18:20 / 08.12.2021
4972
DXX respublika bo‘ylab 24 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalarini musodara qildi

O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan jami 5 kg 450 gr «opiy», 19 kg 210 gr «gashish» hamda 2990 dona «Tramadol» giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda Farg‘ona shahrida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro boshqaruvidagi «Spark» rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv natijasida mashinaning salon qismida 4 kg 459 gr «opiy» va 2 kg 975 gr «gashish» giyohvand moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Tergovga qadar tekshiruv davomida u avvalroq jinoiy sherigiga 7 kg 969 gr «gashish» moddasi berganligi aniqlanib, ushbu narkotiklar ham tegishli tartibda olib qo‘yilgan.

Yana bir o‘tkazilgan tadbir natijasida esa 1973 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaroning Farg‘ona shahridagi yashash manzilida 1 kg 110 gr «gashish» hamda 991 gr «opiy» moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, tadbir davomida ulardan narkotik sotib olish uchun Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlaridan kelgan ikki xaridor ham qo‘lga olindi.

DXX Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari Xo‘jaobod tumanidagi «Do‘stlik» xalqaro nazorat o‘tkazish punktida o‘tkazgan tadbirda Andijon tumanida istiqomat qiluvchi, 1988 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning «Spark» avtomashinasida 6 kg 109 gr «gashish» moddasi borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yildi.

DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda Uchko‘prik tumanida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi avtotransport vositasi «Umakay» YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada avtomashinada xo‘jalik mollarini o‘lchashga mo‘ljallangan taroziga xufiyona joylashtirilgan 1 kg 47 gr «gashish» moddasi borligi aniqlandi. Shuningdek, unga ushbu giyohvandlik moddasini berib, ortidan kuzatib kelayotgan jinoiy sherigi, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1973 yilda tug‘ilgan, muqaddam «geroin» moddasi savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan fuqaro ham hibsga olindi.

DXX Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining Davlat bojxona qo‘mitasining hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida Ellikqal'a tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan fuqaroda 2990 dona «Tramadol» giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ma'lum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 5 kg 450 gr «opiy», 19 kg 210 gr «gashish» hamda 2990 dona «Tramadol» giyohvandlik vositalari musodara qilingan. Shuningdek, barcha holatlardagi giyohvandlik vositalari kelgusida sotish maqsadida qo‘shni davlatlardan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgani ta'kidlanadi.

Mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top