21:50 / 07.12.2021
13085

Ittifoqchilik munosabatlari, erishilgan kelishuvlar va 10 mlrd dollarlik marra – Qozog‘istonga tashrif yakunlari haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni keyingi darajaga ko‘tarishi kutilmoqda. Tashrif davomida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya, 20dan ortiq turli shartnomalar, savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish borasida kelishuvlarga erishildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Siyosiy sohada erishilgan eng katta yutuq bu – O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolanishi bo‘ldi. Qozog‘iston - O‘zbekiston ittifoqchiligi nafaqat bu ikki davlat, balki mintaqadagi barqarorlik uchun ham juda muhimligi qayd etildi.

Ittifoqchilik to‘g‘risidagi deklaratsiyada aynan nimalar nazarda tutilgani hozircha ma’lum emas. Rasmiy relizda ushbu hujjatda qardosh xalqlarning hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlari, ko‘p qirrali sheriklik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsad qilingani aytilmoqda. 

Bundan tashqari, To‘qayev va Mirziyoyev strategik sheriklikni yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston va Qozog‘iston Davlatlararo Oliy Kengashi, Parlamentlararo hamkorlik kengashi va Tashqi ishlar vazirlari kengashini ta’sis etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

O‘zbekiston hozirga qadar faqat Rossiya Federatsiyasi bilan 2005 yil 14 noyabrda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan edi, lekin ochiq manbalardan Qozog‘iston rasman ittifoqdosh bo‘lgan mamlakatlar soni borasida ma’lumotlar mavjud emas.

Shuningdek, tashrif avvalidan Qozog‘iston nashriga intervyu bergan Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot va davlatlararo yaqinlashuv jarayonlari uchinchi davlatlar manfaatlariga qarshi qaratilmagani, balki ochiq va konstruktiv xarakterga egaligini bildirgandi.

Tashrifda erishilgan iqtisodiy sohadagi eng katta yutuq – O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollargacha oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgani bo‘ldi. Bunday natijaga erishish uchun o‘zaro savdo aloqalari tez fursatda rivojlanishi va bojxona siyosati liberallashtirilishi talab etiladi. Bu o‘z navbatida ikki davlat tadbirkorlari uchun manfaatlidir.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tashrifda joriy yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining rekord daraja – 4 milliard dollarga yetishi kutilayotgani aytildi. Shuningdek, yaqin besh yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasi imzolandi.

Nur-Cultonda bo‘lib o‘tgan IV O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes-forumi va O‘zbekiston-Qozog‘iston ishbilarmonlar kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida umumiy qiymati 5,9 milliard dollarga teng bo‘lgan qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha savdo shartnomalari va ikki tomonlama bitimlar imzolandi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Lekin, O‘zbekiston tarafining bayonotidan farqli ravishda, Qozog‘iston tadbirkorlar milliy palatasi ushbu forum doirasida jami qiymati 2 milliard dollar bo‘lgan 15 shartnoma, Turkiston viloyatida ikki davlat tadbirkorlari uchrashuvi yakuni bo‘yicha esa 600 million dollarlik qo‘shma kelishuvlar imzolanganini bildirdi.

Bundan tashqari, tashrif davomida o‘zaro va uchinchi davlatlar bozorlariga chiqishni ta’minlaydigan yangi yo‘laklarni shakllantirish masalasi ham ko‘tarildi. Davlat rahbarlari «Uchquduq-Qizilo‘rda» temir va avtomobil yo‘lini hamda «Turkiston-Chimkent-Toshkent» yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan temir yo‘l qurilishi loyihalarini tezlashtirishga kelishdi.

Uchrashuvda iqlim masalalari, suv resurslaridan oqilona foydalanish, Orolbo‘yida daraxtzorlar barpo etish masalalariga to‘xtalib o‘tilgan.

Foto: Oq o‘rda

Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, prezidentlar va rasmiylar delegatsiya vakillari tomonidan quyidagi hujjatlar imzolangan.

- O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarni almashish borasida;

- O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida favqulodda vaziyatlar to‘g‘risida xabar berish va uni bartaraf qilish borasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuv;

- O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida fazodan tinchlik maqsadlarida foydalanish va tadqiqotlar olib borish bo‘yicha kelishuv;

- O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida chegaradan energetika resurslarini olib o‘tishda birgalikdagi bojxona nazorati to‘g‘risida;

- 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida hamkorlik dasturi;

- «Markaziy Osiyo» sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini yaratish konsepsiyasi;

- «Markaziy Osiyo» sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini yaratish bo‘yicha tadbirlar qo‘shma rejasi;

- «Turkiston-Chimkent-Toshkent» yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan temir yo‘l qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma reja;

- 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan «Uchquduq-Qizilo‘rda» temir va avtomobil yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish qo‘shma rejasi;

- Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligi hamda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;

- ikki mamlakat energetika vazirliklari o‘rtasida energetika sohasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum;

- ikki davlat Adliya vazirliklari o‘rtasida sud-ekspertiza sohasida hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandum;

- ikki davlat mehnat vazirliklari o‘rtasida ijtimoiy-mehnat sohasida hamkorlik qilishga niyat qilish bo‘yicha memorandum;

- O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, xorijiy xususiy investitsiyalarni kiritishning asosiy shartlari bo‘yicha kelishuv;

- loyihalari birgalikda amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishning asosiy shartlari bo‘yicha memorandumlar imzolangan.

Shuningdek, Toshkent va Turkiston viloyatlari, Toshkent va Nur-Sulton shaharlari, Navoiy va Qizilo‘rda viloyatlari hokimliklari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xarita”lari qabul qilindi.

Tashrif davomida prezidentlar Nur-Sulton shahrida yangi qurilgan O‘zbekiston elchixonasi binosi ochilishida ham qatnashdi. Bir necha yil avval Toshkentda Qozog‘iston elchixonasi binosi ham yangidan qurilgan edi.

Foto: Oq o‘rda

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, Nur-Sultondagi Raqamli hukumat ofisiga tashrif buyurdi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan AKT vaziri Sherzod Shermatov tashrif doirasida Qozog‘istonning bir qator IT-kompaniyalari bilan O‘zbekistonda o‘z filiallarini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Umuman olganda, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikning ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilishi hamda iqtisodiy aloqalarni yanada oshirish masalasi keng jamoatchilik tomonidan ham iliq kutib olindi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, avvallari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda nosog‘lom raqobat, ishonchsizlik va sovuqlik ustuvor ko‘ringan. Lekin hozirgi kunda geosiyosiy vaziyat va siyosiy qarashlar o‘zgargan.

«...Kechagi safarga «davlat tashrifi» maqomi berildi. Bu bilan prezident saylovidan keyingi birinchi davlat tashrifi Qozog‘istonga to‘g‘ri keldi. Nur-Sulton shahrida O‘zbekistonning yangi elchixonasi ochildi. Bahaybat va juda chiroyli elchixona. O‘zbekistonning tashqi dunyodagi elchixonalari ichida eng kattasi, eng jozibalisi, Nur-Sultonda bo‘lsa kerak...

Asosiysi, ikki davlat «ittifoqchilik munosabatlari» to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan. Bu deklaratsiya, juda katta siyosiy-ramziy ahamiyatga ega. Bu deklaratsiya ikki davlatning o‘zaro koordinatsiyasi yuqori darajada bo‘lishi kerakligini anglatadi. Bu deklaratsiya, agarki real hayotda to‘laqonli ishlasa, Markaziy Osiyo mintaqasining geosiyosiy mustaqilligi uchun jiddiy siyosiy platforma bo‘lishi mumkin», deydi siyosatshunos.

Shuningdek, bloger va iqtisodchi Otabek Bakirov O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklikni ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘tarish imkoniyati mustaqillikning ilk yillaridayoq bo‘lgani, lekin bu imkoniyatdan bir avlod umri davomida foydalanilmagani haqida yozdi.

«O‘zbekistonliklar va o‘zbek biznesi Qozog‘istonda, qozog‘istonliklar va qozoq biznesi O‘zbekistonda o‘zini uyidagidek his etishi kerak bo‘lgan marraga yetib borishimiz zarur. Bu o‘zbek va qozoq xalqining kelajak avlod oldidagi burchi ham.

O‘zbekiston va Qozog‘iston integratsiyasining boshi bor, oxiri yo‘q. Madaniyatda, sportda, biznesda, iqtisodiyotda, ijtimoiy hayotda, huquqda, tashqi siyosatda biz bir-birimizni faqat to‘ldiramiz va yanada yaxshiroq qilamiz», deb yozgan bloger.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 1000dan ortiq, Qozog‘istonda o‘zbek kapitali asosida 1400dan ortiq korxonalar faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, hozirgi kunda Qozog‘iston O‘zbekistonning 179 davlat bilan tashqi savdo aloqalarida Xitoy va Rossiyadan so‘ng uchinchi o‘rinda turadi. 2021 yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekiston Qozog‘istondan – 2,2 mlrd dollarlik mahsulot va tovarlar import qilgan hamda 952,4 mln dollarlik eksport qilgan. Ikki davlat o‘rtasidagi asosiy tovar aylanmasida qurilish mahsulotlari, avtomobil sanoati, yengil sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari asosiy o‘rinni egallaydi.

Mavzuga oid
Top