20:25 / 07.12.2021
14501

Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan 182 mahbusni afv etdi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi arafasida mahbuslarning bir guruhini afv etish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi.

«Xalqimizga xos kechirimlilik, bag‘rikenglik va olijanoblik tamoyillariga amal qilgan holda, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan shaxslarga nisbatan afv instituti muntazam qo‘llanmoqda. Shu boradagi ishlarimizning davomi sifatida Konstitutsiya kuni arafasida yana bir farmonga imzo chekdim. Unga ko‘ra, shu toifaga mansub 182 nafar shaxs muddatidan oldin ozod qilinib, erkin hayotga qaytarilmoqda», deyiladi prezidentning O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigida.

Shuningdek, bu yil 4 mingdan ortiq shaxs sud zalidan ozod qilinib, 8 mingga yaqin fuqaroga nisbatan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarilgani, 859 nafar shaxs oqlangani ma'lum qilingan.

«Bularning barchasi sud-tergov sohasidagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir», deydi davlat rahbari.

Hozirgi kunda koloniyalardagi mahkumlarning qariyb 80 foizi mehnatga jalb etilgan bo‘lsa-da, ularning ishlagan yillari umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblanmaydi va pensiya tayinlashda inobatga olinmaydi. 

«Ijtimoiy adolat tamoyiliga to‘g‘ri kelmaydigan bunday cheklovning bekor qilinishi mahkumlar tomonidan moliyaviy muhtojlik tufayli takroran jinoyat sodir etishning oldini olishga xizmat qilgan bo‘lur edi. Shuningdek, jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish uchun “dastlabki yordam paketi” tizimi joriy etiladi. Xususan, o‘zining aniq tadbirkorlik loyihasini taqdim etib, mustaqil faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan sobiq mahkumlarga Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamg‘armasidan 10 million so‘mgacha bir martalik moddiy yordam beriladi», deyiladi tabrikda.

Top