07:33 / 07.12.2021
78091
Surxondaryodagi savdo majmuasida portlash yuz berdi

Surxondaryodagi «Indenim» savdo majmuasida chaqnash sodir bo‘ldi. Hodisa vaqtida bino ichida bo‘lgan 9 kishi jarohat olgan, yana bir kishi vafot etgan. Voqea joyida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi Hukumat komissiyasi ish olib bormoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Surxondaryo viloyatidagi savdo majmuasida yuzaga kelgan chaqnash hodisasi bo‘yicha ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2021 yil 7 dekabr kuni soat 03:57da Denov shahri Mustaqillik ko‘chasida joylashgan ikki qavatli “Indenim” savdo majmuasi binosida chaqnash sodir bo‘lgan. Chaqnash natijasida savdo majmuasi binosi devorlari qulab tushgan. 

Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 04:02da voqea joyiga yetib borib, chaqnash natijasida sodir bo‘lgan yong‘inni soat 04:25da o‘chirgan.

Chaqnash natijasida 9 nafar fuqaro tan jarohati olgan bo‘lib, ular shahar shifoxonasiga yotqizilgan. 
  
Hodisa joyiga O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi Hukumat komissiyasi safarbar etilgan.
   
Hukumat komissiyasi tarkibiga IIV, FVV, Milliy Gvardiya, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa idoralar vakillari kiritilgan. 
   
Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda.

UPD: FVVning qo‘shimcha ma'lumot berishicha, yong‘in 28 daqiqa davomida o‘chirilgan. 30 daqiqa atrofida vayrona ostida olib borilgan qidiruv ishlarida bir nafar fuqaro halok bo‘lgani aniqlangan.

Top