 410 mln so‘mni tashkil etadi. Dori-darmonlar Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi va Xalq ta'limi vazirligi tasarrufidagi tibbiy ijtimoiy muassasalar va imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatlariga beg‘araz tarqatiladi.

“Homiylarimiz dorilarni muruvvat yordami sifatida ajratishdi. Buning uchun ularga minnatdorlik bildiramiz. Dorilar orasida qonni suyultiruvchi, immunitetni oshiruvchi, shamollashga qarshi preparatlar, yotoq yaralarni davolashda qo‘llash uchun malhamlar bor. O‘ylaymizki, sifatli dorilardan ko‘plab bemorlar shifo topadi”, dedi agentlik direktori o‘rinbosari Bahodir Karimov.

Qayd etilishicha, Generika Hindiston-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi o‘tgan yili ham shu kabi dori vositalarini respublikadagi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun bepul xayriya qilgan. 

Top