11:01 / 07.12.2021
6855

O‘zbekiston aeroportlarida tuman tufayli bir qator xalqaro va ichki reyslar parvozi kechiktirildi

Bugun, 7 dekabr kuni ertalab Urganch va Andijon aeroportlarida tuman tushgani va ko‘rish masofasi yomonlashgani sababli bir nechta samolyotlar uchib keta olmadi hamda qo‘nishni amalga oshira olmadi.

Foto: Kun.uz

Kuchli tuman tufayli «Aeroflot» aviakompaniyasining SU-1976 reysi bo‘yicha bortida 131 nafar yo‘lovchi bo‘lgan va Moskvadan parvoz qilgan samolyot soat 06:40da Urganchga qo‘na olmadi va Nukusdagi zaxira aerodromga yo‘l oldi. 

Boshqa bir reys - Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY053 reysi Toshkentda Urganchga parvozni kutmoqda. Jadvalga ko‘ra, bort soat 08:20da Urganchga qo‘nishi kerak edi. Keyinchalik samolyot HY279 reysi bilan Istanbulga uchadi. 

“Biroq Urganch aeroportida hamon tuman kuzatilmoqda. Ko‘rish masofasi 200 metrdan 400 metrgacha yaxshilandi. Sinoptiklarning prognoziga ko‘ra, tuman soat 11:00 - 11:30 gacha tarqalishi kerak. Uchish uchun maqbul ko‘rish masofasi kamida 800 metrni tashkil qiladi”, deyiladi xabarda.

Tuman Toshkentdan Andijonga yo‘l olishi kerak bo‘lgan HY091 reysini ham kechiktirdi. Samolyot soat 08:30da parvoz qilishi kerak edi, ammo qabul qiluvchi aeroportdagi tuman tufayli u hamon Toshkentda turibdi. Dastlabki jo‘nash vaqti soat 12:00 ga belgilangan.

Mavzuga oid
Top